Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarix zarvaraqlari: Temurxon naslidan Kantemir...

Tarix zarvaraqlari: Temurxon naslidan Kantemir...

Tarix qatlarida bobongiz ismi

Kantemir bitilgan... demak – Xon Temir.

Ajnabiy atadi Sizni rus nasli,

To‘g‘ri! Ajdodingiz Temurbek erur!

...Bu o‘zbekning atoqli shoiri Azim Suyun she’ridan bir parcha...

1949 yili dunyo yuzini ko‘rgan qizg‘ish-sarg‘ish rangli, pishiq muqovali bir kitob, mana, ellik yildirki, kaminaning kitob javonida o‘zining doimiy «propiska» joyini egallab turadi. Bichimi katta, hajmi 1094 sahifali salmoqqa ega. Moskva-Leningrad Davlat badiiy adabiyot nashriyoti chop etgan. Kitobda ulug‘ rus adabiy tanqidchisi V.G.Belinskiyning tanlangan asarlari jamlangan. Uni allaqachondan buyon kamyoblar sirasiga kirgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Kitobning 776–785-sahifalarida «Kantemir» sarlavhali maqola joylashtirilgan. Unda shunday satrlarni o‘qiymiz: «Rus adabiyotini Lomonosovdan boshlaydilar – bu ayni haqiqat. ... rus adabiyoti tarixi esa Kantemirdan boshlanadi, deyishadiki, bu ham haqiqatdir» (776-bet).

– Rus tilida eski bir kitob borki, – davom etadi Belinskiy. – Uni 1783 yili Novikov nashr etgan. Nomi: «Moldaviyalik janob knyaz Konstantin Kantemirning hayoti va a’mollari tarixi. Sankt-Peterburg Fanlar akademiyasining marhum professori Beyer tarafindan yozilmish, rusiya tiliga tarjima, knyaz Kantemirlar xonadoni shajarasi haqidagi izohlar bilan» deb ataladi.

Vissarion Grigorevich Belinskiy maqolada: «Kantemirlar o‘z nasl-nasablarini qrim tatarlari bilan bog‘laydilar», – deydi va buning hech qanaqa tahqirli jihati yo‘qligini, tatarlarning shon-shavkatlari shub-hasizligini ta’kidlaydi (777-bet). So‘ngra quyidagi dalillarni keltiradi: «Kantemirlarning kelib chiqishi to‘ppa-to‘g‘ri Temurlangga bog‘lanadi... Ammo hajvchi (Antiox) Kantemirning shajarasi Temurlangga bog‘lanadimi, Odam Atogami – rus adabiyoti uchun baribir. Uning moldaviyalik janob Dmitriy Kantemirning o‘g‘li ekani, bu janob buyuk Pyotrning zamonidan, xususan, Prutda sulh bilan tugallangan rus-turk urushi tarixidan ma’lumu mashhur ekanini bilish rus adabiyoti uchun kifoyadir».

«Knyaz Dmitriy alloma odam edi: u tarix ilmi bilan astoydil shug‘ullangan, falsafa va riyoziyotda ham peshqadam bo‘lgan, me’moriy ilmlarni yaxshi bilgan, Berlin akademiyasining a’zosi bo‘lgan. Turk, fors, yunon, lotin, italyan, rus, moldavan tillarida erkin so‘zlashardi, fransuz tilini rosa egallagan edi. Undan lotin, yunon, moldavan va rus tillarida bir necha asar meros qolgan. U yozgan «Muhammad qonunlari» kitobi buyuk Pyotrning buyrug‘iga binoan 1722 yili chop etilgan. Filhaqiqat, bundayin otaning bolalari ham bilimdon va olim insonlar bo‘lib yetishgan» (iqtibos Tohir Qahhorning «Insonni ma’rifat tarbiyalaydi» maqolasidan olindi). «Fitna san’ati» 2-kitobi. «Fan» nashriyoti. Toshkent. 1993 yil, 70–73-betlar).

Internetdan olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, Moldaviya gospodarlari (hokimlari) sulolasi vakili bo‘lgan Kantemirlarning qadimiy ajdodlari musulmon bo‘lishgan. Qandaydir sabablarga ko‘ra, 1540 yilda ularning bobosi nasroniylikni qabul qilgan va Moldaviyaga ko‘chib o‘tgan.

Kantemirlar xuddi shu holatni doimo qattiq sir tutib kelganlariga olimlar tomonidan e’tibor qaratiladi. Dmitriy Kantemir buning ustiga nasroniylar orasida o‘zining go‘yo bir necha avlodi yashab o‘tganligini ko‘rsatish uchun shajara ham tuzib qo‘ygan ekan.

– Ulug‘ Pyotr atrofidagilar buni bilishgan, – deya ta’kidlaydi bu haqda tadqiqotchilar – ammo Kantemir oilasining nasroniylik ildizini podshoh rasman tan olgan va bu narsa muhokama qilinmagan...

Tarixda keltirilishicha, Kantemirlar sulolasi bobosining ismi «arslon o‘g‘li» deya tarjima qilingan. Bobo jamiyatda qudratli shaxs bo‘lgan: chunonchi u Qrim xoniga tobe bo‘lishni emas, balki Istambul qaramligini o‘ziga ma’qul ko‘radi va yuqori Dneprdan to Dunaygacha bo‘lgan yerlarda hukm yuritadigan Silistra viloyati gubernatorligini oladi.

Aytadilarki, shundan so‘nggi 40 yil mobaynida Qrimda qilinadigan birorta yumush Arslono‘g‘lining, (ya’ni Kantemirlar bobosining – muallif) ishtirokisiz bo‘lmagan. Ammo 1637 yilda Turkiya sultoni uni Istambulga chaqirib oladi va bo‘g‘ib o‘ldirtiradi. Kantemir Arslon o‘g‘lining o‘lim bilan jazolanishiga olib kelgan sababni uning kenja o‘g‘li mastlik holatida bir faqir musulmon kishi hayotiga zomin bo‘lganligidan izlaydilar.

Nima bo‘lganda ham, ana shu voqea sabab, Kantemirlar oilasida usmoniylar imperiyasiga nisbatan salbiy munosabat shakllanishi boshlangan.

Sulolaning eng mashhuri Dmitriy Kantemir 1673 yili Moldaviya gospodari Konstantin Kantemir oilasida tug‘iladi. Konstantin Kantemir o‘z jangchilari bilan sulton oilasini muqarrar halokatdan saqlab qolgan va minnatdorchilik ramzi sifatida unga Moldaviya taxti topshirilgan edi.

Dmitriy otaning sultonga itoatkorligini ta’minlash uchun garov sifatida yuborilib, 15 yoshidan Istambulda yashaydi. Bu yerda u As’ad Efendi, Sa’d Efendi kabi ustozlardan ta’lim olib, favqulodda qobiliyatini namoyon etadi, turli fanlarni ishtiyoq bilan egallaydi, harbiy ishlarda o‘zini ko‘rsatadi, sultonning nazariga tushadi. Yoshlik chog‘laridan tarix, falsafa, matematika fanlarini, o‘nga yaqin chet tillar, jumladan, fors va turk tillarini bilish-o‘rganish tufayli Turkiyada va Yevropada eng ma’lumotli kishi darajasiga chiqadi.

Dmitriy Kantemir ko‘plab musiqa asboblarini qiyomiga yetkazib chala olgan, bastakorlik ham qilgan. U yaratgan «Boyazid marshi» musiqasi ancha yillar davomida turk davlatining milliy madhiyasi sifatida ijro etilgan. Kantemir tomonidan yozib olingan va qayta ishlangan turk navolari keyinchalik ulug‘ kompozitor Motsart tomonidan «Saroydagi o‘g‘rilik» operasini yaratishda foydalanilgan. U usmonlilar imperiyasi va umuman monarxiyalarning qismati haqida yozilgan bir nechta kitoblar muallifi.

Teran tafakkur sohibi Dmitriy Kantemir Bolqon yarim oroli va unda yashovchi xalqlar tarixini mukammal o‘rganib, usmonlilar imperiyasining halokati yaqinligini va bunda Rossiyaning rolini tushunib yetadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Moldaviya ozodligini o‘ylab rus diplomatlari bilan yaqinlashadi va to umrining oxirigacha Rossiya bilan birga bo‘lish ahdida sobit turadi.

1710 yili otasi vafot etganida sulton uni Moldaviya gospodari etib tayinlagan va Dmitriy Kantemir sulton xizmatida bo‘lgani holda Rossiya bilan tuzilgan yashirin shartnoma asosida ish olib borgan...

Tez orada Turkiya bilan boshlangan urush Rossiya va Moldaviyaning omadsizlikka uchrashi bilan yakun topadi. Natijada Dmitriy Kantemir xotini, qizi hamda to‘rt o‘g‘lini olib, Moldaviyaning yuzlab boyonlari va to‘rt ming askar hamrohligida rus yeriga ko‘chib o‘tadi.

Podshoh Pyotr Dmitriy Kantemirga barcha sharoitlarni yaratib bergan, uni Sharq masalalari bo‘yicha o‘zining maslahatchisi qilib olgan. Pyotr Moldaviyaning sobiq gospodari salohiyati va bilimini qadrlagani tufayli Kantemir Yevropada ham shuhrat qozongan. Deydilarki, hatto Volter uni tan olib, asarlaridan foydalangan.

Rossiyada bir necha asarlar chop ettirgan Dmitriy Kantemir ikki mamlakat – Moldaviya va Rossiyaning shon-shuhratini oshirgan olim va siyosatchi sifatida tarixda qoldi. Hozirgi kunda Moskva shahrida Kantemir ko‘chasi va metro bekati bor. Ikkinchi Jahon urushi yillarida mashhur bo‘lgan gvardiyachi Kantemir diviziyasi hozirgacha Rossiya armiyasida mavjud va hokazo.

Kantemirlarning Pushkin va Tolstoy bilan qarindoshchiligi ham aniqlab chiqilgan, ya’ni Dmitriy Kantemir Pyotr tomoniga o‘tib ketgan paytida uning akasi Antiox ixtiyorsiz Istambulda qoladi. Antiox Dmitriy Kantemirga jiyan hisoblangan Moldaviya gospodari Dukining qiziga uylanadi va undan Konstantin degan o‘g‘il ko‘radi. Xuddi shu Konstantin vaqti kelib Kiyev shahrida Natalya Golovina degan ayol bilan ikkinchi nikohdan o‘tgan. Qarangki, Natalya Golovinaning opalaridan biri Pushkinga va boshqasi Tolstoyga momo bo‘lgan ekanlar.

Yana bir tarixiy ma’lumotga ko‘ra, Rossiya podshosi Pyotr kantemirlar oilasi vakili bo‘lgan sohibjamol Mariyaga uylanmoq taraddudida edi. Ammo bundan norozi bo‘lgan podshoh xotini Yekaterina bo‘yida bor Mariyaning homilasini tushirish hiyla-chorasini qiladi! Kim bilsin, mana shu mash’um reja amalga oshirilmay qolganda tarix yo‘nalishi qay taraflarga burilgan bo‘lardi!..

Turkiy gagauz xalqi farzandi, taniqli moldavan yozuvchisi, tadqiqotchi olim, diplomat, siyosatchi Fyodor Angeli 2010 yilda o‘zining «Kantemirlar davri va unga yangicha nazar: 16-asr oxiri va 17-asrning birinchi yarmi» degan kitobini jamoatchilik hukmiga havola qildi.

Ushbu kitobning bizga qiziqarli bo‘lgan jihatlaridan biriga e’tibor qaratamiz, ya’ni kantemirlar o‘zlarini Amir Temur naslidan hisoblagani, butun avlodi bundan faxrlanib yurgani Rossiya-Moldaviya tarixida aks etishi va, umuman, asrlar davomida bu ikki mamlakat xalqining siyosiy-ijtimoiy-ma’naviy ongida mustahkam o‘rnashgani bugungi kunda hech kimga sir emas.

Fyodor Angelining asarida esa yuqoridagi konsepsiya o‘zining tarixiy isbotini topmaganligi ta’kidlangan. «Temur – O‘rta osiyolik, kantemirlar esa – Itil bo‘ylaridan» deyiladi unda va davomida shunday yozilgan. –«Kantemirlarning ildizi Oltin O‘rdani 20 yildan ziyodroq boshqargan amir Yedigeyga (Idiku – muallif) borib taqaladi».

Bu fikr hozirgi kunda faollashib turibdi va o‘rni kelgani uchun biz ham ulug‘ rus adabiy tanqidchisi V.G.Belinskiyning siz yuqorida o‘qigan so‘zlariga hamohang holatda shuni ta’kidlamoqchimiz:

– Kantemirning shajarasi Amir Temurga bog‘lanadimi, amir Yedigeygami – biz uchun baribir. Barcha janob kantemirlar Amir Temur nomini o‘zlariga bekorga bayroq qilmaganliklari, musulmonmi yoki nasroniymii, qaysi e’tiqodda bo‘lishlaridan qat’i nazar, yetti iqlim hukmdori bo‘lgan nazarkarda sohibqiron bobomizning sharofati bilan jahoniy ulug‘lik sifat kasb etganliklarini bilish bizga kifoyadir.

Abdulla Xolmirzayev

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring