Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mukofot jamg‘armasi 50 million so‘mdan ziyod Blogerlar chempionatiga start berilmoqda

Mukofot jamg‘armasi 50 million so‘mdan ziyod Blogerlar chempionatiga start berilmoqda

Foto: «News.pressfeed.ru»

Tez kunlarda O‘zbekiston blogerlari chempionatiga start beriladi. Chempionat «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali hamda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Tanlovga homiylik qilayotgan yana bir nodavlat notijorat tashkilot nomi hozircha sir. Uning kimligini g‘oliblarni taqdirlash marosimida bilib olasiz!

O‘zbek tilida blog yurituvchi blogerlarni rag‘batlantirish, blogerlar tomonidan yozilgan fikrlarini keng jamoatchilikka yetkazishda ko‘maklashish, jamiyatdagi turli muammolarni muhokama qilish va bu orqali jamoatchilik fikrini shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji va nufuzini yuksaltirish, tashkilotlar hamda blogerlar o‘rtasida uzviy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek blogerlari o‘rtasida ijodiy va do‘stona muhitni shakllantirish, internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi foydali resurslarni boyitish maqsadida tashkil etilayotgan tanlovning mukofot jamg‘armasi 50 million so‘mdan oshadi.

Blogerlar chempionatining shartlari va qoidalari, unda kimlar qatnashishi mumkinligi, bosqichlari, blogpostlarni baholash mezonlari haqida tez orada ma’lum qilamiz. Hozircha changib qolgan bloglaringizni tartibga keltirib, musobaqaga shaylanavering! Bu galgi chempionat avvalgilaridan mutlaqo boshqacha ruhda o‘tishi uchun qo‘ldan kelgan hamma ishni qilayapmiz. Avvalgilaridan farqli ravishda mazkur chempionatda g‘olib va sovrindor bo‘lish imkoniyati ancha yuqori.

Darvoqe, mukofot jamg‘armasi haqida.  Tanlov g‘oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanishadi:

1-o‘rin (1 ta): 15 million so‘m.

2-o‘rin (2 ta): har biriga 8 million so‘mdan.

3-o‘rin (3 ta): har biriga 5 million so‘mdan.

Bundan tashqari, o‘ndan ziyod nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi. Nominatsiyalar g‘oliblari homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, chempionatning bosh homiysi O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi «Tanlov kashfiyoti bo‘lgan bloger»ni alohida taqdirlaydi.

Uch bosqichda o‘tkaziladigan tanlovga tez kunda start beriladi. Chempionat ham, uni baholash ham onlayn shaklda, mutlaqo oshkora va shaffof bo‘ladi. Ayni paytda Blogerlar chempionati uchun maxsus platforma tayyorlanmoqda. Chempionat startigacha u 100 foiz shay holatda bo‘ladi.

Xullas, oldinda bizni o‘ta qizg‘in o‘tishi kutilayotgan tanlov kutib turibdi. Siz ham Blogerlar chempionatida ishtirok etib, g‘olib bo‘lishingiz mumkin. Shunday ekan, o‘z iqtidoringiz va omadingizni sinab ko‘rishdan tortinmang! Dadilroq bo‘ling!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring