Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiy ko‘rikdan nega o‘tmaysiz?

Tibbiy ko‘rikdan nega o‘tmaysiz?

Tibbiy ko‘rik.

Foto: «Triotree.com»

Kimgadir bildirgan tilagimizda, albatta, «sog‘liq» so‘zi bo‘ladi. Sababi, baxt ham, omad ham mana shu sog‘liq ortidan ergashadi. Biroq har doim ham ko‘pchiligimiz sog‘lig‘imizga e’tibor qaratavermaymiz. To‘g‘rirog‘i, loqaydlik qilamiz. Pichoq borib suyakka qadalgandagina shifokor tomon shoshamiz. Aslida esa, kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul, shunday emasmi?

«Bloomberg» global sog‘liqni saqlash indeksining xabar qilishicha, dunyodagi eng sog‘lom insonlar istiqomat qiluvchi mamlakatlar Italiya, Islandiya, Shveysariya, Singapur va Avstraliya ekan. Qiziq, Italiya davlatining reytingda yetakchilik qilishiga sabab nima? Bunga Italiyada shifokorlarning ko‘pligi va eng muhimi, aholining o‘z sog‘lig‘iga juda e’tiborli ekani sabab qilib ko‘rsatiladi.

Bizda esa bu holat biroz boshqacharoq. Hech qayerimiz og‘rimayaptimi, demak, shifokorga murojaat qilishga hojat yo‘q. Vaholanki, yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash uchun jadal ishlar olib borilmoqda, davlat tomonidan aholi salomatligiga g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Biz esa shikoyatnoma to‘ldirishdan nariga o‘tmaymiz. Davlat tomonidan bir yilda bir marta belgilangan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tmaymiz-u, nega bu shifokor meni yaxshi tekshirmayapti, deb ayyuhannos solamiz. Bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tmaymiz, ammo xususiy shifoxonalarga millionlab pul sarf etamiz.

Albatta, bunga qandaydir sabab bo‘lishi kerak. Shu bois, bu borada yurtdoshlarmizning fikri bilan qiziqdik va ko‘pchilikdan asosan quyidagi javoblarni eshitdik. So‘rov ishtirokchilarining ko‘pchiligi bunga erinchoqliklari sabab ekanligini, boshqalari oilaviy poliklinikalardagi tibbiy tekshiruvlarga ishonchlari yo‘qligini ta’kidlashdi. Ayrimlari esa, sog‘liqlari yomonlashgandagina oilaviy poliklinikalardagi tibbiy tekshiruvdan o‘tishlarini aytishdi.

Bir yilda bir marta tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun qancha vaqt sarf etiladi? Oilaviy poliklinikalardagi navbatlarni hisobga olsak, ko‘pi bilan 3-4 soat. Vaqtim yo‘q, deb bahona qiladigan bo‘lsak, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun har bir fuqaroga ma’lum vaqt beriladi. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlaylik. Har kuni 2 ta shifokor qabulidan o‘tsak ham, bir haftada sog‘lom ekanligimiz haqidagi kafolat qo‘limizga tegadi. Biz ham xotirjam, har bir fuqaroning sog‘lig‘i uchun javobgar bo‘lgan shifokorlar ham xotirjam. Bu birinchi masala.

Ikkinchidan, xalqimizda: «Avval o‘zingga boq», degan naql bor. O‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tsag-u, shifokor bizning sog‘lig‘imizga loqaydlik qilsa, ana undan keyin bemalol shikoyat dasturxonimizni ochsak, o‘rinli bo‘ladi.

Keling endi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishning muhim jihatlariga e’tibor qaratamiz. Vaqtida o‘tilgan tibbiy ko‘rik natijasida biror kasallik aniqlansa, uni davolash osonroq bo‘ladi. Bu bilan biz nafaqat vaqt va pulni tejaymiz, balki o‘z umrimizni ham uzaytiramiz.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishni tavsiya qiladi. Sababi, dastlabki bosqichda aniqlangan kasalliklarning 80 foizini tezroq va samaraliroq davolash mumkin ekan.

Shu o‘rinda bir ma’lumot. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 2016 yilning 9 oyi mobaynida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lganlar soni 21 mln. 657 ming 411 nafar bo‘lib, 7 mln. 948 ming 151 nafari 1-18 yoshli bolalardan, 13 mln. 709 ming 260 nafari 18 yosh va undan kattalardan iborat. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlar esa jami 20 mln. 325 ming 986 nafarni (93,9 foiz), ulardan 1-18 yoshli bolalar 7 mln. 641 ming 417 nafarni (96,1 foiz), 18 yosh va undan kattalar 12 mln. 684 ming 569 nafarni (92,5 foiz) tashkil etgan.

Natijani yaxshi emas, hatto a’lo desa bo‘ladi. Biroq bu natijani yanada oshirish o‘z qo‘limizda emasmi? Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar. Shunday ekan, sog‘limizga bo‘lgan e’tiborni oshiraylik. Zero, qanchalik sog‘lom bo‘lsak, biz yashayotgan muhit ham shunchalik sog‘lom bo‘ladi.

Aholining tibbiy ko‘rikka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash esa, oilaviy poliklinikalardagi tibbiyot xodimlarining mas’uliyatiga ham bog‘liq. Davlat rahbariyati tomonidan ular doim tekshiruvda, ammo sutkasiga 24 soat ularning vijdonlarini kuzatishning imkoni yo‘q, afsuski. Shu bois, oilaviy poliklinika xodimlari ham har bir bemorga o‘z oila a’zolaridek e’tibor qaratishsa, bir yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tuvchilar soni yanada oshishishi, shubhasiz.

Nigina Hakimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring