Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda “Rosatom” xalqaro olimpiadasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “Rosatom” xalqaro olimpiadasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi

“MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filialida fizika va matematika bo‘yicha “Rosatom” xalqaro olimpiadasining final bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Finalga O‘zbekistonning turli hududlari va yaqin xorijdan 34 nafar o‘quvchi yo‘llanma oldi. Saralash bosqichlari an’anaviy va masofaviy shaklda o‘tkazildi.

Imtihon davomida ishtirok etgan onalardan biri Aygerim Qosimovaning ta’kidlashicha, olimpiadalarda ishtirok etish ular uchun odatiy holatga aylangan bo‘lsa-da, ushbu musobaqa yechimlar ko‘pligi va mantiqiy yondashuv talab qilishi bilan ajralib turdi.

8-sinf o‘quvchisi Arslon Qosimov esa fizika bo‘yicha mazkur olimpiadada ilk bor qatnashganini, topshiriqlar formati unga tanlov jarayoniga yangi nigoh bilan qarash imkonini berganini aytdi:  

“Tashkilot jarayoni menga yoqdi. Boshqa davlatlarda ham olimpiadalarda qatnashganman, ammo bu yerda muhit ancha qulay ekan. Fizika menga kelajakda oliy o‘quv yurtiga kirishim uchun kerak. Aerokosmik sohada ishlashni istayman. Olimpiadada qatnashish borasida ikkilanib turganlarga esa maslahatim: qatnashing va tayyorlaning, chunki sizning tayyorlanishingiz uchun o‘tgan yillardagi topshiriqlarni bemalol ochiq manbalardan topish imkoniyati mavdud”.

Andijon shahridagi 1-sonli maxsus maktabning 8-sinf o‘quvchisi Timur Shokirjonov uchun ushbu olimpiadada ishtirok etish avval to‘plangan tajribaning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘tgan yili u finalgacha yetib borib, sovrinli o‘rinni egallagan edi. Bu safar esa u o‘z kuchini yana bir bor sinab ko‘rish va murakkab masalalarni yechish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaror qildi. Uning aytishicha, ba’zan qiyinchilik fizikaning o‘zida emas, balki masalalarning ifodalanish tilida bo‘ladi. Shu bois tayyorgarlik jarayonida o‘tgan yillar topshiriqlari va video sharhlar katta yordam beradi.

Suhbatlar davomida fizika va matematikaga qiziqishni shakllantirishda o‘qituvchilarning o‘rni alohida ekani bir necha bor ta’kidlandi. MMFI MTYaU Toshkent filiali dekani Nasiba Nurjanovaning ta’kidlashicha, maktab o‘quvchilari, ayniqsa o‘zlari qiziqqan fan o‘qituvchilarining fikrini juda yuqori baholaydi. Ayrim hollarda bu fikr hatto ota-onalar qarashidan ham ta’sirliroq bo‘lishi mumkin. 

Toshkent shahridagi MMFI MTYaU filiali direktor vazifasini bajaruvchi Yuriy Maslovning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlar abituriyentlarni keng qamrab olish maqsadida muntazam ravishda tashkil etiladi: “Biz shunday tadbirlar doirasida maktab o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari uchun ekskursiyalar o‘tkazamiz. Yaqin vaqt ichida maktab va litsey bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun yana bir xalqaro muhandislik-fizika olimpiadasini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Ushbu olimpiadaning o‘ziga xos jihati shundaki, g‘olib va sovrindorlar joriy yilgi qabul jarayonida filialimizga o‘qishga kirishda to‘plagan ballari hisobga olinadi. O‘tgan yili bunday olimpiadada qariyb 1000 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Barcha maktab o‘quvchilarini olimpiadada qatnashishga taklif etamiz. ”, — dedi Yuriy Maslov.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, “Rosatom” xalqaro olimpiadasi 2025-2026-o‘quv yili uchun maktab o‘quvchilari olimpiadalarining rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan. Fizika bo‘yicha u I darajaga, matematika bo‘yicha esa II darajaga ega. Bu esa g‘olib va sovrindorlarga ixtisoslik bo‘yicha oliygohlarga o‘qishga kirishda katta imtiyozlar beradi. Ular o‘z yutuqlaridan bir necha yil davomida foydalanishi mumkin.

O‘tgan yili MMFI MTYaUga qabul qilingan abituriyentlarning qariyb uchdan bir qismi olimpiadalar natijalari asosida o‘qishga kirgan. Bu esa maktab o‘quvchilarining intellektual musobaqalarda ishtirok etishi nafaqat nufuzli, balki amaliy jihatdan ham muhim qadam ekanini ko‘rsatadi.

Bu yilgi fizika va matematika bo‘yicha olimpiada finali natijalari 2026-yil aprel oyida e’lon qilinadi.

Zarifa Tojiyeva, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring