Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi o‘tkazildi

Toshkentda O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi o‘tkazildi

Foto:Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

2018-yilning 24-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida «O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi – 2018»  respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston tarjimashunoslari anjumani an’anaviy tarzda 8 yildan beri o‘tkazilayotgan bo‘lib, tarjimashunoslik ilmi bilan shug‘ullanuvchi olimlar, mutaxassislar va yosh tadqiqotchilarning muloqot maydoniga aylanib ulgurgan. Bu yilgi forumda ham tarjimashunoslikning dolzarb masalalari yuzasidan tadqiqot olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari va tadqiqotchilar, magistrant hamda iqtidorli talabalar ishtirok etishdi.

Institut matbuot xizmatining xabar berishicha, forumning yalpi majlisini TDShI rektori, Abdurahim Mannonov kirish so‘zi bilan ochib berdi va bugungi kunda O‘zbekistonda tarjimashunoslikning rivojlanish holati, muammolari va istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, zamon talablaridan kelib chiqqan holda yuqori darajadagi uchrashuvlar, forum va xalqaro tadbirlarda ishtirok eta oladigan sinxron tarjimonlarni yetishtirish masalasi dolzarbligini, bu yo‘nalishda ham xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

Foto:Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

Plenar sessiyada shuningdek O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, «Jahon»  jurnalining bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Samarqand davlat chet tillari instituti professori Muhammadjon Xolbekov, tarjimashunos olim Zuhriddin Isomiddinov, TDShI dotsenti Gulchexra Rixsiyeva, TDShI professori Adhambek Alimbekov, Hindistonlik mutaxassis Asha Nair ham ma’ruza qilib, tarjimashunoslikning dolzarb masalalari haqidagi fikr va mulohazalari bilan bo‘lishishdi.

Yalpi majlisning ikkinchi qismida TDShI Tarjimashunoslik kafedrasi mudiri Xayrulla Hamidovning «Chingiz Aytmatov – klassik sovremennosti»  nomli risolasi hamda Tarjimashunoslik kafedrasi dotsenti Adhambek Alimbekovning «Chingiz Aytmatov – bovurimiz»  nomli risolasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini sho‘balarda davom ettirdi va konferensiya yakuniga ko‘ra ilmiy-amaliy takliflar, xulosalar ishlab chiqildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring