Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tuxum revolyutsiyasi». Eronda nimalar ro‘y beryapti?

«Tuxum revolyutsiyasi». Eronda nimalar ro‘y beryapti?

Foto: «Newsland.com»

Olti kundan beri Eronda davom etayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari natijasida rasmiy ma’lumotlarga qaraganda 20 kishi halok bo‘ldi, ular orasida politsiyachilar ham bor.

Oyatulloh vaziyatga izoh berdi

Eron Islom Respublikasining oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy namoyishlar boshlanganidan buyon birinchi marta vaziyatga izoh berdi.

«Oxirgi kunlarda Eron dushmanlari Islom Respublikasida muammo yuzaga keltirish uchun har xil vositalardan, jumladan pul, qurol, siyosat va josuslikdan foydalanishdi», — dedi Xomanaiy.

Namoyishlar hali beri to‘xtaydiganga o‘xshamaydi

Olti kunlik ommaviy namoyishlardan so‘ng ham aholi hali beri uy-uyiga tarqaladiganga o‘xshamaydi. Bu harakat hukumatning qat’iy choralariga qaramay, susaymayapti.

Bunday ommaviy namoyishlar 2009-yili ham kuzatilgan edi: o‘shanda odamlar saylovlardagi soxtaliklardan norozilik bildirib ko‘chaga chiqishgandi. Biroq bugun, oradan sakkiz yil o‘tib, odamlar boshqa sabablar tufayli namoyishga chiqishgan, uning ko‘lami ham, maqsadlari ham o‘zgacha.

Hududlardagi namoyishlar

2009-yili norozilik harakatlari asosan yirik shaharlar: Tehron, Tabriz va Isfahonda sodir bo‘lgan edi.

Dekabr oxirlarida boshlangan norozilik namoyishlari esa butun mamlakatni qamrab oldi. Birinchi bo‘lib ko‘chaga Mashhad (Eronning shimoli-sharqidagi aholisi 3 mln.ga yaqin shahar) aholisi chiqdi. Keyin namoyishlar butun mamlakatga tarqaldi. Odamlar katta shaharlarda ham, kichik shaharlarda ham ko‘chaga chiqishdi. Hatto ayrim shaharchalarni eronliklar ham xaritadan topib bera olishmaydi, ammo aynan shunday katta bo‘lmagan ma’muriy markazlarda norozilik harakatlari oqibatlari jiddiy tus oldi.

Agar 2009 yilda siyosiy talab ilgari surilib, hukumatni iste’fo berishi talab qilinmagan bo‘lsa, hozir vaziyat butunlay o‘zgacha. Noroziliklarning sababi sifatida jiddiy iqtisodiy muammolar ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, jamiyatda korrupsiya natijasida yuzaga kelgan tabaqalanish ham xalqning Eron hukumatida o‘zgarishlar bo‘lishini talab qilishiga sabab bo‘lyapti.

Ishsizlik va korrupsiya

Obama prezidentligida AQSh sanksiyalarining bekor qilinishi mamlakatga ancha yengil nafas olishiga imkon yaratdi. Biroq iqtisodiy o‘zgarishlar birinchi navbatda neft-gaz sektoriga ta’sir qildi. Mamlakatda ishsizlik 12 foizdan oshadi, yoshlar o‘rtasida bu ko‘rsatkich bundan ikki barobar yuqori.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning islohotlari inflyasiyaning pasayishiga yordam berdi, ammo ayrim mahsulotlar narxi ko‘tarildi. Jumladan, tuxumlar narxi ikki barobarga oshdi.

Mashhadda so‘zga chiqqan namoyishchilardan biri ishsizlikka urg‘u bergan: «Ishsiz va pulsiz hayotdan charchadik», —  degan u ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan videoda.

Ommaviy norozilik namoyishlarining yangi to‘lqini faqat ishsizlik bilan bog‘liq emas. Korrupsiyada ayblov, davlat budjetini talon-taroj qilish, harbiylarning iqtisodiy masalalarda qatnashishi kabi masalalar ham sabab sifatida ko‘rsatilyapti. Bugun ko‘chalarda ancha jiddiy siyosiy chaqiriqlar yangrayapti.

Yoshlar va kambag‘al-shaharlar e’tirozi

Ommaviy namoyishlar avjiga chiqqan shaharlarning ko‘pchiligi Eronning eng kambag‘al shaharlari hisoblanadi.

Tehron vitse-gubernatori so‘zlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab bir necha kunlik namoyishlarda 450 kishi hibsga olingan. Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari ma’lum qilishicha, qo‘lga olinganlarning 90 foizi 25 yoshdan oshmaydi.

Internet va «Telegram»

Namoyishlarning yangi to‘lqini ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida kuchaydi. Eronda, ayniqsa, «Telegram» tarmog‘idan ommaviy foydalaniladi. Biroq 31 dekabr kuni hukumat «Telegram» va «Instagram»ni qulflab qo‘ydi. Bu haqida «Telegram» asoschisi Pavel Durov ham ma’lum qildi.

Internetga kirish ham kuniga bir necha bor yopib qo‘yilyapti. Shu sabab bugungi namoyishlarda tashkilotchilar keyingi to‘planish joylari haqida varaqalar tarqata boshlashgan.

Namoyish sabablarining o‘zgacha talqini

Ayrim siyosiy sharhlovchilar Eronda bo‘layotgan ommaviy namoyishlarni faqat iqtisodiy sabablarga bog‘lashmayapti. Buning ortida tashqi siyosiy kuchlarning ta’siri yotgani ham bayon qilinmoqda. Ayniqsa, AQSh prezidenti Donald Trampning bayonoti bunday talqin tarafdorlari sonini ancha oshirib yubordi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring