Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda Shavkat Mirziyoyev haqida kitob nashr etildi

Xitoyda Shavkat Mirziyoyev haqida kitob nashr etildi

Foto: «Dunyo» axborot agentligi

Pekindagi Xitoy xalqaro muammolar akademiyasida «Prezident Shavkat Mirziyoyev - O‘zbekistondagi islohotlar davrining me’mori» nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar XXR Tashqi ishlar vazirligining Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi muvofiqlashtiruvi ostida «Xalqaro hayot» nashriyoti tomonidan chop etildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Asarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi va kelajagi yuzasidan strategik qarashlari, davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo mintaqasi, ShHT va Yevroosiyo hududida xavfsizlik va taraqqiyot ta’minlanishida tutayotgan faol o‘rni o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston taraqqiyotining o‘suvchanligi, mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida tarixan qisqa davrda amalga oshirilgan izchil o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar xitoylik kitobxonlarning e’tiboriga havola qilingan. Unda, shuningdek, mualliflarning O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha konseptual g‘oyalari ham aks etgan.

Kitob mualliflari orasida Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli tahliliy-ilmiy markazlari rahbarlari hamda ekspertlari, jumladan, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligining Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi va boshqa qator tashkilotlarning yetakchi tahlilchilari mavjud.

Taqdimot marosimida Xitoyning rasmiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-akademik doiralari, yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari va diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdilar.

Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi prezidenti Si Chjenxun marosimni ochar ekan, O‘zbekiston yetakchisi mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishidagi asosiy vazifalarni belgilab bergani va ular 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi keng ko‘lamli islohotlar dasturining asosini tashkil etishini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda ro‘y berayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar sababi «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun», «Odamlar ertagaemas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi» singari haqiqatga sodiqlik bilan izohlanadi, – dedi u. - Bunday tamoyillar davlat va jamiyatni tizimli isloh qilish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi olib borayotgan ichki siyosatning asosini tashkil etadi.

– «Prezident Shavkat Mirziyoyev – O‘zbekistondagi islohotlar davrining me’mori» kitobining bugungi taqdimotida katnashganimdan benihoya xursandman, – dediXitoy hukumati Maxsus vakili Li Xuey. – O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda olib borilayogan pragmatik siyosat tufayli ko‘pgina sohalarda katta natijalarga erishildi. Davlat rahbari O‘zbekiston rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida taraqqiyotning strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi. Mamlakatda chet el sarmoyadorlari uchun juda qulay sharoitlar yaratilgani ham barchaning e’tiborini tortmoqda. Men yaqinda O‘zbekistonga safar qilib, mamlakat qisqa muddatda juda katta ijobiy o‘zgarishlarga erishganiga guvoh bo‘lib qaytdim. Shu o‘rinda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ta’minlangani, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida strategik sheriklik izchil rivoj topayotganini alohida ta’kidlashni istar edim.

Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining Yevroosiyo masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Li Xuey o‘z chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyev uzoq istiqbol ko‘zlangan puxta strategiyani ishlab chiqqani xususida to‘xtalar ekan, islohotlar O‘zbekistonni taraqqiyot va farovonlik sari dadil yetaklab borayotganini ta’kidladi. U qisqa davr oralig‘ida O‘zbekiston ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgani, mamlakatimizda izchil ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, shu bois Markaziy Osiyoda va umuman jahonda O‘zbekistonning obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotganini e’tirof etdi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining birinchi bosh kotibi, XXR tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Chjan Deguan keyingi yillar davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz jadal rivojlanayotgani xususida to‘xtalib, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot vositasida inson manfaatlarini ta’minlash borasida izchil va diqqatga molik o‘zgarishlarga erishilayotganini aytdi. Shu o‘rinda xitoylik siyosatchi «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil O‘zbekistondagi o‘zgarishlar asosini tashkil etishini qayd etdi.

Xitoy tijorat vazirligi Yevroosiyo departamenti direktorining o‘rinbosari Lyu Syuesun mamlakatimizda islohotlar berayotgan salmoqli samaralar haqida atroflicha to‘xtaldi. U O‘zbekistonning o‘rni xalqaro reytinglarda tobora yuqorilab borayotgani hamda mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar iqtisodiy muhit va sarmoyaviy iqlimning tobora jozibali bo‘lishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov Xitoyda «Prezident Shavkat Mirziyoyev – O‘zbekistondagi islohotlar davrining me’mori» kitobi chop etilishidagi tashabbusi uchun Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi va uning Yevroosiyo instituti, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Sharqiy Yevropa va Osiyo instituti, XXR Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish institutining Taraqqiyot tadqiqotlari markazi va Xitoy Xalq universiteti jamoalariga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Dipmissiyamiz rahbari mamlakatimizning mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda strategik jihatdan izchil o‘zgarishga yuz tutgan muhitni yaratganini ta’kidladi. O‘zbekiston mintaqani barqarorlik, rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirish uchun mustahkam poydevor qo‘yilishida tashabbuskor mamlakat sifatida ishtirok etmoqda. «Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi hayotga tatbiq etilayotgani bundan dalolat beradi. 2019-yil 29-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvi oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi», dedi B.Saidov.

Taqdimot marosimida Xitoy Xalq-siyosiy maslahat kengashining a’zosi, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi maslahatchisi Szi Chjiye, ShHT tadqiqotlar markazi direktori Den Xao, Yevroosiyo instituti direktori Li Szigo va boshqa qator olim hamda tahlilchilar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston Prezidentining ochiq, tashabbuskor va konstruktiv siyosati tufayli qisqa muddat oralig‘ida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan faol va samarali muloqoti ravnaq topgani, o‘zaro aloqalar shunga monand ravishda tobora rivojlanayotganini qayd etdi. Jumladan, suvdan foydalanish, chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish, transport qatnovlari, savdo-iqtisodiy aloqalar, mintaqalararo hamkorlik va boshqa o‘ta muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilingani bu fikrning yaqqol dalili ekanligi alohida ta’kidlandi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar tomonidan «Prezident Shavkat Mirziyoyev - O‘zbekistondagi islohotlar davrining me’mori» nomli asar Xitoyning siyosatni shakllantiradigan, ilmiy, akademik va ekspert doiralari vakillari uchun O‘zbekistondagi zamonaviy islohotlar hamda bu jarayonlarning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyotning uzoq muddatli istiqbollariga strategik ta’sirini chuqur o‘rganish nuqtai nazaridan muhim ko‘makdosh bo‘lib qolishiga umid bildirdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishiga yo‘naltirilgan xalqaro harakatlarda faol o‘rin tutmoqda. Taqdimot chog‘ida Toshkent Afg‘onistonning qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy va mintaqalararo aloqalariga jalb qilinishi tashabbuskori bo‘layotgani qayd etildi. Bunda O‘zbekiston Prezidentining «Barqaror va farovon Afg‘oniston – Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikning garovidir. Afg‘onistonning tinchlik yo‘liga o‘tishi ko‘p jihatdan uning iqtisodiy rivojlanishiga bog‘liqki, bunda mintaqa mamlakatlari ishtirok etishlari mumkin va zarurdir», deb aytgan fikrlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidentining islohotchilik yo‘li va ochiq tashqi siyosati mamlakatimizning Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlari uchun ham, nufuzli xalqaro tashkilotlar uchun ham juda jozibali, mas’uliyatli va uzoq muddatli hamkor mamlakat sifatidagi o‘rnini sezilarli darajada mustahkamladi.

O‘zbekistondagi tizimli o‘zgarishlar o‘zbek – xitoy strategik sheriklik munosabatlarida, Toshkent va Pekinning Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi hamkorligida ham o‘z aksini topdi.

Ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli qisqa muddat ichida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yangi darajaga chiqdi, o‘zaro do‘stlik, hamkorlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash munosabatlari izchillik mohiyatini kasb etdi. Yuqori va oliy darajadagi tashriflar tobora ko‘paymoqda, gumanitar-ijtimoiy aloqalar mustahkamlanmoqda. Strategik sheriklik yangidan-yangi amaliy mazmun bilan boyib bormoqda.

– O‘zbekiston Prezidenti, u olib borayotgan tashqi va ichki siyosat, mamlakatda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar haqida ilmiy-tadqiqot olib borish va kitob yozishni anchadan buyon orzu qilgan edim, – dedi Xitoy xalqaro tadqiqotlar akademiyasi Yevroosiyo institutining direktori Li Szigo. – Bu g‘oyani ko‘plab xitoylik hamkasblarimiz bilan birgalikda ro‘yobga chiqarganimizdan mamnunmiz. O‘zbekistonda olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ijobiy yangilanishlar uni Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlari rivojlanishining tamoyillarini belgilovchi muhim davlatga aylantirdi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidentining «Xitoy fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash to‘g‘risida»gi Farmoni va bu tartibning 2020-yil 1-yanvardan joriy etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlik sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring