Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi tuzilgan «O‘zavtotrans»ga katta imtiyozlar berildi

Yangi tuzilgan «O‘zavtotrans»ga katta imtiyozlar berildi

Foto: «Toshshahartransxizmat»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 mart kuni «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, 2022-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga lizing kompaniyalari va xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilar O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan va mamlakatimizda ishlab chiqarilib, xarid qilinayotgan yuk avtotransporti vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga undiriladigan yig‘imlar to‘lovidan hamda asosiy faoliyati avtobuslarda yo‘lovchi tashishni amalga oshirish bo‘lgan umumiy foydalanishdagi shahar yo‘lovchi transporti tashkilotlari yer solig‘i to‘lovlaridan ozod etildi.

Shuningdek, «O‘zavtotrans» agentligi boshlig‘iga avtobuslarda yo‘lovchi tashish (shu jumladan, xalqaro) xizmatini ko‘rsatuvchi, yuklarni avtomobilda tashishlar hamda transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi, to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va boshqa avtomobil transporti sohasida faoliyat yurituvchi unitar korxonalar shaklidagi mustaqil maxsus korxonalarni tashkil etish hamda «O‘zavtotrans» agentligi tuzilmasidagi unitar korxonalarni birlashtirish va tugatish huquqi berildi.

Bundan tashqari, «O‘zavtotrans» agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan yangi maxsus korxonalar asoslash ehtiyoji mavjud bo‘lganda texnik-iqtisodiy asoslash asosida 2023-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga:

— barcha turdagi soliqlardan va maqsadli davlat jamg‘armalariga o‘tkaziladigan majburiy to‘lovlardan ozod qilinadi, bunda bo‘shagan mablag‘lar yangidan tashkil etiladigan maxsus tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun maqsadli ishlatilishi;

— O‘zbekiston Respublikasiga belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan transport vositalari, butlovchi anjomlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asboblar va priborlar, mashinalar va mexanizmlar, kompyuter va diagnostika texnikasi uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi (bojxonada rasmiylashtiruvlar uchun yig‘imlar bundan mustasno).

«O‘zavtotrans» agentligi va uning tomonidan tashkil etilayotgan yangi maxsus tashkilotlar o‘rtasida, shuningdek, tashkilotlarning o‘zlari o‘rtasida qaytarmaslik sharti bilan topshirilayotgan va qabul qilinayotgan mol-mulk yuridik shaxslarning qo‘shimcha qiymat va daromad solig‘i bo‘yicha soliqqa tortish ob’yekti hisoblanmaydi.

«O‘zavtotrans» agentligi xodimlari xizmat vazifalarini bajarishda idoraviy formali kiyim-bosh kiyishi belgilanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring