Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Endi yo‘l harakati qoidalarini buzgan diplomatlar joyida jazolanadi

Endi yo‘l harakati qoidalarini buzgan diplomatlar joyida jazolanadi

Foto: O‘zA

Sudlar yo‘l harakati qoidalarini buzgan diplomatlarni elchixonalar bilan kelishmagan holda jarimaga tortishi mumkin. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Sudlar va boshqa vakolatli organlar diplomatik vakolatxonalar bilan kelishmagan holda daxlsizlikga ega shaxslarga nisbatan yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun ma’muriy chora qo‘llash huquqiga ega bo‘ldi. Avvallari bunday ruxsat Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati orqali olinar edi.

Endilikda daxlsizlikdan foydalanuvchi shaxs transport vositasi yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganda maqomidan qat’i nazar, akkreditatsiya kartochkasi va transport vositasini boshqarish huquqini tasdiqlovchi haydovchilik guvohnomasini, shuningdek, transport vositasining diplomatik vakolatxonaga tegishli ekanini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etishi shart.

Shu bilan bir qatorda, bunday transport vositalari sodir etgan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi kameralar tomonidan qayd etiladi. YHQ buzilish holati aniqlangan taqdirda, diplomatik vakolatxona transport vositasidan foydalanishga javobgar shaxs yoki agarda u jismoniy shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, transport vositasi egasi ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, ba’zi protsessual holatlar ham o‘zgardi. Hozirda daxlsizlikdan foydalanuvchi shaxslar tomonidan jarima to‘lash umumiy tartibda amalga oshiriladi. Kerak bo‘lsa Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik ma’lumotnomasida daxlsizlik huquqidan foydalanganlar orasidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima to‘lamagan shaxslarning «qora ro‘yxati» e’lon qilib boriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring