Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yosh jurnalistlar klubi»ga Furqat Yusupov nomi berildi

«Yosh jurnalistlar klubi»ga Furqat Yusupov nomi berildi

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi Yoshlar markazi binosida «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohibi Furqat Yusupovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi. Kechada marhumning yaqinlari, ustozlari, kursdosh do‘stlari, kasbdoshlari va shogirdlari ishtirok etdi.

Tadbirda iqtidorli jurnalist hayotiga oid rolik namoyish etildi. Kursdosh do‘stlari, hamkasblari uning serqirra faoliyatini yorqin xotira bilan yodga olishdi.

Furqat Yusupov 1992-yil 11-dekabrda Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug‘ilgan. 2015-yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Qoraqalpoq filologiyasi fakulteti Jurnalistika ta’lim yo‘nalishini tamomlagan.

Qisqa faoliyati davomida ko‘plab tanlovlar g‘olibi bo‘lib, diplomlar bilan taqdirlangan. Shuningdek, turli seminar-treninglarda sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

U asos solgan «KRuz.uz» mahalliy yangiliklar sayti tezda ommalashib ketdi. 2016-yili milliy internet tanlovida ushbu sayt «Ikki tilda yaratilgan eng yaxshi sayt» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Furqat Yusupov 2015-yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari orasida «Yosh jurnalist» tanloviga asos solgan va tashkiliy ishlarda faol qatnashgan. Shuni faxr bilan ta’kidlash joiz, universitet qoshida joriy yilda tashkillashtirilgan «Yosh jurnalistlar klubi»ga Furqat Yusupov nomi berildi.

U 2017-yili «Qariydar» gazetasiga muharirlik vaqtda gazeta adadi 400dan 3000ga ko‘tarildi, gazetani rangli va yoshlarbop formatda chop ettirdi.

Furqat Yusupov qisqa umri davomida xalq dardi, yoshlar muammolarini hal etishga doir dolzarb mavzularda ko‘plab maqolalar yozdi. Bundan tashqari, u xomaki nusxada bir nechta kitob tayyorlagandi. Mana shu kitoblar nashr etish uchun taqdim qilindi. Yangi yil boshlarida 10 ming nusxadagi kitoblar taniqli blogerning muxlislari qo‘liga yetib boradi.

Eslatib o‘tamiz, qoraqalpog‘istonlik yosh jurnalist va bloger Furqat Yusupov 2018-yil 7-iyul kuni Nukus tumanidagi anhorda cho‘kayotgan ikki qizni qutqarish chog‘ida vafot etgandi.

Salamat Avezov,
TATU Nukus filiali
ning o‘quv yordamchisi
bo‘limi kabinet mudiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring