Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «Yil odami» bo‘lgan inson haqida nimalarni bilamiz? (foto+video)

O‘zbekistonda «Yil odami» bo‘lgan inson haqida nimalarni bilamiz? (foto+video)

Foto: «Yasmina.com»

«Xabar.uz» «Zamonaviy Dubay me’mori» O‘zbekistonda «Yil odami» bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi.

Davlat boshqaruvida yarim asrlik tajribaga ega, 13 yildan buyon Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti va bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi lavozimlarida faoliyat yuritib keladi, olamshumul loyihalari son-sanoqsiz. Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum hazrati oliylari nafaqat «Zamonaviy Dubay me’mori», balki bundan-da ko‘proq tahsinu e’tiroflarga loyiqki, bunga hikoyamiz davomida iqror bo‘lasiz, degan umiddamiz.

Inson qiyinchiliklarga to‘qnash kelganida uning oldida ikki yo‘l paydo bo‘ladi: yo o‘z mag‘lubiyatini tan olib to‘xtash yoki yangi yo‘l topib g‘alaba qozonish.

Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum

Yoshlik yillari

Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum (Shayx Muhammad) 1949-yilning 15-iyul sanasida tavallud topgan. U shayx Roshid bin Said al-Maktum oilasidagi to‘rt o‘g‘ilning uchinchisi edi.

Savod chiqarishni to‘rt yoshida arab tili va islom ilmidan boshlagan shayx Muhammad olti yoshidan «Al-Ahmadiya» maktabida (hozir muzeyga aylantirilgan) arab grammatikasi, ingliz tili, matematika, geografiya va tarix fanlarini o‘rganishga kirishdi.

Bobosi shayx Said vafotidan so‘ng (1958-yil, 9-sentyabr) o‘sha yilning oktyabrida Dubayning to‘laqonli hokimiga aylangan shayx Roshid bin Said ishni o‘g‘illarini amirlikni boshqarishga jiddiy tayyorlashdan kirishdi. 1966-yili shayx Muhammad Londonga jo‘natiladi, shahzoda Kembrijdagi Bell til maktabiga kirishga hozirlikni boshlaydi.

Xorijiy tahsilni tugatib qaytgan shayx Muhammad Dubay politsiyasi hamda Dubay mudofaa kuchlari (keyinchalik bular BAA qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilgan) rahbari etib tayinlanadi. Shayx Muhammad 1971-yildan beri Birlashgan arab amirliklari mudofaa vaziri ham sanaladi.

Dubay amiri Maktum bin Roshid al-Maktum 1995-yilning 3-yanvarida uni Dubayning valiahd shahzodasi etib tayinlaydi. Maktum bin Roshid al-Maktum vafotidan so‘ng, 2006-yilning 4-yanvaridan Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum rasman Dubay amiri sanaladi. Oradan bir kun o‘tib BAA prezidenti uni mamlakat vitse-prezidenti va bosh vaziri etib tayinladi.

«Zamonaviy Dubay me’mori»ning  olamshumul loyihalari

«Emirates Airline»

Shayx Muhammad 1985-yilning mart oyida Dubay Turizm bo‘yicha milliy qo‘mitasini boshqarayotgan Moris Fleneganga «Emirates Airline» deb nomlangan yangi aviakompaniya tuzishni buyuradi.

Oradan yarim yil o‘tib, 1985-yilning oktyabr oyida aviakompaniyaning ilk samolyoti ko‘kka ko‘tarildi. Fleneganning aytishicha, dastlab berilgan 10 million dollarni hisoblamaganda, davlat «Emirates Airline»ni rivojlantirishga bir dirham ajratmagan.

Bizga Dubaydagi aeroport kerak emas. Dubayning o‘zi jahon aeroportiga aylanishi lozim.

Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum

Ma’lumot uchun:

Bugungi kunda «Emirates» jahondagi eng yirik aviakompaniyalardan biri (yo‘lovchi tashishda to‘rtinchi, yuk tashishda ikkinchi o‘rinda): dunyoning olti qit’asidagi 80 dan ortiq mamlakatga 150 dan ziyod yo‘nalishda haftasiga 3 600 dan ziyod reysni amalga oshiradi. 2018-yilgi ma’lumotga ko‘ra, 62 356 xodimi bor.

Yana bir mashhur aviakompaniya — «FlyDubai» ham bevosita shayx Muhammadning tashabbusi bilan tuzilgan.

«Burj al-Arab» mehmonxonalari

Jahondagi eng muhtasham — «Burj al-Arab» mehmonxonalarini tuzish g‘oyasini shayx Muhammad 1995 yildan amalga oshirishga kirishgan, oradan to‘rt yil o‘tib, 1999 yili birinchi mehmonxona ochildi.

Ushbu mehmonxona «Jumeirah» sayohlik guruhi tarkibida bo‘lib, o‘z navbatida, «Dubai Holding» tomonidan boshqariladi. Xolding 10 mamlakatda 22 ta eng muhtasham mehmonxonaga ega.

«Burj Xalifa»

Bu insoniyat tarixida shu paytgacha qurilgan eng baland yer usti inshooti.

Balandligi — 828 metr (solishtirish uchun: Toshkent teleminorasi — 375 metr).

Qavatlari soni — 163.

Ichki maydoni — 344 000 kvadrat metr.

Loyiha qiymati — 1,5 milliard dollar.

«Burj Xalifa» hamda sun’iy yo‘l bilan tiklangan palma shaklidagi orol (Palm Jumeirah) bugungi Dubayning «tashrif qog‘ozi»ga aylangan.

2008-yilning yanvarida Dubay qirg‘oqlari yaqinida Yer sayyorasi materiklarini aks ettirgan «Dunyo» arxipelagining asosiy qismi qurib bitkazildi. Bu ishlar to‘liq tugashi bilan amirlik hududi 500 kvadrat kilometrga (!) kengayadi.

Dubay metrosi

2009-yilning 9-sentyabrida ochilgan.

Kuniga (kunduzi) 300 mingdan ortiq yo‘lovchi tashiladi.

Dubay metrosida (poyezdlarda va stansiyalarda) ichimlik ichish va ovqatlanish taqiqlangan. Jarima — 100 dirham. Saqich chaynaganlar (jarimasi — 50 dirham), uxlaganlar, tamaki chekkanlar, hayvonlarni olib yurganlar, velosiped va alkogolli ichimliklar bilan metroga kirganlar uchun jarimalar mavjud. Stop-krandan noo‘rin foydalanganlarga esa jarimaning eng kattasi — 2000 dirham (545 dollar).

Dubay metropoliteni Yaqin Sharqda qurilgan uchinchi metro. Metro elektropoyezdlari to‘liq avtomatlashgan, mashinistlarsiz boshqariladi, eng yuqori tezligi — 110 km/soat. Yana bir tahsinga sazovor jihat shuki, bu yerda metro shunchaki transport vositasi emas, balki madaniyat koshonasi hamdir. Sayyohlarni jalb qilish maqsadida har bir stansiya san’at asarlari bilan boyitilgan.

«Meydan» otchopari

Bu tomoshabin sig‘imi (60 ming kishi) va maysa bilan qoplangan poyga yo‘lagi uzunligi (2,4 km.) bo‘yicha jahondagi eng katta otchopar.

Amirliklardagi otchopar mukofot jamg‘armasi aqlni shoshiradi: 26 million dollar. 2013-yili marraga birinchi bo‘lib kelgan chavandozning «ko‘tarmasi» 10 million dollar bo‘lgan.

Darvoqe, amirliklarda otpoygalarga pul tikish qat’iyan man etilgan. Mukofot jamg‘armasi BAA amirlari hamda musobaqa homiylari ajratgan pullar, chiptalarni sotishdan tushgan mablag‘lardan shakllantiriladi.

Dunyodagi eng katta LED-ekranlardan biri ham shu yerda — 110 ga 10 metr.

«Bilimlar mukofoti»

Shayx Muhammadning 1 million dollarlik «Bilimlar mukofoti» birinchi marta internet texnologiyasi asoschisi ser Tim Berners Li hamda «Wikipedia» hammuassisi Jimmi Ueylsga topshirilgan (2014-yil, 7-dekabr). Mukofot «dunyo bo‘ylab bilimlarni tarqatishga intilish va qo‘shilgan hissa e’tirofi ramzi» sifatida beriladi.

«Dubai Cares»

2007-yilning sentyabrida qashshoq mamlakatlardagi 1 million nafar bolaga ta’lim berishda ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan kampaniya. Jamoatchilikdan to‘plangan mablag‘ birinchi kampaniyada (2007-y.) 1,65 mlrd. dirham (450 mln. dollar atrofida)ni tashkil etdi. Shayx Muhammad o‘zi ham xayriya qilib, mablag‘ni 1 milliard AQSh dollariga yetkazdi.

Dubay hukumati kam ta’minlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida boy insonlar va korporatsiyalar o‘rtasida muntazam ravishda xayriya aksiyalarini tashkil etib boradi.

«Noor Dubai»

Shayx Muhammad 2008-yilning 3-sentyabridan «Noor Dubai» deb nomlangan yangi tashabbusni amalga oshirishga kirishdi. Bu tashabbus rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi bir million nafar davolash mumkin bo‘lgan ko‘z xastaliklaridan aziyat chekayotganlarga yordam berish maqsadida ko‘tarilgandi. 2011-yili loyiha bilan qamrab olingan va davolanganlar soni 5,8 milion nafarga yetdi.

Shaxsiy hayoti

Kenja qizi Al-Jalila bilan «Bayroq kuni» bayramida.

Shayx Muhammadning boyligi 4 milliard dollar atrofida deyishadi (2016-yilgi ma’lumot). Biroq u va o‘g‘illari (masalan, ikkinchi o‘g‘li Hamdan ibn Muhammad al-Maktum) o‘z boyliklarini ko‘z-ko‘z qilishni istashmaydi va boshqa amirlarga solishtirganda, anchayin kamtarin hayot tarzini afzal ko‘rishadi.

Hamdan ibn Muhammad al-Maktum ekstremal sport turlari ishqibozi. 

«1» — Amirliklardagi eng qimmat avtomobil raqami, ekspertlarning fikricha, uning narxi 10 million dollardan qimmat.

Quyidagi videoda shayx Muhammad hamkasblari bilan jamoat joyida yuribdi. Qo‘riqchilar, kortej, politsiya yo‘q.

Dubay amirining dushmanlari yo‘q — mahalliy OAV shunday fikrda.

Sport

Shayx Muhammadning jahon ot sportidagi mavqei alohida mavzu: naslli otlar yetishtirishga ishqiboz, ko‘zga ko‘ringan chavandoz. Hatto 2006-yili 15-Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

«Expo-2020»

Dubayda 2020-yili xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi — o‘sha yili shahar shunday qiyofa kasb etadi.

Amirliklar hukumati o‘z fuqarolari haqida qanday qayg‘urmoqda:

  • Nikohga kirayotgan BAA fuqarolariga bepul kottej, yer maydonlari hamda 70 000 dirhamdan subsidiya beriladi.
  • BAA fuqarolari oladigan eng kam pensiya — 10 200 dirham.
  • 20 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgandan so‘ng BAA fuqarosining pensiyasiga yiliga 2 foizdan qo‘shilib boradi.
  • BAA da ikkita pensiya bor — beva ayol yoki merosxo‘r o‘zining va marhumning pensiyasini oladi.

Jahon bozorida neft narxining tinmay «o‘ynab turishi» Dubay amirlarining parvoyiga ham kelmaydi, 20 yildirki, mahalliy valyuta kursi dollarga nisbatan pasaygan emas, hukumat budjet xarajatlarini qisqartirishga urinmaydi.

Nega?

Chunki bugungi Dubay 20 yil oldingisidan keskin farq qiladi: avval daromadning 83 foizi «qora oltin»dan tushardi, hozir esa atigi — 6 foizi. Umuman olganda, hozir BAAda neftdan kelayotgan dollarlar mamlakat jami daromadining uchdan birini ham tashkil etmaydi.

Amirliklar o‘z iqtisodiyotini neftga qaramlikdan qutqarish uchun oxirgi yillarda 35 milliard dollar sarfladi.

Hozirgi Dubay — jahonning eng asosiy turistik yo‘nalishlaridan biri. Yiliga o‘rtacha 20 million xorijlik sayyoh mamlakatga kelib ketadi.

Sahro men uchun bosib o‘tish mashaqqatli to‘siq, muammo emas, balki mamlakat iqtisodiyotining yangi sho‘’basini ochish uchun imkoniyat bo‘ldi.

Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum

So‘ngso‘z o‘rnida

Yuqoridagilar Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktumning sermazmun faoliyati oldida dengizdan tomchi. Shubhasiz, u davrimizning eng buyuk siyosatchilaridan biri, xalqparvar va adolatli rahbar. Agar chin qalbdan istasa rahbar o‘zi kutganidan ham ko‘pini xalqiga bera olishiga bu ajoyib insonning hayoti va faoliyati yaxshi misoldir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring