Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zamondan o‘zgan adib

Zamondan o‘zgan adib

Foto: azərtac

Vaqt shiddat ila o‘tib borayotgani rost. Ulug‘ adib Chingiz Aytmatovning vafot etganiga ham 10 yil bo‘libdi bir pasda.

2008 yil 10 iyun kuni adabiyot ixlosmandlari benazir yozuvchi Chingiz Aytmatovdan ayrildi. Undan ajoyib romanlar, qissa va hikoyalar qoldi. Bu asarlar dunyoning qaysi tilida, kim tomonidan mutolaa qilinmasin, o‘quvchini o‘yga toldiradi va bexosdan adibni eslashga undaydi. Ba’zan kishining xayoliga yozuvchining asarlarini (ayniqsa «Oxirzamon nishonalari»ni) o‘qiganda adib zamondan o‘zib ketmaganmikan degan haqli savol keladi.

Buyuk yozuvchining vafoti juda ko‘p muxlislarni qayg‘uga soldi. Dunyo adabiyotida bir tog‘ quladi, bir yulduz so‘ndi. Uning o‘limi muxlislariga «Ona tuproq» kitobida o‘g‘lini safarga kuzatayotgan To‘lg‘anoy onani yana bir bor eslatadi: vokzalda o‘g‘lini kuzatgan onaning ko‘ziga dunyo qorong‘i, yolg‘izlik iztirobi uning ich-ichidan o‘tib ketgan. Uning bu holati go‘yo jigarim kelarkan deb vokzalga chiqqan, yo‘lovchilarning hammasi har yoqqa tarqab ketgach, yolg‘iz o‘zi temir devor yonida qolgan kishi singari edi. Bu holatlarni so‘z bilan ifodalash qiyin. Lekin buyuk yozuvchi «Ona tuproq» romanida buning uddasidan chiqqan: har kim kun kelib bu foniy dunyoni yolg‘iz tark etishini ona obrazida aniq ifodalab bergan.  

Chingiz Aytmatov asarlarini o‘qigan kishi uning so‘nggi yuz yildagi eng buyuk yozuvchilardan biri ekaniga shubha qilmaydi. Adib asarlari tilining ravonligi, obrazlarining mukammalligi, voqealar rivojining izchilligi, afsonalar va hikoyalarning o‘z o‘rnida ishlatilgani bilan qadrlidir.   

Har bir o‘quvchi Chingiz Aytmatov asarlarini mutolaa qilganda ruhiy kechinmalarini jilovlay olmaydi, asarga shunchalar berilib ketadiki, natijada  ko‘z o‘ngida asar qahramonlari birma-bir gavdalanadi. Mutolaa chog‘ida beixtiyor Pomir tog‘ida kezishni, Tyanshan tog‘iga chiqishni xohlaymiz, «Jamila va Doniyor»ning dramatik sevgisiga mahzun bo‘lib, «Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar»ga titraymiz, «Alvido, Gulsari»ga isyon qilamiz. «Asrga tatigulik kun»ni o‘qib manqurt hikoyasini, Nayman ona afsonasini yodlamagan, Rayimali og‘aning azob-uqubatlariga sherik bo‘lmagan kim bor?! Zarifaning qora ko‘zlarini kim ham unuta olardi? Bundayin qiynoq va iztiroblarga bardosh berib, ulkan qoyalardan oshib o‘tgan haqiqiy sevgining taqdiri yana va yana o‘quvchining hukmiga havola qilinaveradi. «Erta kelgan turnalar» xabari, «Qizil olma» hikoyasidagi millat hasrati, judolikning chidab bo‘lmas azoblari oldida hayqirmagan kim bor?!

«Birinchi muallim» kitobida 1920-yillar idealist bir qishloq o‘qituvchisining taqdirini hikoya qilar ekan, bu asar o‘quvchisini  yo‘lsiz, suvsiz tog‘li qishloqlar sari yetaklaydi. Huquqi poymol qilingan o‘quvchisi Oltinoyni deb tayoq yegan muallimning taqdirini o‘qigan kishining ham sirtiga kaltak izlari tushadi.

«Oq kema»ni o‘qigan har bir kishi o‘zini u kemaga otadi...

«Kassandra tamg‘asi» asarida bashariyatni «axloqiy buhronlar qarshisida ogoh bo‘ling!» degan hayqiriqlar bilan ogohlantirgan edi buyuk adib.

O‘z qadriyatlarini unutgan, manqurtga aylangan, o‘z onasini otib tashlashgacha borib yetgan notavon insonlarga Naymon ona tilidan nasihat beradi «Asrga tatigulik kun» asarida.

«Otingni unutma! Otangni unutma, o‘g‘lim! Sening oting Do‘nanboy!..». Yana nima desin, nimalar desin Aytmatov?

Hayotining so‘nggi yillarida yozgan oxirgi kitobining nomi «Tog‘lar qulaganda» edi. Aslida tog‘lar adib vafoti tufayli yiqildi. Har bir asari kabi Aytmatovning oxirgi kitobi ham hasrat va hayajon bilan, tunu kun demasdan, chegara bilmasdan, har yerda sevib o‘qildi. Aslida kitobning nomi uning haybati va salobati uchun yetarli edi: «Tog‘larning yiqilishi ne demak? Kim ko‘ribdi ularni?»...

Kitob muallifining bu satrlari kishiga beixtiyor Qur’oni karimning: «...tog‘lar (qumlar kabi) sochilgach...» (77, 10) va «...tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida...» (81, 3) oyatlarini eslatadi.

Asar vahshiy bir hayvon – barsning boshidan o‘tgan ibratli voqealar bilan boshlanadi. Bu hayvonlarning boshqalarnikiga o‘xshamagan, o‘zlariga xos hayotlari bor. Ularga faqat ulkan tog‘largina boshpana bo‘la oladi. Bu tog‘lar Tyanshan tog‘laridir.

«Tog‘lar tekisliklarga nisbatan yana ham hur va yana ham chuqur tafakkur qilinadigan joylardir», — deyiladi asarda.

Darhaqiqat, shunday. Ulug‘ Alloh Musoga Tur tog‘ida, Isoga Tabur tog‘ida, haqiqat namoyandasi Muhammadga Nur tog‘ida vahiylar yuborgan.

Buyuk adib bu asari oxirgisi bo‘lishini bilmagandir ehtimol, lekin bir narsa ravshanki, haqiqiy tog‘ endi yiqildi. Bu ayriliqqa Tyanshan tog‘i qanday bardosh bera olar ekan?..

Yozuvchining oxirgi asarida «Dunyo o‘rnidami?» degan bir savol bor. Ha, dunyo o‘z o‘rnida. Lekin dunyodan yana bir ulkan tog‘ ketdi, bir yulduz so‘ndi...

Tolibjon Nizomov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring