Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zangiotadagi 235 metrlik ulkan antennalar yiqitildi. Nega? (foto)

Zangiotadagi 235 metrlik ulkan antennalar yiqitildi. Nega? (foto)

235 metrlik antennaning yiqitilgan holati.

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘onida joylashgan ulkan antenna machtalari bugun, 13-fevral kuni yiqitildi. 2002-yilda uzun va o‘rta to‘lqinlarda radioeshittirishlar to‘xtatilganidan buyon bu qurilmalar ishlatilmayotgandi.

Ulkan antennalarning yiqitilishi oldidan ushbu hudud aholisi ogohlantirilgan va barcha ehtiyot choralari ko‘rilgan.

«Xabar.uz»ga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan xabar berishlaricha, ulkan antennalar joylashgan mazkur hududda qurilish ishlari olib boriladi. Shu sabab ishlatilmayotgan, jismonan eskirgan va zarurligini yo‘qotgan balandligi 235 metrlik ikkita antenna machtasi demontaj qilindi.

Ulkan antennalarni ushlab turgan troslar uzilmoqda. Foto: «Xabar.uz»
235 metrlik antenna xavfsiz hududga yiqitildi. Foto: «Xabar.uz»
Ulkan antennalarni yiqitishda maxsus brigada ish olib bordi. Foto: «Xabar.uz»

Zangiotadagi mashhur antennalar tarixi

O‘tgan asrda radioeshittirish tizimlari asosan uzun va o‘rta to‘lqinlarda, qisman qisqa to‘lqinlarda tashkil etilar edi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘oni yonidagi katta quvvatli radiostansiya o‘z vaqtida uzun to‘lqinlarda radioeshittirish signallarini tarqatishga moslashtirilgan edi. Ushbu radiostansiya hududida o‘tgan asrning 80-yillari boshida balandligi 235 metrlik ikkita machtalar orasiga uzun to‘lqinlarni tarqatuvchi radioantenna tizimi qurilgan.

Radioeshittirishlarning uzun (chastotasi 148,5 – 408 kGs, to‘lqin uzunligi 2020 – 735 metr) va o‘rta (chastotasi 526,5 – 1606,5 kGs, to‘lqin uzunligi 570 – 186 metr) to‘lqinlar diapazonlarida keng rivojlanishining asosiy sabablari o‘sha davrdagi radiolampalar va tranzistorlar yordamida aynan ushbu diapazonlarda ishlovchi arzon radioqabulqilgichlarni ko‘p miqdorda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lgan. Shuningdek, mazkur diapazonlarda ishlovchi yuqori quvvatli radioeshittirish uzatkichlari tarqatayotgan radioto‘lqinlar yer shari egriligi bo‘ylab, nisbatan ancha uzoq masofalarga tarqala olgan.

Lekin, uzun to‘lqinlarda 10 – 20 radiostansiyalargina ishlashi mumkin edi. Analog signal sifati nisbatan past va turli xalaqitlar ta’siri yuqori bo‘lgan. Natijada, dunyo miqyosida uzun to‘lqinlarda radioeshittirish qisqarib bormoqda. Jumladan, Ukraina, Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Moldaviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda uzun to‘lqinlarda radioeshittirish to‘xtatilgan.

O‘zbekistonda ham uzun va o‘rta to‘lqinlarda radioeshittirishlar 2002-yildan to‘xtatilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring