Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zarafshonda favvoralar xiyoboni, Tomdida bolalar shaharchasi quriladi

Zarafshonda favvoralar xiyoboni, Tomdida bolalar shaharchasi quriladi

Foto: «President.uz»

Tomdi tumani mamlakatimizning eng chekka hududlaridan. Qiyin iqlim sharoitiga qaramay, bu yerda turli millat vakillari ahil yashab, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shib kelmoqda. Prezident tashrifi ularning kayfiyatini, ruhiyatini ko‘tarib yubordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari dastlab Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirishga doir rejalar bilan tanishdi. Viloyatning ushbu chekka tumanlari va Zarafshon shahrida sanoat va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ko‘plab loyihalar amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Xususan, Uchquduq tumani junni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. «Qizilqum marvaridi» korxonasi tomonidan gidroponika usulida issiqxona barpo etiladi.

Zarafshon shahrida qurilish materiallari ishlab chiqarish, qariyb 2 ming boshga mo‘ljallangan qoramolchilik kompleksi, muzlatkichli omborxonalar barpo etish, baliqchilik xo‘jaligi, issiqxonalar tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.

Tomdi, Konimex tumanlarida ham shu kabi istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi.

Shavkat Mirziyoyev Konimex tumanida tuyachilikni rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda ming bosh tuya va 500 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi barpo etish rejalashtirilgan. Majmuada yiliga ming tonna tuya suti, 300 tonna echki suti olinib, shu yerda qayta ishlanadi. Bu joy nafaqat tuya va echkichilik majmuasi, balki yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm markaziga aylanadi.

Davlat rahbari majmuani Mustaqillik bayramigacha qurib bitkazish va sayyohlarga zarur sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shuningdek, ijtimoiy loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra, Tomdi tumanida «Shodlik» mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bolalar shaharchasi quriladi. Maydoni 4,3 gektar bo‘lgan shaharchada bolalar uchun barcha qulaylik yaratiladi. Qurilish ishlari mart oyida boshlanib, yil oxirigacha yakunlanadi. Zarafshon shahrida favvoralar xiyoboni barpo etish, Uchquduq tumanidagi «Konchi» sanatoriysini ta’mirlash va jihozlash loyihalari shaharlar obodligi va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezident Zarafshon va Uchquduq shaharlaridagi ko‘p qavatli uy-joy fondini ta’mirlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi.

Shu yerda 2026 yilgacha qimmatbaho metallar qazib olishni ko‘paytirish, «Auminzo-Amantoy» konlarini o‘zlashtirish, Muruntov konini o‘zlashtirishning 5-bosqichi, Tomdi tumanidagi 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatlarini kengaytirish kabi loyihalar taqdimotlari ham o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev barcha loyihalarni o‘z vaqtida va yuqori sifat darajasida amalga oshirish, mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring