Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Belvyu saroyida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan prezident Frank-Valter Shtaynmayerning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni ikki va ko‘p tomonlama asosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Tomonlar bundan buyon ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etajagini bildirdi.

Prezidentlar Germaniya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi asosida munosabatlarni mustahkamlash muhimligini qayd etdi. 

Davlatimiz rahbari «Markaziy Osiyo + Germaniya» formatida muloqotlarni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti tubdan modernizatsiya qilinayotgan hozirgi jarayonda Germaniyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini jalb etish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar ham muhokama qilindi. Maktab ta’limida samarali nemis texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, «Maktablar: kelajak sheriklari» (PASCH) tashabbusini amalga oshirish, O‘zbekistonda Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish, ikki xalq o‘rtasida madaniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari e’tibor markazida bo‘ldi. 

Uchrashuv so‘ngida Shavkat Mirziyoyev Frank-Valter Shtaynmayerni O‘zbekistonga javob tashrifi bilan borishga taklif etdi. Federal Prezident mamlakatimizga shu yil may oyida borishga tayyor ekanini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring