O‘zbekiston va Germaniya rahbarlari muzokaralar o‘tkazib, qo‘shma loyihalarga start berdilar
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning asosiy masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti Germaniya Prezidentining o‘z mamlakati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini izchil rivojlantirishga hamda o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.
Ikki tomonlama muloqot jadal tus olib, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan ortib, joriy yilning o‘tgan davrida yana 5 foizga ko‘paydi. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025 yilda 2 milliard dollarga yetdi.
May oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi 10-yig‘ilishining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbirlar yakunida 1 milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari to‘plami imzolandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ziyod yoshlar nemis tilini o‘rganmoqda, 2 mingdan ortiq talabalar Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. O‘tgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlarining forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan hafta nemis universitetlari konsorsiumi bilan Samarqandda O‘zbekiston – Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Davlat rahbarlari sanoat, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va logistika, tog‘-kon, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Yetakchilar avtomobilsozlik, maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida yangi qo‘shma loyiha va dasturlar ishga tushirilayotganini olqishladilar. Toshkentda ikkinchi Universitetlar forumi hamda uchinchi O‘zbekiston – Germaniya tibbiyot forumining o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama maydonlarda, shu jumladan, «Markaziy Osiyo – Germaniya» formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Germaniya Federal Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berishi hamda ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar.
Shuningdek, davlat rahbarlari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgan va yangilarini boshlashni rejalashtirayotgan Germaniyaning yetakchi kompaniyalari vakillarini samimiy qutladilar.
Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida bir qator qo‘shma investitsiya va ta’lim loyihalariga start berildi. Toshkent shahrida “Volkswagen” avtomobillarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish, temir yo‘l sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy imtihon markazlarini ochish kabi loyihalar shular jumlasidan.
Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter