Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida ta’kidladi.

Ushbu tashrif doirasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga o‘zaro intilishdan dalolat bo‘lishi qayd etildi.

Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligi qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish dolzarb ekani ko‘rsatib o‘tildi. Kuni kecha o‘tgan biznes forumi muvaffaqiyatli bo‘ldi, yakunida yangi kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.

Bu galgi tashrif doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sohalarida kooperatsiya loyihalari ishga tushiriladi.

Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, «Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.

Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha takliflari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring