Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident yirik iqtisodiy anjumanda nutq so‘zladi

Prezident yirik iqtisodiy anjumanda nutq so‘zladi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Gujarat shtatining Gandinagar shahri «Mahatma Mandir» ko‘rgazmalar majmuasida «Jo‘shqin  Gujarat – 2019» IX xalqaro investitsiya sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, shuningdek,  Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Daniya, Chexiya, Malta, Tailand, BAA kabi mamlakatlardan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va  transmilliy korporatsiyalar boshliqlari, ekspertlar ishtirok etdi.

Yirik iqtisodiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud bo‘lib kelgani, mazkur sammit ana shu an’analarni davom ettirib, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilayotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbari Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash - O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

«Eramizdan avvalgi III – II asrlarda hind zaminini Markaziy Osiyo bilan Buyuk Hindiston yo‘li bog‘lagani yaxshi ma’lum. Bugun ham Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari o‘rtasidagi ishonchli savdo va transport kommunikatsiyalarini yaratish har qachongidan dolzarbdir.

Biz Transafg‘on temir yo‘li loyihasini muhokama qilyapmiz. Istiqbolda bu yo‘l Janubiy Osiyoga, jumladan, Choxbahor porti orqali Hindistonga chiqish imkonini beradi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari informatsion texnologiyalar, dasturiy ta’minot,  qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya hamda ushbu sohalar mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Bu bo‘yicha dastlabki harakatlar boshlangan, Toshkent shahrida qo‘shma texnopark tashkil etiladi.

Sarmoyadorlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilishini alohida qayd etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring