Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘shning tinch, sen tinch — Mirziyoyev qo‘shnilarni yarashishga ko‘ndirdi

Qo‘shning tinch, sen tinch — Mirziyoyev qo‘shnilarni yarashishga ko‘ndirdi

«Qo‘shning tinch, sen tinch», degan gap bor xalqimizda. Topib aytilgan rosa. Qo‘shnilar janjal qilsa, senikida baraka bo‘larmidi?

Mintaqaning yaqin tarixida hali hech qachon bunaqasi bo‘lmagandi, ha, Tojikistonda fuqarolar urushi bo‘ldi, to‘g‘ri, Afg‘oniston qirq yildirki urush olovida. Lekin yuz yillarki Markaziy Osiyoda bir davlat ikkinchisining uyiga hali hujum qilmagandi (sobiq ittifoq afg‘on yeriga bostirib kirgani hisobmas).

Shu kunlarni ham ko‘rdik mana. Boshqa ko‘rmaylik.

Ikki qo‘shni orasidan ola mushuk o‘tganda eng muhim jihat — ularni yarashtirib qo‘ya oladigan uchinchi qo‘shnining borligidir. Albatta u shunga yarasha obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi ham kerak. Afsuski, ko‘rganmiz, dunyo tarixida bunday qo‘shni har doim ham topilavermaydi. Qancha qirg‘inbarotlar bo‘ldiyu...

Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelganda tashqi siyosatda e’tiborni eng avvalo qardosh davlatlar bilan munosabatni yaxshilashga qaratgan edi. Qisqa davr ichida buning samarasini ko‘p bora, shuningdek, 29 aprelda Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yuzaga kelgan qonli mojaro vaqtida ham ko‘rdik.

O‘sha kuni Mirziyoyev Turkmanistonda edi (Gurbanguli Berdimuhamedovning otasi vafot qilgandi, ta’ziyaga borib keldi. Bu ham bo‘lsa yaxshi qo‘shnichilik yo‘lida). Prezident o‘sha kunning o‘zida Toshkentga qaytib keldi va qo‘shnilar yerida boshlangan urush olovini o‘chirish uchun so‘zdan amaliy ishga o‘tdi.

«Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi mojaroga birinchi bo‘lib har ikki davlat bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston munosabat bildirdi. Prezident Mirziyoyev darhol Sadir Japarov va Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi», — deb yozadi nufuzi jihatidan Yevropada va jahonda yetakchi o‘rinlarda turadigan Deutsche Welle nashri.

Hozircha bu suhbatlar tafsilotini na Deutsche Welle va na boshqa nashr bilsa kerak. Ammo samarasini butun dunyo ko‘rdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan kelishuvni olqishlashini bildirdi. Biz ham olqishlaymiz. Va shu bilan birga aytadigan yana ikki og‘iz gapimiz bor.

Bu mojaro butun mintaqa uchun do‘stona munosabat qay darajada muhim ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Mirziyoyev to‘g‘ri yo‘lda ekanini ham. Davlat rahbari deyarli har hafta telefon orqali bo‘lsin, qaysidir qo‘shni bilan nimadir masalada gaplashib turadi. Sadir Japarov yaqinda Toshkentga ham kelib ketgandi.

Yo‘qsa, qon qaynab turganda kimningdir gapini olish osonmi?

Tinchlik bo‘lsin har doim. Hech kimni yo‘lidan adashtirmasin...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring