Ulamolar Prezidentga maktub yo‘llashdi
Muborak Ramazon oyi arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Ulamolar kengashi a’zolari hamda taniqli ulamolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy tabrik va minnatdorlik maktubi yo‘llandi.
Maktubda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar, milliy va ma’naviy qadriyatlarni tiklash, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlar yuksak baholangan.
Xususan, Ramazon oyi arafasida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan qarorlar alohida e’tirof etilgan. Jumladan, «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali esa 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi minglab ehtiyojmand oilalar uchun katta ko‘mak bo‘lishi ta’kidlangan.
Ulamolar qayd etishicha, mazkur tashabbuslar nogironligi va og‘ir kasalligi bor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga manzilli yordam ko‘rsatish, jamiyatda mehr-muruvvat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Maktubda ta’kidlanishicha, dunyo tajribasida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha davlat rahbari darajasida alohida qarorlar qabul qilinishi kamdan-kam uchraydi. Bu esa yurtimizda diniy qadriyatlarga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi ekani alohida qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakatimizda 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik ma’rifiy loyihalarning izchil amalga oshirilayotgani islom ma’rifati va ilm-fanini rivojlantirishga qo‘shilayotgan munosib hissa sifatida e’tirof etilgan.
Maktub so‘ngida Prezidentga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Ramazon oyining barakoti uchun duolar qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter