Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maradona: futboldagi parvoz, narkotik, shon-shuhrat va g‘alvalar

Maradona: futboldagi parvoz, narkotik, shon-shuhrat va g‘alvalar

U – haqiqiy futbol yulduzi, koptok tepish uchun tug‘ilgan, «stadion bolasi», mahoratli va chapdast o‘yinchi, muxlislarning erkatoyi, tantiq hamda janjalkash, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadigan, hayoti quvonchli lahzalar va serg‘alva tashvishlarga limmo-lim Diyego Maradona edi! Uning hayoti turli g‘alvalardan xoli bo‘lmasa-da, ammo futbol tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Diyego Armando Maradona uchar futbolchi ekanligi bilan millionlar qalbini zabt etgan edi. Quyida ana shu afsonaviy futbolchining hayotiga nazar solamiz...

 Amakivachchaning sovg‘asi

1960-yilning 30 oktyabrida Buenos-Ayres yaqinida, don Diyego va dona Dalma oilasida navbatdagi chaqaloq keldi. Uch nafar qizidan so‘ng «merosxo‘r o‘g‘il»ning tug‘ilishi otani nihoyatda xushnud etdi. Kichik Diyegoning yettinchi tug‘ilgan kunida amakivachchasi unga futbol to‘pini sovg‘a qildi. Bu haqiqiy charm koptok edi. Ochig‘ini aytganda, go‘dakni ko‘proq boshqa o‘yinchoqlar – samolyot, vertolyot, parovoz, kemalar qiziqtirardi. Bahor kirib kelgach esa, u birinchi marta bu hadyani ko‘chada sinab ko‘rdi.

Shu tariqa futbol kichik Diyegoning hayotiy quvonchiga aylandi. U bo‘sh qoldi deguncha o‘zidan katta bolalar bilan to‘p surardi. Dona Dalma o‘g‘lining ko‘chaga chiqishiga ruxsat bermaganida esa xonadonda haqiqiy dod-faryod va shovqin-suron ko‘tarilardi. Bunday vaziyatda uning xaloskori hamisha otasi bo‘lardi. Don Diyego o‘g‘lining tarafida bo‘lib, hatto tez-tez u bilan birga chiqar, koptokni qanday tepish kerakligini erinmay ko‘rsatib berardi.

Maktabga kelgach, Maradona darhol kichik sinf o‘quvchiilardan iborat futbol jamoasiga qabul qilindi. Ilk mashg‘ulotlardanoq u peshqadamligini namoyon etdi. Yosh Diyego nafaqat gol urar, balki hamisha, ayniqsa, uning jamoasi gol o‘tkazganida klubdoshlarini ruhlantirib ham turardi. Bir kuni maydonga chiqishgach, Diyego jarohati tufayli o‘ynay olmaydigan o‘rtog‘iga o‘zi uchun ikkita, o‘rtog‘i uchun uchta gol urishga va’da berdi.

 Sohibjamol Kristina

«Biz maydonda mashinani eslatardik, – deb eslagandi Maradona mazkur o‘yin haqida. – G‘alaba qozondik, hatto 20:0 hisobiga ham erishgan paytlarimiz bo‘ldi. Biz Argentina chempioni hisoblangan mashhur «River-Pleyt» yoshlariga qarshi o‘ynashni orzu qilardik. Nihoyat shunday o‘yin ham o‘tkazildi. Biz 7:1 hisobida g‘alaba qozondik. Va’da berganimdek, eng ko‘p – beshta golni raqib darvozasiga men kiritdim. Raqib g‘azablanib, butun maydon bo‘ylab ortimdan yugurganini ko‘rish kerak edi».

Bellashuvdan keyinoq o‘n yoshli Diyego Maradonani Argentina futbolining umidi sifatida tilga ola boshlashdi.

Maradonaning o‘zi katta futboldagi muhim debyutini «Xuniors Arxentinos» professional klubida to‘p surgani bilan izohlaydi. Bu voqea 1976-yil oktyabrda, uning tug‘ilgan kuni arafasida ro‘y bergan edi. O‘shanda Maradonaning jamoasi yutqazdi, shunga qaramay, trener ham, klubdoshlar ham, sport jurnalistlari-yu muxlislar ham yigitchaning mahoratiga juda katta baho berdilar. Ular orasida bir necha haftadan buyon stadionga kelib, sevimli jamoasining mashg‘ulotlarini kuzatgan yosh sohibjamol Kristina ham bor edi. U Maradonadan ikki yosh katta bo‘lgani bois Diyego bilan tanishishni ep ko‘rmadi. Biroq dastlabki o‘yindan so‘ng Diyegoga peshvoz yugurib, o‘zini jurnalist deb tanishtirarkan, minnatdorchilik bildirdi va jamoaning mag‘lubiyatida uning aybi yo‘qligini  aytdi.

 Hakam ko‘rmagan qo‘l

Yosh Maradonani Kristinaning o‘ta sinchkovligi qoyil qoldirdi va u keyingi o‘yinda gollaridan birini maftunkor suhbatdoshiga bag‘ishlashga va’da berdi. Roppa-rosa ikki haftadan so‘ng Diyego «San-Lorenso»ga qarshi o‘yinda raqibga chiroyli gol kiritdi. Jamoadagi do‘stlari Maradonani tabriklamoqchi bo‘lishganida Diyego ularni to‘xtatishga urindi va qichqirdi: «Menga emas, unga minnatdorchilik bildiringlar». Va Kristina o‘tirgan muxlislar minbarini ko‘rsatdi. Qiz dugonalari bilan «Diyego» deb yozilgan ulkan plakatni ko‘tarib olgan edi. Oradan o‘n yil o‘tib, qandaydir Kristina Sinagra Maradonadan o‘g‘il ko‘rgani va uni otasi sharafiga Diyego Armando deb nomlaganini ma’lum qildi. Ammo uning bu Kristinaga sira aloqasi yo‘q edi.

18 yoshida Maradona ilk bor Argentina bayrog‘ini himoya qilish uchun maydonga tushdi. Garchand o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, bu mamlakat termasi uchun birinchi o‘yin edi. Shu qadar kichik yoshda bu sharaf hali hech kimga nasib qilmagan edi. Keyinchalik Ispaniya va Maradona beshta gol kiritgan Meksika jahon chempionatlari o‘tkazildi. Argentinaliklar 1986 yilni umrbod eslashadi. Albatta-da, axir ular chempion bo‘lishdi. Qolaversa, butun futbol olami ham buni yodidan chiqarmaydi. Aynan Meksivada Angliya terma jamoasiga qarshi o‘yinda barchaning ko‘z o‘ngida Maradona qo‘li bilan gol kiritdi! Bu xatoni faqatgina hakam bilmay qolgan edi. Hakam futbolning hamma qoidalariga qarshi o‘laroq buni gol deb hisobladi. 

Italiyaga sayohat yoxud mashmashalarning boshlanishi

Argentina qahramoni Italiyaga o‘ynash uchun o‘tganida yevropalik muxlislar quvonchining cheki yo‘q edi. «Men «Napoli»da o‘ynashimdan baxtiyorman!»

Debyut matchidan oldin o‘yinni tomosha qilishga kelgan 60.000 ishqiboz Maradona uchun maxsus yozilgan madhiyani ijro etdi. «Napoli» klubi uni o‘sha paytdagi misli ko‘rilmagan pulga – 7,5 million dollarga sotib olgan edi. Va Maradona har bir sentni halol ishlab berdi. U sardor bo‘lgan jamoa Italiya chempioni bo‘ldi, shuningdek, Italiya va UYeFA kubogini hai qo‘lga kiritdi. Biroq Maradona Argentina terma tarkibi o‘yinchisi sifatida jahon chempionatidagi italiyaliklar safini tark etgach, muxlislar, jurnalistlar va sport to‘ralari tomonidan haqiqiy ta’qib boshlandi. Bir o‘yindan so‘ng uning qonini tekshirishdi va tibbiy tahlil Maradonaning organizmida kokain borligini ko‘rsatdi.

Diyego – qiziqqon yigit va ko‘pchilik u shu tariqa qattiq hayajonini bartaraf etishini bilardi. Bir necha kun o‘tib, Maradona hibsga olindi. So‘roq davomida u tanglikni yengish uchun narkotik qabul qilganini tan oldi. Argentina faxri ustidan qattiq hukm chiqarmadilar, lekin u futboldan bir yarim yil muddatga chetlatildi.

Shuncha muddatli tanaffusdan so‘ng Maradonani Neapolda intiqlik bilan kutishdi. Biroq shartnoma amalda bo‘lishiga qaramay, Diyego klubga qaytmadi. U bir tomonlama tartibda «Napoli» bilan bitimni uzdi va jarimaning hammasini o‘z cho‘ntagidan to‘ladi!

Villadagi otishma

Diyego «Sevilya»da to‘p surish uchun Italiyadan Ispaniyaga o‘tdi. Bu esa uzoq davom etmadi. Ko‘p o‘tmay u Argentinaga qaytdi. U yerda AQShda o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Maradona hech qachon narkotiklarga qaytmasligini va Argentina chempion bo‘lishi uchun bor kuchini sarflashga va’da berdi. Greklar ustidan qozonilgan g‘alaba buning go‘zal debochasi bo‘ldi. Ammo...

Ammo kutilmaganda tuzatib bo‘lmas hodisa ro‘y berdi: doping nazorati natijasida bu futbolchining qonida narkotik unsur – efedrin borligi aniqlandi. Hech qanday tushuntirish-izohlar qabul qilinmadi va uni sharmandalarcha chempionatdan chetlashtirishdi. Qolgan barcha o‘yinlarni Diyego ko‘z yoshlarini qora ko‘zoynak ortida yashirgan holda tomoshabinlar orasida kuzatib o‘tkazdi.

«Sochlaringni sariqqa...»

Dunyodagi eng iste’dodli futbolchining mavqei shu tariqa sharmandalarcha yakun topdi. Katta sportga qaytishga bo‘lgan barcha urinishlar muvaffaqiyatli kechmadi. Maradona o‘zini trener sifatida sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi, ammo buning ham nafi bo‘lmadi.

Maradona serg‘alva mashmashalardan chiqmay qoldi. Bir safar u «yurakning notekis urishi» tashxisi bilan shifoxonaga tushdi. Keyin aniq bo‘ldiki, aslida bu tashxis boshqacha – «kokainni ko‘p qabul qilish» deb nomlanar ekan. Keyin u Kubaga otlandi. Ozodlik orolida Diyego giyohvandlikka mutelikdan davolanmoqchi edi. Sochlarini sariqqa bo‘yab, sezilarli tarzda to‘lishgan Maradona o‘ng bilagidagi Che Gevarning siymosini ko‘z-ko‘z qilgancha kamera qarshisida savlat to‘kadigan bo‘ldi.

Vataniga qaytgach esa u ortiqcha ko‘zlardan qochish uchun villasiga yashirindi. Xira jurnalistlar unga tegishli mulkka kirganlarida esa Maradona do‘stlari bilan pnevmatik (siqilgan havo yordamida ishlaydigan) miltiqdan ularga qarata... o‘q uzdi. Tergov, sud, yana g‘alvalar! Biroq aynan Diyego Maradona otishmani olib borganini isbotlab bo‘lmadi. Qolaversa, eng asosiy ashyoviy dalil – miltiq g‘oyib bo‘lgan edi.

Gebbels «Rolls-roys»i

O‘sha yilning aprel oyida jahon futboli yulduzi yana shifoxonaga yotqizildi. Vaholanki, u stadionda bo‘lib, sevimli jamoasining o‘yinini kuzatgan, mamnuniyat bilan dastxat ulashgan edi. Birdan yurak xuruji tutib, u zudlik bilan klinikaga olib ketildi. Ertasi kuni Argentina ommaviy axborot vositalari Diyego Maradona peshobi tahlilida kokain nishonasi borligi haqida xabar tarqatdi.

«Maradonaning tanasi zaharga shunchalik to‘yinganki, bu organizmni halokatga duchor qilishi tayin edi», – deyishdi shifokorlar. Hushini yo‘qotgan Maradona sun’iy nafas oldirish uskunasiga ulab qo‘yilgandi. Bir necha kundan so‘ng uning ahvoli yaxshilandi. Maradona o‘ziga keldi va bir necha kun o‘tib, klinikadan javob berildi.

Maradona qayerda bo‘lmasin, xotini hamisha uning yonida edi. Diyego Klaudiya bilan uzoq 1976-yilda raqs chog‘ida tanishgan edi. Ikkinchi kunidayoq uni ota-onasiga tanishtirdi. Ular fuqarolik nikohi asosida birga yashay boshlashdi, to‘yni esa o‘n uch yildan so‘ng – Dalma Nerea va Yanina Dinara ismli qizlari es-hushlarini taniganida o‘tkazdilar.

To‘y rosa serhasham o‘tdi – bir yarim ming nafar mehmon tashrif buyurdi. Nikoh oqshomiga kelin-kuyov o‘tirgan «Rolls-Roys» bilan qo‘shib hisoblaganda hammasi bo‘lib ikki million dollar pul sarflandi. Aytishlaricha, ushbu avtomobil qachonlardir Gebbelsga tegishli bo‘lgan.

«Klaudiya shu qadar uzoq kutdiki, men uni xushnud qilmasam bo‘lmasdi», – deya izohladi Maradona to‘yining bu qadar quloch yozgani sababini.

O‘g‘il... kimniki?

1987-yilda, biz yuqorida tilga olgan Kristiana Sinagra, matbuotga Maradonadan o‘g‘il ko‘rganini e’lon qildi. Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalarida shovqin-suron boshlandi, Maradona esa bunga hech qanday sharh bermadi.  Shu tarzda uning otaligi isbotlanmay qoldi. Diyego Sinagra ismli bu «o‘g‘il» professional futbolchi bo‘lib yetishdi va plyaj futboli bo‘yicha Italiya terma jamoasida to‘p surdi. Aynan shu shov-shuvlar bois Maradona jamoatchilikda kam ko‘rinadigan, yaqin do‘stlari bilan faqat yopiq restoran va kafelarga tashrif buyuradigan bo‘ldi. Bunga olomon orasidan Maradonaga qarata irg‘itilgan tosh ham sabab bo‘ldi.

Xorxe Valdanoning so‘zlariga ko‘ra, «Maradonaning hayoti – uning shaxsiy dramasi. Butun insoniyat unga, u esa butun insoniyatga hasad qilardi. Barcha Maradonadek yashashni xohlar, u esa, aksincha barcha kabi umrguzaronlik qilishni istar edi. Diyego ertalab soat sakkizda turib, bolalarini maktabga eltishni xohlardi. Qaytishda do‘konga kirib, oziq-ovqat xarid qilishni, kechqurun esa rafiqasi va farzandlari bilan ko‘chada sayr etish yoki restoranda ovqatlanishni istar edi».

«Uydan ketaman...»

1988 yilning 2 aprelida Maradona va Klaudiyaning qizalog‘i dunyoga keldi. Uni Diyegoning onasi nomi bilan Dalma Nereya deb atadilar. Rasmiy nikohdan o‘tmaganlariga qaramay, ular o‘zlarini unashtirilgan va er-xotin hisoblashardi. 

Oradan bir yil o‘tib, 1989-yil 16-mayda Maradonaning ikkinchi qizi tug‘ildi. Unga italyancha Jannina Dinora deb ism qo‘ydilar.

Qarangki, qizaloqlar tug‘ilgach, boz ustiga, yuqorida aytganimizdek, Diyego Maradona va Klaudiyaning to‘yi o‘tganiga qaramay, ularning keyingi ittifoqi uncha uzoqqa cho‘zilmadi. 2003-yilning 7-mart kuni Klaudiya eri bilan ajrashish haqida sudga ariza berdi. Buning sababi, Maradona 1998-yilda uyidan ketib qolganida edi. Ajrimga qaramay, sobiq er-xotinlar yaxshi munosabatda qoldilar. Hatto keyinroq Klaudiya Maradonaning agenti sifatida ham ishladi.

Maradonaning qizi Jannina futbolchi Serxio Agueroga turmushga chiqdi. Dalma esa hayot rishtasini Argentina terma jamoasi matbuot kotibi Fernando Molina bilan bog‘ladi.

Afsonaviy futbolchining o‘ziga kelsak, u 2005-yildan buyon o‘zi tug‘ilgan yurtdan bo‘lmish Veronika Oxeda bilan uchrashib yurdi.

Mashmashalar davom etadi

Argentina termasidan ketgach, Maradona trenerlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldi. U Portugaliya termasi yoki Angliyaning «Aston Villa» klubi bosh treneri kursisini ko‘zlagan edi. Diyego yana terma jamoa bosh trenerligiga qaytishga xohish bildirdi, buning uchun o‘z yordamchilarini ishdan bo‘shatishga ham rozi bo‘ldi. «Clarin» va «La Nacion» jurnallari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma yakuniga ko‘ra, 90 foiz respondent uning milliy termaga qaytishiga qarshi ovoz bergan.

Maradona, shuningdek, muntazam ravishda xayriya tadbirlarida ishtirok etdi. 2010-yilning 29-sentyabrida u Moskvaga tashrif buyurdi va «Hublot» soatlarini namoyish etdi. Maxsus o‘yinda ham qatnashdi, undan tushgan 500 ming dollar mablag‘ saraton xastaligidan aziyat chekadigan bolalar uchun ajratildi.

«Men ushbu taklifni bajonidil qabul qildim, – dedi Maradona. – Men ko‘proq pul ishlashni judayam xohlagandim, chunki xasta bolalar mablag‘ga o‘ta muhtojligini tushunaman. Men o‘zim buvaman, bolalar kelajagimiz ekanligini yaxshi anglayman. Bolalarga yordam berishni juda-juda istagan edim, har holda bunga erishdim, degan umiddaman».

O‘shanda Janubiy Amerikada «afsonalar kubogi» o‘tkazildi. Plata Del Mardagi o‘yin 8 ming tomoshabinni jamladi. Bu bejiz emas, axir maydonda Argentina va Kolumbiya kabi raqib jamoalar to‘p surdi-da! Ikkala tarkibda esa Diyego Maradona va Karlos Valderram nomli mashhur o‘yinchilar bor edi. O‘tmish yulduzlari bu o‘yinni haqiqiy tantanaga aylantirdilar. Argentinaning sobiq vorisi raqib darvozasiga chiroyli gol ham kiritdi.

So‘nggi yillari

2017-yilning 8-mayida Maradona Birlashgan Arab Amirligining «Al-Fujayra» klubini boshqardi, biroq 2018 yil aprel oyida u yerdan ketdi. Jamoa uchinchi pog‘onadan ko‘tarila olmagan edi.

Maradona Meksikaning «Dorades de Sinaloa» klubini boshchilik qildi. 2018-yilning yanvar oyida u oshqozonda qon ketishi tufayli shifoxonaga yotqizildi. Jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi.

2019-yilda «Dorados» finalgacha bordi, ammo «Atletiko San-Luis»ga yutqazdi. Maradona bu klubni ham tark etdi. O‘sha yilning 6 sentyabrida u «Ximnasiya va Esgrima» klubi bosh trenerligiga tayinlandi. Klub muxlislari soni 3 mingtaga oshib ketdi. «Ximnasiya va Esgrima» o‘z raqiblariga uch marta yutqazdi, keyin birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Maradona iste’foga chiqdi, biroq ikki kundan so‘ng u chaqirib olindi. Mavsum yakuniga ko‘ra, «Ximnasiya va Esgrima» Argentina chepionati oliy divizonidan uchishi kerak edi, ammo COVID-19 sababli mavsum oldinroq yakunlandi. Maradona shartnomani 2021-yil dekabriga qadar uzaytirdi. O‘zining aytishicha, bu vaqt mobaynida Venesuela terma jamoasini boshqarishni taklif qilishgan, ammo u rad etgan.

2020-yil 3-noyabr kuni Maradona yana shifoxonaga yotqizildi. Tag‘in jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. So‘ng javob berildi. 25-noyabrda futbol muxlislari uchun noxush xabar tarqaldi. Diyego Armando Maradona yurak yetishmovchiligi tufayli hayotdan ko‘z yumdi. TN telekanali xabariga ko‘ra, bu xastalikdan tashqari, u boshqa kasalliklar: jigar sirrozi, buyrak xastaligi va miokardiofibrozdan ham aziyat chekkan. Futbol yulduzini so‘nggi manzilga kuzatish uchun tarnaqator navbat yetti mavzegacha cho‘zilib ketdi.

Akbar Fathullayev

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring