Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Qozog‘iston zamonaviy beshkurash federatsiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Qozog‘iston zamonaviy beshkurash federatsiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

Poytaxtimizda O‘zbekiston va Qozog‘iston zamonaviy beshkurash federatsiyalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini yanada ommalashtirish maqsadida 2017 yilning fevral oyida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi tashkil qilingan edi.

Zamonaviy beshkurash sportning ot sporti, qilichbozlik, o‘q otish, yugurish va suzish kabi sport turlarini o‘zida birlashtiradi.

Beshkurash sport turini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi va Qozog‘iston zamonaviy beshkurash federatsiyasi bilan memorandum imzolandi.

– Ushbu memorandumda ikki mamlakat sportchilarining malakasini oshirish, murabbiylarning o‘zaro tajriba almashishini taminlash va hakamlarning yangi qonun-qoidalari bo‘yicha malakalarini oshirish kabi bir qator vazifalar belgilandi, – deydi Qozog‘iston beshkurash federatsiyasi vitse-prezidenti Anvar Malik. – O‘zbekiston so‘nggi yillarda har bir soha kabi sportda ham eng rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Umid qilamizki, bizning hamkorligimiz har ikkala davlat sportchilari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

– Har bir sport turi kabi zamonaviy beshkurashda ham o‘zbek sportchilarining iqtidori va yuksak saviyasini dunyo tan olmoqda, – deydi O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev. –Asosiy maqsadimiz 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritib va unda sportchilarimizning munosib ishtirok etishidir. Shu sababli ham mazkur sport turi rivojlangan qator davlatlar bilan hamkorlik memorandumini imzolamoqdamiz.

Eslatib o‘tamiz, 11 dekabr kuni O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi va Qatar beshkurash federatsiyasi bilan hamkorlik memorandum imzolangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring