Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev federatsiyalar va hokimliklarni tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev federatsiyalar va hokimliklarni tanqid qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Yurtimiz vakillari o‘tgan yilgi Osiyo o‘yinlarida jami 70 ta, jumladan, 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallagan edi. 

Joriy yilning o‘tgan davrida esa xalqaro musobaqalarda jami 442 ta, jumladan 145 ta oltin, 134 ta kumush va 163 ta bronza medali qo‘lga kiritildi.

Yig‘ilishda bundan keyingi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, buning uchun joylarda zarur sharoit yaratish masalalari muhokama etildi.

2020-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ahvoli qoniqarli emasligi, qator sport federatsiyalari va hokimliklar yuqori natijalarni ta’minlaydigan sportchilarga sharoit yaratishga yetarlicha e’tibor bermayotgani tanqid qilindi.  

Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga saralab olingan sportchilarning yaqin oylarda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rin egallab, Olimpiadaga litsenziyani qo‘lga kiritishlari uchun yanada keng shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Albatta, moddiy-texnik baza muhim. Lekin natijani iqtidorli sportchi ta’minlaydi. Bunday yoshlarni topish uchun esa kuchli seleksiya tizimi zarur. 

Ammo joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi hozircha talabga javob bermaydi. Misol uchun, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi 131 ta shahar va tumanda joriy yilgi musobaqalarni moliyalashtirishga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmagan. Yoki respublika miqyosida o‘tkazilgan 230 ta musobaqada ayrim shahar va viloyat jamoalari umuman ishtirok etmagan. Bu milliy terma jamoalar tarkibiga mahoratli sportchilarni saralab olishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bois yig‘ilishda har bir hududdagi sport muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, seleksiya va iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring