Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«SSSR effekti, Rossiya manfaatlari va antixitoy kuchlari» — Chiroqsizlik oqibatlari, sabablari va xulosalar…

«SSSR effekti, Rossiya manfaatlari va antixitoy kuchlari» — Chiroqsizlik oqibatlari, sabablari va xulosalar…

Foto: «Xabar.uz»

Kechagi blekaut mamlakat hayotida sezilarli iz qoldirdi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi, oqibatlar qanday va nimalarni xulosa qilishimiz lozim?

Qo‘shnilar aybdor (mi?)

Soat 10:57 da Qozog‘iston Respublikasi elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi natijasida Olmaota, Shimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. Buning natijasida Qirg‘iziston elektr tarmog‘ida, jumladan, Bishkek, O‘sh va boshqa barcha shaharlarda elektr energiyasi o‘chishi kuzatildi. Yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Qozog‘istondan keluvchi 530 liniyadagi kuchlanish va chastotaning keskin o‘zgarishi oqibatida Toshkent GRES, Sirdaryo GRESda avariya himoya vositalari ishlab ketib bu ikkala stansiyaning ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan. Har holda vazirlik shunday yozgandi. So‘ngra nimagadir bu xabarni o‘zgartirib qo‘yishdi. Sababi bizga qorong‘u…

Umuman olganda, mamlakatimiz va Qozog‘istonning bergan rasmiy bayonoti bir-biridan farq qildi. Qozog‘iston tomoni esa, buni O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimida yuzaga kelgan avariyaviy nomutanosiblik keltirib chiqarganini ta’kidlagan. Bizdan farqli ravishda, hanuzgacha Qozog‘iston tomoni xabarini o‘chirmadi ham, o‘zgartirmadi ham.

Kim nima deyapti?

Umuman olganda, elektr energiyasi o‘chishi hodisasini xorij matbuoti keng tarzda yoritishga kirishdi. Ayniqsa, rus matbuoti jarayonda juda faol bo‘ldi. Masalan, «RIA Novosti» 5 soatda 50 dan ziyod post e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda 1000 ga yaqin postlar qo‘yildi. Siyosatchilar, ekspertlar, tahlil markazlari turli fikrlar berdi.

Bir nechtasini keltirib o‘taman:

SSSR effekti: SSSR tarqab ketdi, ammo uning tuzilmasidan foydalanish hanuzgacha davom etyapti. Qisman yangilangan bo‘lsa-da, elektr energiyasi tizimi shular jumlasidandir. Avariyaning sabablaridan biri eski tizim tuzilmasi, deb taxmin qilinmoqda. Tobora ko‘p iste’mol qilinayotgan energiyaga tizim dosh berolmagan bo‘lishi mumkin.

Rossiya manfaatlari: Markaziy Osiyodagi blekautning vahimasi mamlakatimizda qurilajak atom elektr stansiyasiga oid bahslarga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishiga qarshi tomon ham bu voqeadan so‘ng o‘yga tushib qolishi tayin. Zero, elektr inqirozi fonida poytaxtimiz Toshkentda stressli holat yuzaga chiqdi. Sham, yoritish uskunalari, ichimlik suvi kabilar narxida bu sezildi. Metro to‘xtab qolishi va gaz quyish shoxobchalari ishlamay qolishi ortidan taksilar narxi oshdi. Bu faktorlar elektrning mamlakat hayotidagi roli yuqoriligini eslatib qo‘ydi. Endi «atom elektr stansiyasi bu muammolarni hal qiladi», degan ta’kid yanayam baralla yangrashi mumkin.

Antixitoy kuchlar va kriptovalyutalar: Siyosiy fanlar bo‘yicha mustaqil tahilchi Doniyor Ro‘zmetov o‘z kanalida boshqa bir fikrni ilgari surgan.

«Nufuzli fransuz nashrlaridan biri «Le Monde» men bilmagan bir ma’lumot haqida yozdi. Qozog‘iston dunyodagi ko‘plab davlatlar, xususan Xitoy uchun kriptovalyuta ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kirar ekan. Kriptovalyuta ishlab chiqarish esa elektr energiyasini juda ko‘p iste’mol qilar ekan. Avvalroq, Kosovoda aynan kriptovalyutalar sababli elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelib, hozirda Kosovo bu faoliyatni taqiqlagan ekan.

Qozog‘iston esa sovet davridan qolgan eski tizimlari bilan kriptovalyuta ishlab chiqarishga zo‘r berib, bugungi holatga sabab bo‘ldimikan degan taxminlar ilgari surilgan.

Ma’lumot uchun, dunyo kriptovalyutalarini saqlovchi «xotira disklar»ning ancha qismi Qozog‘iston hududlarida joylashgan bo‘lib, yaqindagi Qozog‘iston voqealari paytida internet yopilishi oqibatida ularning faoliyatiga katta ta’sir qilgan va oqibatda kriptovalyutalarning kursi tushib ketgan edi», — deb yozadi u.

«Le Monde» xabari fonida shunday xulosa yuzaga keladi. Kriptovalyutalar bilan bog‘liq muammo Xitoyda kichik biznes, o‘yin sanoati, umuman olganda, «AyTi»ga aloqador ayrim sohalarda o‘z aksini topishi mumkin. Shu sabab ham Xitoy hukumati Markaziy Osiyodagi vaziyatga befarq emasligini ko‘rsatdi. Xitoy yaqin uch yil ichida Markaziy Osiyo davlatlariga 500 million dollar miqdorida beg‘araz yordam hamda turli soha xodimlari malaka oshirishi uchun 5 ming kishilik kvota ajratadi. Bu haqda XXR raisi Si Szinpin «Markaziy Osiyo – Xitoy» sammitidagi nutqida aytib o‘tgan.

Bundan tashqari, kiberhujum degan nazariya ham bor. Bu ham asosli bo‘lishi mumkin. Ammo kiberhujum ham qandaydir sabab bilan sodir bo‘lishi kerak.

Oqibat…

Kimnidir aybdor qilishdan osoni yo‘q. Ammo voqeaning oqibatlarini tahlil qilish ko‘proq dolzarbdir. Iqtisodchi Bekzod Hoshimov AQShda sodir bo‘lgan bir holat haqida yozdi: «Bundan salkam yigirma yil oldin, AQShda dunyo tarixidagi eng katta svet o‘chishi sodir bo‘lgan edi. Asosiy iste’molchilarga 7 soatda svet qaytdi, umuman olsak, barcha asoratlarini yo‘qotishga 4 kun ketdi. O‘ylaymanki, bizdagi bugungi kun voqealari paytidagi hukumatning tez va yaxshi shakllangan kommunikatsiya taktikasi va kulfatning oldini olishga bo‘lgan harakatlari kelajak uchun tayyorlanadigan qonunchilik yaratilganida tajriba sifatida inobatga olinadi. Aminmanki, kelajakda bunday narsalar qaytarilmasligi haqida kerakli chora-tadbirlarni ko‘rganimizda, bugungi kun tajribasi eng muhim nuqta bo‘ladi».

Mamlakatimiz hukumati voqelikka tezkor reaksiya berdi. Ma’lumotlar vaqtida e’lon qilinib turdi. Bu ham aslida juda katta faktor. Vahimaga tushib qolgan xalq bilan tezkor ishlamasa, vaziyat bundanda yomon bo‘lishi mumkin edi. Elektrning uzilishi fonida ayniqsa poytaxtda murakkab vaziyat yuzaga keldi. Dastlab metrolarning, svetoforlarning ishlamay qolishi yo‘llarda keng miqyosli tirbandliklarni yuzaga keltirdi. Elektr yo‘qligi sababli nasos va generatorlar ishlamay qoldi va isitish hamda ichimlik suvi ta’minoti uzilib qoldi. Bularning hammasi bizni oqibatlar haqida yana chuqurroq o‘ylab ko‘rishga undaydi.

Xulosalar…

Blekaut fonida hukumat kutilganidan-da tezkorroq harakat qildi. Aholini vahima qilmaslikka chaqirdi, tez orada muammolar hal qilinishiga va’da berdi, soatma-soat ko‘rilgan choralar e’lon qilib borildi. Shunga qaramasdan, vaziyatni aholining o‘zi biroz qiyinlashtirdi. Masalan, pachkalab shamlar sotib olishdi, holbuki, bir uyga 2-3 ta sham bir sutkaga bemalol yetar edi. Bir necha litrlab ichimlik suvi sotib olishdi. Mabodo, vaziyat uzoq vaqt davomida yaxshilanmasa, degan o‘y bilan me’yoridan ko‘p miqdorda xaridlar qilindi. Bu esa narxlarga ta’sir qildi.

Deyarli butun O‘zbekiston chiroqsiz qolgan bir vaziyatdan hamma o‘zicha xulosa chiqardi. Eng asosiysi, bu voqeadan soha mutasaddilari yetarlicha xulosalar chiqargan bo‘lsin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring