Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yer qa’ridagi sirli siljish aniqlandi

Yer qa’ridagi sirli siljish aniqlandi

Foto: Freepik

Parijdagi Gustav Eyfel universiteti geofiziklari Yer qa’rida massalarning g‘ayrioddiy siljishini aniqlashdi. Ushbu tadqiqot natijalari Geophysical Research Letters jurnalidagi maqolada batafsil tasvirlangan.

Unda 2006 va 2008-yillar oralig‘ida Yerning mantiyasi va yadro chegarasida — taxminan uch ming kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan siljish haqida gap boradi.

Tadqiqotchilar GRACE — AQSh-Germaniya sun’iy yo‘ldoshidan olingan ma’lumotlardan foydalanishdi. Yer qa’rida massalarning siljishi tog‘ jinslari, xususan, perovskitlar tuzilishida o‘zgarishlar yuz berganidan dalolat berishi mumkin, deyishmoqda olimlar.

Bu minerallar ekstremal bosimda hosil bo‘ladi va anchadan buyon quyi mantiyaning muhim tarkibiy qismi deb hisoblab kelinadi. Ularning mavjudligini laboratoriya tajribalari ham, seysmik kuzatuvlar ham tasdiqlagan: bu hududda to‘lqinlarning o‘tish tezligi perovskit jinslarining xususiyatlariga mos keladi.

GRACE gravitatsion ma’lumotlari massalar siljishi Yer tortishish kuchining mahalliy o‘zgarishiga olib kelganini qayd etish imkonini berdi. Olimlar yadro va mantiya chegarasidagi deformatsiya (darz) taxminan o‘n santimetrga yetishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yadroviy suyuqlik harakatiga ta’sir ko‘rsatgan va kuzatilgan magnit anomaliyalariga olib kelgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu jarayonlarning aniq sabablari hali aniqlanmagan, biroq tadqiqot natijalari sayyoramizning ichki tuzilishini, shuningdek, uning geodinamik jarayonlarga, jumladan, zilzilalar va Yer magnit maydonining shakllanishiga ta’sirini chuqurroq tushunishda yordam beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring