Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lev Tolstoyning nabirasi ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizgan shoir fojiasi

Lev Tolstoyning nabirasi ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizgan shoir fojiasi

«Agarda men shoir bo‘lmasam, bo‘lar edim, bezori, o‘g‘ri...» Bu so‘zlar otashin shoir Sergey Yeseninga tegishli. Uning siyohidan tomgan satrlar jahon adabiyoti durdonasiga aylangan, millionlab insonlar dilidan joy olgan. Yesenin fenomeni adabiy jamoatchilikni hayratga solib, qalblarga shukuh bag‘ishlagan. «Fors taronalari», «Endi qaytmam uyimga», «Xurosonda bir darboza bor», «Bu dunyoda men bir yo‘lovchi», «Ona ibodati», «Shahinam, o, mening Shahinam» va boshqa she’rlari hozirgi kunda ham o‘z ohorini yo‘qotmagan. Afsuski, Pushkin, Lermontov kabi Sergey Yeseninning umri ham qisqa bo‘lgan...

Tog‘alar qiynagan jiyan

Sergey Aleksandrovich Yesenin 1895 yil 21 sentyabrda (ayrim manbalarda: 3 oktyabrda) Leningradning Ryazan guberniyasi Konstantinovo qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Aleksandr Nikitich Yesenin oddiy dehqon edi. Onasi Tatyana Fyodorovna Titova uy bekasi bo‘lib, Sergeydan so‘ng ikki qizaloq – Yekaterina va Aleksandrani dunyoga keltirdi.

Bo‘lajak shoir tug‘ilgach, oradan ko‘p o‘tmay otasi yollanib ishlash uchun Moskvaga ketdi. Shu bois Yeseninni tarbiyalash uchun bobosi (onasining otasi)ga berdilar. Buvaning uch nafar o‘g‘li bor edi. Keyinchalik Yesenin shunday deb yozgan: «Mening uch bo‘ydoq tog‘am shumtaka edi. Uch yarim yoshdan o‘tganimda ular meni egar-jabduqsiz otga mindirib, yeldirib yuborishdi. Ular kaminaga suzishni ham o‘rgatishdi: qayiqqa o‘tqazib, ko‘lning o‘rtasigacha borishdi va meni suvga irg‘itishdi. Sakkiz yoshimda tog‘alarimdan birining tozi itiga aylandim va otilgan o‘rdaklarni suvda tutib kela boshladim».

1904 yili Sergeyni Konstantinov umumdavlat maktabiga berishdi. Garchand reja bo‘yicha to‘rt yil o‘qishi kerak bo‘lsa-da (to‘rt yillik ta’lim berilardi), bo‘lajak shoir u yerda besh yil tahsil oldi. Sergeyni yomon xulqi tufayli ikkinchi yili o‘qishga qoldirishgandi. 1909 yili ushbu ilmgohni tamomlagan bolakayni ota-onasi Konstantinovdan 30 chaqirim olisda bo‘lgan Spas-Klepikskiy qishlog‘ining cherkov  qoshidagi boshlang‘ich maktabga berishdi. Ular Sergeyning qishloq o‘qituvchisi bo‘lishini xohlashar, bolaning orzusi esa boshqa edi.

1912 yili mazkur maktabni bitirgan Sergey Moskvaga ketdi va otasi yashayotgan umumiy uyga joylashdi. Bir oz vaqt go‘sht do‘konida ishladi. Otasi uni mahkamaga ishga kiritib qo‘ydi, biroq tez orada u bu joydan ketib, bosmaxonaga musahhih yordamchisi bo‘lib ishga kirdi. 1913 yili qahramonimiz Shanyavskiy nomidagi Moskva shahar xalq universiteti tarix-falsafa bo‘limining erkin tinglovchisiga aylandi.

Urushga borasan!

Bosmaxonada Anna Romanovna Izryadnova bilan tanishgan Sergey u bilan fuqarolik nikohi bo‘yicha umr rishtasini bog‘ladi. 1914 yil 1 dekabr (yangi hisob bo‘yicha 3 yanvar) kuni ularning Yuriy ismli o‘g‘li tug‘ildi (Yuriy 1937 yili tuhmat tufayli otib o‘ldirilgan). Sergey va Annaning birgalikdagi hayoti uzoqqa bormay ajrashdilar.

Oradan ko‘p o‘tmay Moskvadagi «Mirok» bolalar jurnalida Sergey Yeseninning birinchi she’ri – «Qayin» bosilib chiqdi. Bo‘lajak shoir I.Surikov nomidagi adabiy-musiqiy to‘garakka a’zo bo‘ldi. 1915 yili Sergey Aleksandrovich Yesenin Petrograd (hozirgi Sankt-Peterburg)ga yo‘l oldi. U yerda Rossiyaning XX asrdagi mashhur shoirlari Blok, Gorodetskiy, Klyuevlar bilan tanishib, o‘zining she’rlarini o‘qib berdi. Oradan bir yil o‘tgach, yanvar oyida Yesenin urushga chaqirildi. Do‘stlarining yugur-yuguri tufayli 143-harbiy-sanitar poyezdi sanitari bo‘lib tayinlandi. O‘sha yili Yesenin ilk she’riy to‘plamini chiqardi.

1917 yili Sergey Yesenin Zinaida Nikolevna Rayx bilan tanishdi. 30 iyul kuni unga uylandi. To‘y «Passaj» mehmonxonasi binosida bo‘lib o‘tdi. Ularning bir qiz va o‘g‘li dunyoga keldi. Tanya (1918–1992) va Kostya (1920–1986) deb ism qo‘ydilar (Tanya jurnalist va yozuvchi, Konstantin esa muhandis-quruvchi, futbol statistikasi bo‘yicha mutaxassis va jurnalist bo‘lib yetishdi). Biroq Yeseninning bu ayol bilan ham hayoti ko‘ngildagidek kechmadi. 1920 yillarning boshida u oilasini tark etdi. Oradan bir yil o‘tgach, Rayx bilan ajrashishi haqida ariza yozdi. Arizada u oilasini moddiy jihatdan ta’minlashni zimmasiga olganini qayd etgandi (Yesenin so‘zida turib, farzandlaridan mudom xabar olgan).

Toshkent taassurotlari

Sergey Yeseninning dostonlar yoza boshlagani 1919 yilga to‘g‘ri keladi. Bu davrda u Anatoliy Maristof bilan tanishdi. Shoir hayotining unutilmas damlari O‘rta Osiyoga tashrifi bilan bog‘liq. 1921 yil edi. Yesenin do‘sti Yakov Blyuminkin bilan Ural, Orenburjeda bo‘ldi. 13 maydan 3 iyungacha esa Toshkentda yashab, do‘sti shoir Aleksandr Shiryayevning uyida turdi. Bir necha marta omma huzurida chiqish qildi, adabiy kechalar, do‘stlarining xonadonida she’rlar o‘qidi. Aytishlaricha, Yesenin bir necha marta Eski shaharda, shuningdek, choyxonalarda bo‘lgan, O‘rda bo‘ylab kezgan. O‘zbek nazmi, musiqasi va qo‘shiqlarini sevib tinglagan. Do‘stlari bilan Toshkentning go‘zal maskanlariga tashrif buyurgan. Yesenin qisqa fursatga bo‘lsa-da, Samarqand va Buxoroga ham tashrif buyurgan.

1921 yilning 3 iyunida shoir Toshkentdan tark etdi va 9 iyun kuni Moskvaga qaytdi. Sharoit taqozosiga ko‘ra, uning qizi Tatyana hayotining ko‘p qismi Toshkentda o‘tdi.

Yesenin Toshkent sayohatidan katta taassurotlar bilan qaytgan edi. U yana oila qurish haqida o‘ylab qoldi. Sababi, Yesenin 1921 yilning kuzida A.Yakulov ustaxonasida amerikalik taniqli raqqosa Aysedora Dunkan bilan tanishgandi. Oradan yarim yil o‘tgach, ular rasman turmush qurdilar. Er-xotin birgalikda xorijga jo‘nab ketishdi. Germaniya, Belgiya, Fransiyaga safar qildilar.

Yesenin to‘rt oy mobaynida – 1922 yil may oyidan 1923 yilning avgustigacha AQShda ham bo‘ldi. «Izvestiya» gazetasi uning Amerikada yozgan «Temir Mirgorod» asarini e’lon qildi. Xorij safaridan qaytgach, Yeseninning Dunkan bilan nikohiga ham nuqta qo‘yildi.

19241925 yillarda shoir Ozarbayjonda bo‘lgan. U mahalliy nashriyotlardan birida saralangan she’rlar to‘plamini «Qizil sharq» bosmaxonasida chiqardi. Yesenin ijoddan bo‘shamadi.

Rossiyaga qaytgan shoir «Bezori», «Bezorining tazarrusi», «Bezori muhabbati» turkum she’rlari ustida ish boshlab yubordi. 1924 yili Leningradda Yeseninning yana bir she’rlar to‘plami chop etildi. Shundan so‘ng shoir «Anna Snegina» dostoni ustida ish boshladi va 1925 yilning yanvarida e’lon qildi.

Shoirni navbatdagi nikoh kutib turardi: u XIX asrning mashhur yozuvchisi Lev Tolstoyning nabirasi Sofya Andreyevna Tolstayaga uylandi. Biroq ularning birgalikdagi turmushi bor-yo‘g‘i bir necha oy davom etdi, xolos.

Ruhiy bemorlar maskani, mehmonxona va o‘lim

Gazetalarda Yeseninni aroqxo‘rlik, to‘polon, mushtlashuv va boshqa g‘ayriijtimoiy qilmishlarda qoralab, tanqidiy maqolalar chop etila boshlandi (ayniqsa, umrining so‘nggi damlarida). Bu bejiz emas, Yesenin quyushqondan chiqib ketardi. Aslida u emin-erkin hayot kechirishni juda xohlardi. Shoirni bezorilikda ayblab bir necha jinoiy ish ochilgani sababi ham shunda. Yesening o‘zini ayamasdi. «Singlimga xat» she’rida yozganidek:

Senga achinaman,

Yolg‘iz qolarsan.

Men esam tayyorman

Duelga, hatto

«Baxtlidir jomini ichib bo‘lmagan»

Va tinglab bo‘lmagan maydan ham navo.

1925 yilning 14 oktyabrida Sergey Yesenin ikki yil mobaynida ter to‘kib yozgan «Qora odam» dostonini tugatdi (mazkur asar shoirning o‘limidan so‘ng chop etilgan). Hukumat Yeseninning salomatligidan tashvishlanardi. Jumladan, 1925 yil 25 oktyabrda Rakovskiy Dzerjinskiyga xat yozib, «mashhur shoir Yeseninni – ittifoq miqyosida katta iste’dod egasini qutqarib qolish»ni so‘radi. Mazkur maktubda «huzuringizga taklif qiling, gaplashing va ichkilikka berilmasligi uchun GPUdagi o‘rtoqlardan birini qo‘shib sanatoriyga jo‘nating...» kabi so‘zlar bor edi. Dzerjinskiy mazkur xat burchagiga ko‘rsatma bitib, GPU ishlari boshqaruvchisi, kotib bo‘lib ishlaydigan V.D.Gersonga yubordi. Natijasi so‘ralganida Gerson bir necha marta to‘xtovsiz qo‘ng‘iroq qilgani, biroq Yeseninni topa olmaganini ma’lum qildi.

O‘sha yilning noyabr oyi oxirida Sofya Tolstaya Moskva universitetining ruhiy kasalliklar pullik klinikasi direktori professor P.B.Gannushkin bilan gaplashib, shoirni davolash uchun knikikaga yotqizishni kelishishdi. Bu haqda Yeseninga yaqin bir necha odam bilardi, xolos. 21 dekabrda Yesenin klinikani tark etdi. U Gozizdatdagi barcha ishonchnomalarni yo‘q qildi, omonat daftaridagi bor pulini olib, bir kun o‘tgach, Leningradga ketdi va «Angleter» mehmonxonasiga joylashdi. Umrining so‘nggi kunlarida shoir N.A.Klyuev, G.F.Ustinov, Ivan Pribludniy, V.I.Erlix, I.I.Sadofev, N.N.Nikitin va boshqa adabiyot namoyandalari bilan uchrashdi.

1925 yilning 28 dekabr kuni Sergey Yeseninni mehmonxonada o‘lik holda topishdi. U «Ko‘rishguncha, aziz do‘stim, ko‘rishguncha» nomli so‘nggi she’rini yozgan edi. Volf Erlixning guvohlik berishicha, Yesenin siyoh berishmayotganidan shikoyat qilgan, shu bois bu she’rini qoni bilan bitgan.

Yesenin hayoti tadqiqotchilarining fikricha, o‘sha oqshom shoir chuqur ruhiy siqilish holatida bo‘lgan. Shu sababli o‘z joniga qasd qilgan.

Dafn marosimidan so‘ng Yesenin jasadi poyezd orqali Moskvaga yetkazildi. Bu yerdagi matbuot uyida marhumning qarindoshlari va do‘stlari bilan vidolashuv o‘tkazildi. Mashhur shoir 1925 yilning 31 dekabrida Moskvadagi Vagankovskiy qabristonida dafn etildi.

1970–1980-yillarda Yesenining o‘z joniga qasd qilmagani, bu «sahnalashtirilgan xunrezlik» bo‘lgani haqida turli taxminlar qalqib chiqdi. Ya’ni, shoir avval shafqatsizlarcha o‘ldirilgan va osib qo‘yilgan.

Va bu... alohida mavzu!

A.Fathullayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring