Markaziy Osiyo — yangi iqtisodiy o‘sish markazi: Shavkat Mirziyoyev Peterburg forumida muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Ayni damda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jahon iqtisodiyotidagi tub o‘zgarishlar va mamlakatimizning yangi strategik o‘rniga bag‘ishlangan muhim nutq so‘zlamoqda.
Dunyo chuqur transformatsiya davrini boshidan kechirmoqda. Transport yo‘laklari butunlay o‘zgarib, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda. Sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar esa davlatlarning kelajakdagi o‘rnini belgilovchi asosiy omilga aylanib ulgurdi.
Prezident o‘z nutqida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi nafaqat geografik, balki iqtisodiy nuqtai nazardan ham global o‘zgarishlarning markaziga aylanib borayotganini ta’kidladi.
«O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda bu maqom yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda. Mintaqamiz Shimol va Janub, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi asosiy kommunikatsiyalar chorrahasi sifatida kelajak qiyofasini shakllantirmoqda.
Kuchayib borayotgan ayni tendensiyani yanada mustahkamlash uchun bizga sifat jihatidan yangi darajadagi bog‘liqlik nihoyatda zarur. Bu o‘rinda nafaqat an’anaviy transport-logistika va energetika yo‘laklarini birlashtirish, balki raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini integratsiya qilish haqida ham so‘z bormoqda. Kuchli, birlashgan, iqtisodiy jihatdan bog‘langan, ochiq va barqaror Markaziy Osiyo barcha sheriklarimizning strategik manfaatlariga javob beradi», — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev global beqarorlik sharoitida davlatlarning birlashuviga alohida e’tibor qaratdi. Prezidentga ko‘ra, faqatgina o‘zaro manfaatdorlik va barqaror kooperatsiya makonini yarata olgan davlatlargina kelgusi o‘n yilliklarda yetakchilik qiladi. Prezidentning ushbu chiqishi O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy siyosatida ochiqlik va pragmatizm ustuvorligini yana bir bor tasdiqladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter