Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Notinch hududdan qaytganlar» — Nega ular yana Isroilga borishmoqchi?

«Notinch hududdan qaytganlar» — Nega ular yana Isroilga borishmoqchi?

Samarqand xalqaro aeroporti yangi qiyofa olganidan buyon shu tomonlarga o‘tmagan ekanman. Birinchi qadamdayoq kirib-chiqish ancha erkinlashganini his etdim. Har holda kimga, nimaga, nima maqsadda degan savol berilmadi. O‘rtadagi terminaldan Jiddaga qutlug‘ safarga borayotganlar, boshqasida Moskvaga yo‘l olganlar... Sankt-Piterburg samolyotining qo‘nishi ham shu vaqtga to‘g‘ri kelyapti. E’tiborimni tortgani, ro‘yxatdan o‘tish jarayoni, samolyotlarning uchish-qo‘nishi bilan xabarlar mikrafondan yangramas edi. Lekin, to‘rt tarafda monitorlar bor gapni chiqarib turibdi...

Monitor soat 17 da qo‘nishi kerak bo‘lgan Tel-Aviv –  Samarqand reysi taxminan 55 daqiqaga kechikishini ham ko‘rsatyapti.

Samarqand  — Tel Aviv — Samarqand reysi joriy yilning 1 iyunidan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. Bu reys haftada bir marta, chorshanba kuni amalga oshiriladi. 

Samarqand xalqaro aeroportini boshqarayotgan Air Marakanda kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Mariya Sharavinani suhbatga tortdik.

– Isroil hukumatining ma’lum qilishicha, «Ben Gurion» aeroporti odatdagi, belgilangan jadvalda ishlayapti. Samolyotda yo‘lovchilar bandligi kelishda ham, ketishda ham sentyabr oyi qiyosida deyarli o‘zgarmagan. Bugun qo‘nadigan samolyotda 138 nafar yo‘lovchi bor. O‘tgan hafta bu raqam 132 nafar edi, undan avvalroq 141 nafar,  – dedi suhbatdoshimiz.

Ma’lum qilinishicha, samolyot tongda ham Samarqanddan Tel-Avivga odatdagi bandlikda uchgan.

Mariya Sharavina

Samarqand va Tel-Aviv oralig‘ida aviaqatnovni amalga oshirayotgan «Qanot Sharq» kompaniyasi boshqarayotgan samolyot – Airbus A321 220-236 o‘rindiqqa ega. Ushbu yo‘nalishda eng ko‘p yo‘lovchi bo‘lgani (210 nafar) iyul oyiga to‘g‘ri kelgan.

Aviakassalarda eng yaqin kunlar uchun ushbu yo‘nalish chipta narxlari haqida «15 oktyabrda Toshkentdan uchadigan reys uchun 6 mln 700 ming so‘m, qaytish uchun eng yaqin sana 22 oktyabrda Samarqandga bilet bor, 4 mln 868 ming so‘m» deyishdi.

Qadamingda gullar ochilsin

Samarqandda Xalqaro yo‘nalishdagi qatnovlar sayyohlik bilan bog‘lansa-da, yashirib nima qildik, Samarqand – Isroil aviaqatnovining asosiy qismi, mijozlari Isroilda ishlayotgan hamyurtlarimizdir. 

Tel-Aviv reysini kutayotganlar aeroportga o‘zgacha kayfiyat olib kirgandek. To‘planganlar orasida guldasta tutgan kishilar kam emasdi. Bino eshigi oldida mulfilm qahramonlari qiyofasidagi aktyorlar. Beqasam to‘n kiygan karnay-surnaychilar ham shu yerda.

Farzandini, ayolini, erini, onasini... kutib olish uchun chiqqanlar hali qariyb bir soat vaqt bo‘lsa ham bo‘sh o‘rindiqlarga o‘tirmas edilar. Kutuvchilar orasida emizikli bolalari bilan kelganlar ham bor.

Chaqaloqli, 30 yoshlar atrofidagi juvon shunday deydi: «Onam to‘yni o‘tkazish uchun kelayaptilar. Singlimni uzatayapmiz. Bilet bir oylar oldin olingan. Jami 45 kunlik ta’tilda shu yerda bo‘lib yana ketadilar. Isroilda bunaqa voqealar doimo bo‘lib kelgan. Xavotirga o‘rin yo‘q deb o‘ylayman»

Atrofida 4-5 nabiralari aylangan Shohsanam Nasrullayeva ko‘nglida borini samimiyat bilan ochib-sochdi:

– Urush boshlanganidan beri o‘zim ham, dadasi ham tinchimizni yo‘qotdik. Tunda uyqusizlik. Kunduzi, hali telefonga qarayman, hali bolalarga yutubdan Isroilni qo‘yib ber deyman, televizorda ahvolni ko‘raman. O‘ziga har ikki soatda telefon qilaman. «O‘zing yaxshimi, kampiring yaxshimi?», «O‘zing yaxshimi, kampiring yaxshimi?» Boshqa gap aytolmayman. U esa «Biz tinchmiz, uydan chiqmaymiz, hatto mahsulotlarimizni ham xarid qilib olib keladigan xizmatlar bor» deydi. Kampirning turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tganda yolg‘iz qolmasin deb qizlari yordamchi olishgan. Kampir oyoqda, kasal emas. Dugonadek yurishardi. Kecha telefonda ko‘rishganda kampir rosa yig‘ladi, dadasi esa unga «Mening ham to‘rt bolamdan boshqa hech kimim yo‘q» deyotganda ovozlari titrab ketdi. Ularning aka-ukalari, opa-singillari yo‘q-da, – deydi Shohsanam opa.

– Vaziyat tinchlansa, yana jo‘natasizmi?

– Yo‘q, boshqa bormaydi. Yarimta non – huzuri jon, – deydi ona. 

Ayolning aytishicha, qizi Iyerusalimdagi xonadonda 5 yil ishlagan. Bungacha esa er-xotin Moskvada bir necha yillarini o‘tkazishgan. Kuyovi oshpazlik qilgan, qizi go‘zallik salonida ishlagan. Hozirda kuyovi Samarqanddagi restoranlardan birida oshpaz bo‘lib, yaxshigina maosh olayapti ekan.

Shohsanam opa oyoq ostida o‘ralashayotgan bolalardan xijolat bo‘lgandek, yashirincha chiqmoqchi bo‘lishgani, lekin, kichkintoylar mashinaga ulardan oldin chiqib olganini aytadi. Bolalar orasida oq guldasta ko‘targan, onasi Isroildan qaytayotgan qizaloq eng xushbaxti bo‘lib ko‘rindi.

 Shohsanam Nasrullayeva nabiralari bilan

«Ham kelinim, ham qizim o‘sha yerda.Qizim qoldi, kelinim tushgan joy biroz notinch ekanmi yoki qo‘rqdimi, ketaman deyaverdi, kel dedik», deydi yana bir onaxon.

Qaytganidan xursand, lekin yana bormoqchi...

Nihoyat, yo‘lovchilar birin-birin chamadonlarini sudragancha zalga kirib kelaverishdi. Ularning aksari, o‘zbekistonlik ekani, o‘z uyiga qaytayotgani bilinib turgan mehnat muhojirlari. Ayollar qatori erkaklar ham kam emas. Urush bo‘layotgan mamlakatdan uzoq yo‘l bosib qaytgan insonlarni bafurja suhbatga chorlash imkonsiz edi. Ammo, qisqa javoblar ham nimalarnidir anglatardi.

«Odatdagi  ta’til. Biz borguncha tinchib qolar nasib bo‘lsa!»

«Uzr, hozir stressdaman. Qaytib bormaydigan bo‘lib, pensiyaga chiqib kelayapman»

Yaqinlari bilan quchoqlashib ko‘rishayotgan bir ayol ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

«Bor-yo‘g‘i ikki yil ishladim. O‘n yillab ishlagan bo‘lsam, «bo‘ldi, bas» deb qolaverardim. Ta’tilim tugasa, tinchlik bo‘lsa, yana borishim kerak. Kamchiliklarim hali ko‘p»

«Ikkinchi regionda ishladim. Rosti, ko‘z o‘ngimga bolalarim kelaverdi. Lekin, xuddi shu regionning boshqa hududlarida nisbatan sokinlik edi»

«Vaqt ko‘rsatadi, o‘zi Rossiya urush boshlaganda, u yerdan qochib Isroilni tanlagan edik... Vaziyat barqarorlashsa, yana borarman, bo‘lmasa yana Rossiya-da. Lekin, Isroilga katta pul bilan ishga boriladi. Bilasiz-a...»

«Har birimiz bittadan ortiq chamadon ololmadik. Chunki ko‘pchilik edik, mashinada tiqilinch keldik. Mamlakat ichkarisida taksi va transport harakati hamma joyda ham bir xil emas. Shu reysda 15 nafar qarindoshlar uchdik. Yana shuncha odamimiz kelgusi reysda keladi. Avlodimizdan ko‘pchilik Isroil fuqaroligini olgan. Onamning buvilari yahudiy o‘tgan ekanlar. Biz buni ulg‘ayganimizda bildik»

Yo‘lovchilar orasida aravachada, kichrayib mung‘ayibgina qolgan, yoshi ulug‘ yahudiy ayol ham bor edi. Uni o‘zi parvarish qilayotgan ayol hamroh olib kelganini bir qarashda ilg‘aysiz. Ularni suratga tushirgan edim, boquvchi e’tiroz bildirdi...

Zalga kirayotganlar orasida yuz-ko‘zidan yahudiy ekani ko‘rinib turgan insonlar ham bor edi. Ular ehtimol odatdagi sayyoh sifatida Samarqandni ko‘rmoqchi bo‘lganlardandir. «Har holda qochib kelayotgan bo‘lsa ham, hech kim buni aytmaydi-ku», deydi akasini kutayotgan yigit.

Samarqand va Isroilni bog‘laydigan rishtalar oz emas. Samarqanddagi «Sharq» mahallasida yahudiy xalqi shahardagi boshqa millat vakillari bilan ahillikda uzoq yillar yashagan. Ularning Isroilga ommaviy ko‘chishi o‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligiga to‘g‘ri kelgan. Samarqanddan ko‘chib ketgan yahudiylar vaqt-vaqti bilan kelib, qo‘nim topadigan mehmonxona egasi yigirmaga yaqin mehmonini kutayapti. Karnaychi-surnaychilar ularning sharafiga chaqirilgan ekan. Ertak qahramonlari kiyimidagi aktyorlar esa ota-onasi samarqandliku, o‘zi Isroilda dunyoga kelgan qizaloqning tug‘ilgan kuniga buvining qutlovi.

Aeroportda aytilmagan gaplar

Aeroportdan qaytib, voqealar ichida bo‘lganlardan keraklicha ma’lumot ololmagandek his qildim o‘zimni. Shunda feysbukdagi «Isroildagi Samarqandliklar» guruhini  biroz «titkiladim». Samarqanddan bir ayol: «Hozir men Isroilga borsam bo‘ladimi, yo‘qmi?» deya u yerda ishlayotganlardan maslahat so‘ragan. Javoblardan ayrimlari:

«Yo‘q... Urush»

«Singiljonim, xali kelmay turing.Uzoq yillardan buyon ishlayotganlar stressdayu, siz yangidan kelsangiz, vahimayu qo‘rquvdan bir kasalni orttirib olmang. Hozirda ko‘plab metapelitlar (qarovchi) tushkunlikda, stressda. Ayniqsa, hozirda aynan urush bo‘layotgan joylarda metapeletlar kerak bo‘layapti»

 «Hozircha bormang. Hayotingizni xavfga qo‘ymang!»

«Bu yerda qancha odamimiz Xudoning panohidayu, kelayotgan bitta odamning hayoti xavfdami? Musofirni Xudoning o‘zi asraydi»

«...Mi tut v takom straxe jivyom»

 «Agar hujjatlaringiz tayyor bo‘lsa, rad qilmang. Kelavering»

«Bu yerda urush tugashini kutsangiz, hech qachon urush tugamaydi. Lekin, dollar juda ko‘tarilib ketdi. 20 ming dollar sarflab kelishga arzimaydi»

«Shukr qilib oilangiz bag‘rida o‘tirmaysizmi? Ko‘ra-bila turib o‘zingizni ajal domiga tashlaysizmi?»

«Yuragingizni yaxshilab davolatib, keyin kelavering»

«Bu safar juda jiddiy bo‘layapti. Eshikni tepib kiraverishi mumkin, eshiklarni mahkam yopib o‘tiringlar deyishayapti. Shunday davom etaversa, hammamizni to‘plab, Vatanga olib qaytishi mumkin»

«Ilohim, hammamizga uylarimizga sog‘-omon yetib borish nasib qilsin»

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir qator davlatlar Isroildagi o‘z fuqarolarini maxsus reyslarda olib chiqqan va olib chiqmoqda.  Bu xabarlar ortidan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida ularni ham Isroildan olib chiqishlari mumkinligi borasida gap-so‘z tarqalgan.

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, bugunda urush bo‘layotgan mamlakatda 10 mingga yaqin vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston fuqarolari bor. Ammo noqonuniy tarzda faoliyat yuritayotgan, sun’iy tarzda Isroil fuqaroligini olganlar soni qo‘shilganda bu raqam yanada salmoqdor bo‘lishi aytiladi.

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring