Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ochig‘i talabalarimizning oddiy ishda ishlashini istamaymiz» – Amiti universiteti direktori (video)

Bugun o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish, kelajakda innovatsion tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki kreativ yondashuvga ega kuchli dasturchilikka talabgorlar soni ko‘p. Endilikda buning uchun xorijdan o‘quv dargohi izlab, umrni ota-ona, oila va vatandan yiroqda o‘tkazishga ham hojat yo‘q. Chunki dunyo standartlariga javob beradigan, jahon tan olgan oliygohlar o‘zimizda ham paydo bo‘lmoqda. Bular qatorida Toshkent shahridagi Amiti universiteti ham bor.

«Xabar.uz» muxbiri universitet haqida, reytinglar, startaplar va boshqa mavzularda Amiti universiteti boshqaruv direktori Bobur Abdullayev bilan suhbatlashdi.    

– Amiti universiteti haqida gapirganda ko‘z oldimizga Hindiston davlati keladi. Bu oliygohning Toshkent shahriga olib kelishidan qanday maqsadlar ko‘zlandi va uning boshqa universitetlardan farqi nimada? Shuningdek, birinchi yili talaba yig‘ishda qiyinchilik tug‘ilmadimi?  

– Avvalo, Toshkent shahridagi Amiti universitetiga xush kelibsiz. Xabaringiz bor, mazkur oliygoh yurtimizda 2019 yildan o‘z faoliyatini boshladi. Bunga asosiy poydevor bo‘lgan masalalardan biri – bu Prezidentimizning 2018 yili Hindistonga tashrifi hamda Toshkent shahriga axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha ushbu universitetni olib kelish topshirig‘i bo‘ldi. Sal o‘tmay, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshida mazkur universitet tashkil qilindi.

Yetti yildirki, Amiti Hindistondagi xususiy universitetlar ichida birinchi o‘rinni egallab keladi. Va ishonch bilan aytishimiz mumkinki, hind o‘lkasidagi eng yaxshi universitet O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshladi.

Amitini faqat Hindistondagi oliygoh deb tushunish ham noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki u global universitet – dunyo bo‘ylab 17 ta davlatda o‘z o‘rnini topgan. Shuningdek, eng nufuzli, ya’ni AQSh, Buyuk Britaniyadagi maxsus tashkilotlardan akkreditatsiya olib, diplomlarini standartlar asosida beradi va ta’limda ham sifatga jiddiy e’tibor qaratadi. Oliygoh O‘zbekistonga axborot texnologiyalari yo‘nalishini ko‘zlab olib kelingan bo‘lsa-da, hozirda universitetda biznes boshqaruvi, turizm, iqtisodiyot bo‘yicha ham ta’lim beriladi. Bundan tashqari, birinchi yildanoq iqtisodiyot va axborot texnologiyalaridan magistrlik dasturlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Endi Amiti universitetining boshqa oliygohlardan farqi – bunda, avvalo, bitiruvchilar diplom Hindiston tomonidan taqdim etiladi. Dunyo tan olgan tashkilotlardan akkreditatsiyadan o‘tgan diplom keyinchalik istalgan oliygohda o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratadi, bu degani, ertaga ularga hech qanday to‘siq bo‘lmaydi. Shuningdek, aniq bir yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli kadrlarni ham tayyorlab berishimiz mumkin, ya’ni dasturga o‘zgartirish kiritishga haqlimiz. Shu tomonlama ustunliklarga egamiz.

Umuman olganda, mamlakatimizda yangi tashkil etilayotgan universitetlar judayam ko‘p. Lekin Amitiga birinchi tashkil etilgan yildanoq talabgorlar ko‘p bo‘ldi, aniq aytsam, 5734 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 500 ga yaqin talaba tanlab olindi. Demak, dunyo tomonidan tan olingan bu universitet qanchalik mavqega ega ekani hamda mutaxassislar tayyorlashda sifatga jiddiy e’tibor berishini foydalanuvchilar allaqachon tushunib yetishgan.

– Sizningcha, yaqin yillarda yurtimizda AKT sohasida qanday ko‘zga tashlanadigan o‘zgarishlar bo‘ldi? Bunga universitet qanchalik hissa qo‘shyapti?

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasida juda katta ishlar qilinyapti. Chunki bu kuchli mutaxassislarga bog‘liq bo‘lgan kasb. Qo‘shimcha texnika yoki xizmatlar talab etilmaydi. Bu yo‘lda qo‘yilgan eng katta qadamlar deb – «Bir millionta dasturchi» loyihasining yo‘lga qo‘yilishi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi IT maktab va IT-Parkning ochilishi, Amiti universiteti hamda hududlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarining tashkil etilishini ayta olaman.

Bizning universitet ham o‘tgan yildan boshlab dunyo talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashga jiddiy kirishdi. Shuningdek, universitetimiz industriya, ya’ni keyinchalik korxonalar uchun kerak bo‘ladigan yo‘nalishlarda kadrlar yetkazib berish imkoniyatini ham taqdim etyapti. Chunki axborot texnologiyalari juda tez o‘zgaradigan soha, biz bunda tegishli korxonalar bilan kelishib, ular uchun kerakli texnologiyalar, yo‘nalishlar bo‘yicha alohida darslar tashkillashtirib, mutaxassislar tayyorlab beramiz. Hozirda universitet qoshida «Industrial Culture» tashkil etilgan bo‘lib, bunda Jamoatchilik kengashi, ya’ni O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan IT mutaxassislar, korxonalar bilan birgalikda nimalarga e’tibor berish va o‘qitish kerakligini o‘rganib, o‘quv dasturlarimizga o‘zgartirish kiritib olamiz. Keyin shu asosida kerakli mutaxassislarni yetkazib beramiz.

– Hozirgi jarayonlarda startaplar biz uchun qanchalik muhim?

– IT bo‘yicha butun dunyo, jumladan, O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari ham e’tibor qaratayotgan narsa bu startaplar. Ya’ni, yangi yo‘nalishdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi. Amiti universiteti o‘z faoliyatini yaqin bir yildan beri davom ettirayotganiga qaramay, hozirda startaplar bo‘yicha eng ilg‘or – IT-Park bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Universitetimiz kampusida aynan startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi alohida korxona tashkil etiladi va bu IT-Parkning bir qismi bo‘ladi. Bunda bizning mutaxassislar, talabalar tomonidan amalga oshirilgan startaplar keyinchalik korxona ko‘rinishiga keltirilishi uchun qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, Hindistonning o‘zida, butun dunyodagi Amiti oilasida startaplar uchun alohida ekotizim tashkil etilgan bo‘lib, u eng yaxshi loyihalarni tanlab olish va moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. Bu tizimga talabalarimiz tomonidan ishlab chiqilayotgan startap loyihalar ham kiritilgan.    

– Navbatdagi savolimiz qabul – 2020 jarayonlari haqida. Xabarimiz bor, bu yil o‘ziga xos, hali hech bir ta’lim dargohida qo‘llanilmagan yangicha yondashuvdan foydalanibsiz...

–2020-2021 o‘quv yilgi imtihonlarda O‘zbekistonda birinchilardan sun’iy intellekt imkoniyatidan foydalandik. Aytganingizdek, bu o‘ziga xos yondashuv bo‘lib, abituriyent yuzini tanib olish, atrofdagi fonda boshqa odamning paydo bo‘lishi, qo‘shimcha ovoz qo‘shilishi va hokazolarni tezkorlik bilan aniqlab, jarayonni to‘liq nazoratga oladi. Haqqoniylik va xolislik nuqtai nazaridan imtihonga O‘zbekiston tomonidan mutaxassislar jalb etildi. Imtihon davomida abituriyentlarning xatti-harakati maxsus platforma orqali Hindiston tomonidan biriktirilgan 56 nafar mutaxassis (professor)lar nazoratida bo‘ldi.

O‘zbekistondagi karantin choralari sabab bizda ham qabul jarayonlari onlayn tarzda amalga oshirildi. Hujjatlar amity.uz veb-sayti orqali elektron tarzda topshirildi.

Amiti universitetida oliy ta’limni 3 yilda tamomlash imkoniyati ham mavjud. Ya’ni, O‘zbekiston standartidan kelib chiqib, o‘qish ikkinchi bosqichdan boshlanadi, deyish mumkin. Aslida dunyo standartida birinchi yil «Foundation» deb nomlanadi. Bu umumiy ta’lim beruvchi yil bo‘lib, yo‘nalish tanlanmaydi. Bizda 11 yillik ta’lim bilan faqat «Foundation»ga kiriladi. Agar o‘quvchi 12 yillik, ya’ni kollejdagi 3 yillik ta’limni bitirgan va IELTSda eng kamida 6 ball olgan bo‘lsa, asosiy kursimizga topshirishi mumkin. Birinchi bosqichdan o‘qiydiganlarga IELTS talab qilinmasligi sababi, ularga bir yil davomida ingliz tili chuqurlashtirib o‘tiladi. Shuningdek, matematika, fizika yoki boshqa yo‘nalishlar ham. Keyingi yildan yo‘nalishi tanlanib, dasturchi bo‘ladimi, turizm yoki iqtisodiyot sohasimi, shunga qarab darslari davom ettiriladi.

2020-2021 o‘quv yili uchun ham 500 ta kvota belgilandi. Lekin bu Amiti universiteti 500 ta talabani olishga majbur degani emas. Chunki abituriyent hech bo‘lmaganda minimal talablarga javob berishi kerak. Sifat jihatidan 200-300 talaba to‘g‘ri kelsa ham, o‘qishni davom ettiraveramiz.

– Bugun nomdor universitetlar o‘rtasidagi raqobatda chetda qolib ketmaslik uchun ta’lim berishda o‘ziga xos yondashuvlar, taqdim etiluvchi imtiyozlar bo‘ladi, to‘g‘rimi?..

– Bizning universitetda o‘quv jarayonlari kontrakt, ya’ni shartnoma asosida tashkil etilgan. Ammo 2020 yil uchun ham birinchi besh foiz darajadagi o‘quvchilarga 10 foizli va birinchi o‘quv yilini tugatish natijasi bo‘yicha eng yaxshi ball olgan 10 foiz talabalarga 25 foizli chegirma taqdim etiladi.

Talabalarimizni aynan shu tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz. Bundan tashqari, o‘zining startapi yoki boshqa loyihalari, yaxshi o‘qishi, alohida ajralib turuvchi jihatlari bor o‘quvchi (shu yo‘nalishlar bo‘yicha)lar bizga hujjat topshirishsa, loyihalari komissiya bilan ko‘rib chiqilib, tasdiqlansa, 100 foizlik chegirma, ya’ni to‘liq grant berish imkoniyati ham mavjud. Bular kelayotgan yillarda taqdim etiluvchi chegirmalardir. Shuningdek, hozirda O‘zbekistondagi juda ko‘p korxonalar bilan muzokaralar olib boryapmiz, bunda ular talabalarga shartnoma pullarini to‘lab berishi evaziga keyinchalik shu korxonalarda ishlash tanlovini qo‘yadilar. Ochig‘i, bu jarayonda talabalarimizning oddiy korxonalarga borib ishlashini istamaymiz. Eng yaxshilarini tanlashga harakat qilamiz.

Universitetimizning o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi – bitiruvchilarning kelajakda o‘z o‘rnini topib, borgan joyida sifatli, yaxshi ish ko‘rsata olishlaridir. Chunki butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham universitetlar darajasi o‘quv jarayoniga qarab emas, balki bitiruvchilar sifat ko‘rsatkichidan kelib chiqib belgilanadi. Va Amiti universiteti bunga jiddiy e’tibor qaratadi.

– Gap sifat haqida borar ekan, dars berish jarayoniga kuchli, tajribali pedagoglar, mutaxassislar jalb etilishi aniq, to‘g‘rimi? Amiti universiteti bu tanlovda nimalarni e’tiborga oldi?

– Universitetimizning professor o‘qituvchilari 100 foiz xorijlik. O‘zbekiston tomonidan qo‘yilgan talablardan biri ham aynan Amiti universitetidan eng yaxshi, katta tajribaga ega va sifatga javob beradigan o‘qituvchilarni olib kelish bo‘lgan. Shunga rioya qilgan holda bugun universitetimizda faqat hindistonliklar dars beryapti. Lekin yangi o‘quv yilidan AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyadan ham o‘qituvchilarni jalb etishni rejalashtiryapmiz. Nasib etsa, karatin tadbirlari muvaffaqiyatli yakunlanib, o‘qituvchilarning kelish imkoniyati paydo bo‘lsa, bu niyatimizga erishamiz ham. Chunki Amiti uchun eng muhimi – bu sifat.

– Pandemiya sabab onlayn ta’limga o‘tishga majbur bo‘ldik. Agar bu jarayon yangi o‘quv yilida ham davom etsa, qiyinchiliklar tug‘ilmaydimi?

– O‘zbekistonda onlayn ta’lim birinchilardan bo‘lib aynan bizning universitetda yo‘lga qo‘yildi. Pandemiya bo‘yicha Respublika komissiyasining karantin tadbirlari e’lon qilinishi bilan ikki kun o‘tar-o‘tmas to‘liq masofaviy ta’limga o‘tdik. Xo‘sh, bunga qanday qilib tez erishdik? Yuqorida Amiti universiteti 17 ta davlatda faoliyatini olib boradi, degandik. Biz ulardagi tayyor platformadan O‘zbekistonda ham foydalandik. Bundan tashqari, dunyodagi taniqli brendlar platformasini ham qo‘lladik. Agar yangi o‘quv yilida ham karantin tadbirlari davom etadi, universitetga kelish imkoni bo‘lmaydi, deyilsa, biz bunga to‘liq tayyormiz. Har tomonlama onlayn ta’limni davom ettirishga va talabalar uchun uzluksiz darslar o‘tishga hozirligimiz bor.

– Mavzudan biroz chetga chiqsak... Hali yoshsiz, lekin xalqaro universitetga rahbarsiz. Bu qanday amalga oshdi?

– Ochig‘i, o‘zim haqimda savol berilishini kutmagandim... Men Toshkent shahrida tavallud topganman. Axborot texnologiyalari universiteti (TATU)ni tamomlaganman. Amiti universitetida faoliyatimni boshlashimdan oldin Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i edim. O‘sha paytda strategik loyihalardan biri sifatida O‘zbekistonda Amiti universiteti faoliyatini tashkil etish vazifasi mening zimmamga tushgandi. Shu tariqa Hindiston bilan bo‘ladigan muzokaralar va boshqa jarayonlarda qatnashdim. O‘ylaymanki, bu borada ko‘proq ma’lumotga egaligim va mutaxassisligim to‘g‘ri kelgani uchun universitet rahbarligiga tayinlandim.

Mendan ko‘pchilik «Hali yosh ekansiz, universitetga rahbarlik qilishga qiynalmayapsizmi» deb so‘rashadi. Mundoq olib qarasa, axborot texnologiyalarining o‘zi ham yosh soha. Bu yo‘nalishdagi barcha yangi ishlar, g‘oyalar, yangiliklar, o‘ziga xos yondashuvlar yoshlar tomonidan amalga oshiriladi. Demak, menga yuklatilgan ishonchni aynan shu yo‘nalishdagi bilimim va olgan tajribam orqali ko‘rsatib bera olaman va bunga tayyorman. Bu sohada 12-13 yillik tajribam bor. Shularni hayotga tatbiq etib, ayni kuchga to‘lgan pallamizda qo‘ldan kelganicha soha rivojiga hissa qo‘shishdan charchamayman.

Bolaligimda sinfdoshlarim, tengdoshlarim meni, ko‘cha tili bilan aytganda, botanikroq deyishardi. Nimagadir matematika, geometriya, trigonometriya, ya’ni aniq fanlarni yaxshi o‘zlashtirardim. Nazarimda, shu jihatim bilan boshqalardan ajralib turganman. Buni payqagan ustozlarim mana shu yo‘nalishda o‘qishimni tavsiya qilishgan. Lekin ulg‘aygan sari axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishim ortib bordi. Kompyuterlar nimada ishlaydi, qanday ishlaydi, dasturlar qayoqdan paydo bo‘ladi, degan savollar xayolimdan ketmaydigan bo‘lib qoldi. Ochig‘i, bu yo‘nalishda ketish men uchun unchalik qiyin kechmadi. Boshida aynan dasturlar ishlab chiqish bilan shug‘ullangan bo‘lsam, keyinchalik boshqaruvga o‘tib ketdim. Lekin bu dasturchilik bo‘yicha bilganlarim esimdan chiqib ketdi, degani emas. Chunki qiziqish bo‘lsa, u hayotning oxirigacha davom etarkan.

Bugungi yoshlar texnika-texnologiya borasida ancha bilimli. Keyinchalik o‘z sohasi mutaxassisi bo‘lib yetishganda, ular bilan ishlashni juda-juda xohlardim. Chunki ularda bilim olish, ma’lumot topish imkoniyatlari nihoyatda yuqori. Faqat bundan kerakli o‘rinda foydalana bilish kerak. Bu yog‘iga intellektual bilimga, mutaxassisliklarga ehtiyoj ortib boraveradi. Siyosiy urg‘u berganda, to‘rtinchi industrial inqilob, ya’ni aynan IT yo‘nalishi industrial inqilobi sari ketiladi. O‘zi IT sohasi mutaxassisining ilm olishdan to‘xtab qolishga haqqi yo‘q. Faqat va faqat izlanishi, o‘rganishi, ilm olishi shart. Qisqa muddatli tanaffus ham (3-4 oy to‘xtab qolish) qayta tiklanishda qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun bu sohani tanlamoqchi bo‘lganlarga tavsiyam, doimiy ilm olish, o‘rganishdan to‘xtamang. Buning natijasi va mevasi sifatida hayotda o‘z o‘rnini topish, yaxshi ko‘rgan ishi bilan shug‘ullanish hamda yuqori daromad kafolatlanadi. Chunki bu yog‘iga ushbu soha rivojini to‘xtatib bo‘lmaydi. U yuqorilasa yuqorilaydiki, lekin ortga qaytmaydi.   

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring