Olimlar C vitamini va miya salomatligi o‘rtasidagi yangi bog‘liqlikni aniqladi
Yaponiya olimlari olib borgan yirik tadqiqot natijalariga ko‘ra, organizmda C vitamini miqdori yuqori bo‘lishi keksa yoshda miya salomatligini saqlashga yordam berishi mumkin. Tadqiqot natijalari ilmiy PLOS One jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotda 64 yoshdan oshgan 2 044 nafar yapon ishtirok etgan. Olimlar ishtirokchilarning qon plazmasidagi C vitamini darajasini o‘lchab, MRT tekshiruvlari orqali miya tuzilishi va faoliyatini tahlil qilgan.
Natijalarga ko‘ra, qonida C vitamini miqdori past bo‘lgan kishilarda xotira va fikrlash uchun mas’ul bo‘lgan miya qismlari hajmi kichikroq va kuchsizroq ekani kuzatilgan.
Tadqiqot muallifi Tomohiro Shintakuning ta’kidlashicha:
«Tadqiqotimiz qondagi C vitamini yuqori darajasi kognitiv faoliyat uchun muhim bo‘lgan miya tarmoqlarining yaxshiroq saqlanishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi. Bu C vitaminiga boy ovqatlanish keksa yoshda miya salomatligini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqidagi ilmiy gipotezani kuchaytiradi».
Biroq olimlar mazkur tadqiqot C vitamini miyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri himoya qiladi, degan xulosani anglatmasligini ta’kidlagan. Chunki bu kuzatuv tadqiqoti bo‘lib, u faqat statistik bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Sabab-oqibat munosabatini tasdiqlash uchun qo‘shimcha klinik tadqiqotlar talab etiladi.
Mutaxassislar kelgusida turli mamlakatlar aholisi ishtirokida uzoq muddatli kuzatuvlar o‘tkazish hamda ovqatlanish va turmush tarzining boshqa omillarini ham hisobga olish zarurligini qayd etmoqda.
Olimlar fikricha, mevalar va sabzavotlarga boy, C vitamini yetarli bo‘lgan ratsion nafaqat umumiy salomatlik, balki miyaning qarish jarayoniga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter