Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekistonda yaratilgan startap 3 mlrd. AQSh dollariga sotildi!..» kabi xabarlar yangrashini xohlayman...

«O‘zbekistonda yaratilgan startap 3 mlrd. AQSh dollariga sotildi!..» kabi xabarlar yangrashini xohlayman...

Foto: Ulug‘bek Ismatovning shaxsiy arxivi

2021-yil mamlakatimizda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilindi. Tahririyatimiz shu munosabati bilan yangi Among youth loyihasini yo‘lga qo‘ymoqda. U orqali yurtimizning intellektual yoshlari va ularning o‘ziga xos fikrlari bilan tanishib borishingiz mumkin.

Ilk suhbatdoshimiz tadbirkor, bloger va startaplar bo‘yicha mutaxassis Ulug‘bek Ismatov bo‘ldi. Qahramonimiz Startupmarket.me, BeCreative Media, INTV loyihalari asoschisi va Media and Project Management Group rahbaridir.

Ulug‘bek Ismatov

Startap loyiha haqida

Bolalikdan jamoa tuzish, shu jamoa bilan yangiliklar qilish, umuman rivojlanishga qiziqish bo‘lgan.

Hozirgi kunda siz yangilik qilolsangiz, muammolarga yechim berolsangiz va bundan yana daromad qila olsangiz startapchisiz. Men esa, avvaldan muammolarga yechimlar qidirish va sog‘lom fikrga tayanganman...

Kirib kelish shunday, natijalar esa har bir davrdagi jamoamizniki. Bir kishi g‘oya generatsiya qilishi mumkin, lekin jamoasiz uni amalga oshirish murakkab yoki ilojsiz ishga aylanadi.

Startap loyiha bozorda mavjud bo‘lgan muammolarga noodatiy yechim taklif qila oladigan, noodatiy biznes model yoki xaridorlarni jalb qilish usuliga ega, bundan tashqari amalga oshadigan va kengayadigan loyihadir.

Yana bir qo‘shimcha, startap loyihada texnologik yangilik ham bo‘lishi shart. Tushunarli bo‘lishi uchun misol keltiraman. Avval kartalar orqali mobil telefon hisobini to‘ldirgan bo‘lsak, keyinroq «Paynet» xizmati yumushimizni yengillashtirdi. Hozir esa o‘zimiz mobil ilovalar, bankomatlar yordamida bemalol hisobimizni to‘ldiradigan darajaga keldik.

Qolaversa, bugungi kunda mobil ilova orqali buyurtma beriluvchi taksilar, aqlli yetkazib berish xizmatlari rivojlanmoqda. Umuman, startaplar kengaya olishi kerak. Shu bois ularga bitta davlat darajasida emas, balki katta bozor muhitida qaraganimiz yaxshiroq bo‘ladi.

Hozirgi kunda sun’iy tafakkur, ma’lumotlar tahlili, Big-Data, Machine Learning kabilarga asoslangan ta’lim, tibbiyot texnologiyalari, qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan servislar, sotuvlarni oshirishga, ya’ni tadbirkorlik sub’yektlari muammolariga yechim bo‘la oladigan, shuningdek, avtomatlashtirilgan tizimlarga asoslangan startaplarga talab katta. Demak, o‘z-o‘zidan shu yo‘nalishlarda rivojlanish imkoniyati ham yuqori. Biz global bozor sharoitlariga moslashishimiz kerak. Bizning startaplar rivojlanishi hudud miqyosida qolib ketmasdan, 500 Startups, Y-Combinator kabi dunyoning eng yirik Startap akselerator talablariga ham javob bera oladigan bo‘lishigina rivojlanishning keyingi bosqichlarini ta’minlaydi. 

Muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyihalarim

– Ish bor joyda xatoliklar bo‘lishi tabiiy. Muhimi, yo‘l qo‘yilgan xatoni qayta takrorlamaslikdir. Tan olaman, bir qancha loyihalarim muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Masalan, Webber, Production House, Hot Digital Agency, Music Maker kabi media loyihalarimning dastlabki davri muvaffaqiyatli kechmagan. Shunday bo‘lsa-da, muvaffaqiyatsizliklarim hozirgi yutuqlarimning asosiy sababchisi, deb bilaman.

Xususan, bugun meni Startupmarket.me, BeCreative Media INTV kabi loyihalar orqali yaxshi tanishadi. Shuning uchun muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan qo‘rqmaslik lozim. 

«Startaplar to‘g‘risida»gi qonun 2019 yil Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvida «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqilishini taklif etgan etdim va bu qo‘llab-quvvatlandi. Qonun yaqin vaqt ichida qabul qilinsa, bundan faqatgina xursand bo‘laman.

Hozir qonun dastlabki bosqichda ishlab chiqilgan. Unda investor, biznes angel, venchur fondlar va ularga berilgan huquqlar to‘g‘risida ham yetarlicha ma’lumot bor. Eng asosiysi, odatiy biznesdan ajratib turuvchi startap loyihani aniqlash mezonlari ko‘rsatib berilgan.

Startaplarga davlat tomonidan imtiyozlar berilishi bu juda muhim ahamiyatga ega. Sababi istalgan biznes vakili imtiyoz uchun o‘zini startapmen deya olmasligi kerak. Hozirgacha esa, na davlat ro‘yxatidan o‘tishda va na soliqqa tortish tizimida startap tushunchasi mavjud emas. Startap o‘z faoliyatini boshlaganidan keyin, balki, yillab foyda ko‘rmas, hatto daromad ham qilmasligi mumkin. Bu davrda u soliq to‘lashga majbur bo‘lsa, startapidan voz kechgani unga yaxshiroq ko‘rinadi.

Yana bir muhim ma’lumot, qonunda startap viza ham keltirib o‘tilgan. Bu ham o‘z navbatida xorijiy investorlar va investitsion fond vakillariga qulaylik yaratadi. Yana bir jihati, davlat boshqaruvidagi ko‘p insonlar ham shu bahona startap nimaligi haqida yaxshigina xabardor bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, qonun hozirda mavjud to‘siqlarni olib tashlashi va yanada katta imkoniyatlar yaratishi lozim.

Isroil davlatidan 20ta unicorn startaplar chiqqan. Nega endi bizdan chiqmasligi kerak?! Albatta chiqadi. Qonun bu yo‘lda faqat asos vazifasini bajaradi, qolgani bizning harakatimiz va dunyoqarashimizga bog‘liq.

Intellektuallar bilan g‘oyalar haqida suhbat quraman

– Bo‘sh vaqt kamdan-kam bo‘ladi. Bunday payt boshqa soha vakillari, intellektuallar bilan ko‘proq g‘oyalar haqida suhbat quraman. Bu esa o‘ziga xos brainstorm vazifasini bajaradi.

Shu bilan birga, «Yutub» orqali sun’iy idrok, kelajak, so‘nggi texnologiyalar haqida videolar tomosha qilaman. Oxirgi vaqtlar sun’iy idrok, neyrotarmoqlar ochib berayotgan imkoniyatlar shaxsan meni ilhomlantirmoqda.

Kitob mutolaasi masalasiga kelsak, u kundalik yumushlarimdan biri desam ham bo‘ladi. Ayni kunlarda Ilon Maskning «Kelajakka yo‘l» kitobini o‘qiyapman. Bu asarni 2016 yili ham o‘qiganman. Lekin dunyoqarash darajasiga qarab ong hazm qilishi o‘zgarar ekan. Chunki endi bu kitobni umuman boshqacha tushunyapman.

Undan avval Piter Dryukerning «Samarador rahbar» kitobini o‘qib tugatdim. 

Ulug‘bek Ismatov

Yangi O‘zbekistonni qanday tasavvur qilaman?

– Yangi O‘zbekistonda aksariyat insonlar bir yo‘nalishda emas, yangi yo‘nalishlarda ham raqobatbardosh bo‘la oladigan qatlamlar bo‘lishini tasavvur qilaman.

Shuningdek, yangiliklarda «O‘zbekistonda yaratilgan startap 3 mlrd. AQSh dollariga sotildi!..», «O‘zbekistonlik dasturchilar yaratgan sun’iy idrok o‘z natijalari bilan raqobatchilarni ortda qoldirdi!..», «O‘zbekistonlik olim Nobel mukofotini oldi!..» kabi xabarlar yangrashini xohlayman.

Umuman, kelajakda Yangi O‘zbekistonni inson intellektual resurslariga tayanadigan, aqlli tizimlardan foydalanadigan va qonunlar doimiy yaxshilanib, zamonaviylashib boradigan davlat sifatida ko‘rishni istardim.

Qolaversa, insonlar nafaqat shu yerda tug‘ilgani yoki ota-onasi o‘zbek bo‘lgani uchun, balki yashash sharoitlari va rivojlanish imkoniyatlari uchun ham vatan qila oladigan O‘zbekistonni chin ma’noda «Yangi O‘zbekiston» deb atasa bo‘ladi. Hozir mamlakatimiz shu yo‘ldan ketayotganiga ishonaman.

«Kelajak» so‘zi shaxsan meni ilhomlantiradi

– Ochig‘i, intensiv axborot shovqini ostida yashayotgan hozirgi davrimizda bugun yoki kechaning voqealari bilan juda bandmiz. Biroq men kelajak haqida yirik o‘lchamlarda bosh qotirishga, kelajak yechimlarini ishlab chiqishga doimiy harakat qilib kelaman. Shu ma’noda kelgusida kitob yozish niyatim bor.

Shuningdek, hozir amalga oshirayotgan startaplarimni rivojlantirish, ular soni va ko‘lamini kengaytirish, shu bilan birga, rahbarlik qilayotgan jamoamni rivojlantirish, yangi maqsadlar qo‘yish va ularga yetishishni maqsad qilganman. Ilon Mask bilan birga ishlash ham kelajakdagi rejalarimdan biri.

Oxirgi paytlar shaxsiy rivojlanishga kam vaqt ajratayotganimni his qilyapman. Shuning uchun o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlab insonlarga foydali loyihalar yaratish, ularni rivojlantirishni ham o‘ylayapman. Mana shu ishlarim bilan O‘zbekiston taraqqiyotiga hissamni qo‘shsam o‘z niyatlarimga erishgan bo‘laman.

Shaxsiy hayotda esa uylanish va baxtli bir oilaning egasi bo‘lishni aytishim mumkin.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring