Saturn yo‘ldoshi Titanda suv okeani yo‘q — tadqiqot
Titanning oltita infraqizil surati «Kassini» missiyasi ma’lumotlari asosida yaratilgan.
Olimlar Saturnning eng yirik yo‘ldoshi Titan qa’rida suv okeani yo‘q degan xulosaga kelishdi. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida chiqdi.
Ma’lumot uchun, 2008-yilda NASA ushbu yo‘ldosh muz qatlami ostida ulkan suvli okean yashiringani haqida bayonot bergandi. «Kassini» fazoviy zondining gravitatsion effektlarni o‘lchash natijalaridan kelib chiqib, Titanda 100-200 km chuqurlikda qalinligi bir necha o‘n kilometrli suyuq qatlam bor degan xulosaga kelingan. Bu esa Titanda hayot bo‘lishi mumkinligi haqida munozaralarni keltirib chiqardi.
Italiya va AQSh mutaxassislari Saturn va uning eng yirik yo‘ldoshi Titan o‘rtasidagi gravitatsion o‘zaro ta’sirni o‘rganish jarayonida «Kassini» zondi to‘plagan ma’lumotlarni qayta tahlil qilishdi. Ularning ta’kidlashicha, bu yo‘ldosh sirti ostida suvli okean mavjudligi haqiqatdan yiroq.
Tadqiqotchilarning aniqlik kiritishicha, Titan sirti ostida suv o‘rniga o‘ziga xos xususiyatlarga ega yumshoq muz qatlami bo‘lishi mumkin, bu Yerdagi Arktika muzlariga o‘xshaydi. Yangicha yordashuv yo‘ldosh qa’rida hayotni qo‘llab-quvvatlashga qodir muhit haqidagi tasavvurlarni o‘zgartiradi. Titanga 2028-yilda uchiriladigan Dragonfly missiyasining vazifalaridan biri ham ayni shu qatlamni o‘rganish.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun italiyalik va amerikalik astronomlar «Kassini»ning 2004-yildan 2017-yilgacha davrdagi barcha ma’lumotlarini tahlil qilishdi va Titanning Saturn atrofidagi trayektoriyasini rekonstruksiya qilishdi. Asosiy kashfiyot Saturnning tortishish kuchi ta’sirida Titan deformatsiyasining kechikish bilan namoyon bo‘lishi bo‘ldi. Ya’ni yo‘ldosh shaklini taxminan 15 soat kechikib o‘zgartiradi, bu uning ichki tuzilishi suyuq emas, balki yopishqoq ekanini ko‘rsatadi — bu fakt ilgari hisobga olinmagan. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, Titan qa’ri ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra ko‘proq energiya tarqatadi va kamroq deformatsiyaga uchraydi.
Mualliflar: Baptist Jurno va Flavio Petrichcha.
Titan — Saturnning eng katta yo‘ldoshi, o‘lchamlari va geologiyasi toshli sayyoralarga o‘xshaydi, ammo iqlimi tubdan farq qiladi. Yo‘ldoshda metan yomg‘irlari yog‘adi, dengiz va daryolar mavjud (ammo suv mavjudligi isbotlanmagan), geologik jarayonlar Saturnning tortishish kuchi ta’sirida faollashadi. Titanda ham yil fasllari bor.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter