Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi loyiha. Meni o‘zgartirgan kitob: «Ikki eshik orasi»

Yangi loyiha. Meni o‘zgartirgan kitob: «Ikki eshik orasi»

Xabar.uz yangi loyihani boshladi – «Meni o‘zgartirgan kitob». Bu loyihada istagan kitobsevar kitobxon qatnashishi mumkin. Kitobxondan kutadiganimiz atigi uchta savolga javob, bizdan esa sovg‘aga kitob. Loyihaning ilk mehmoni andijonlik Mashhura Isaqova. Uch farzandning onasi – uy bekasi. 2022-yil «Ko‘ngil oshyoni» hikoya va she’rlar jamlangan kitobi chop etilgan.

 

«Qalbimdagi kutubxona»

Qaysi yozuvchini yaxshi ko‘rasiz demoqchimisiz?

O‘tkir Hoshimovni!

Nega?

«Ikki eshik orasi»dek o‘lmas asarni yozgani uchun. Yigirma ikki marotaba o‘qiganman. Yigirma ikki marotaba Muzaffarga, Ra’noga, Munavvarga, Shomurodga, qora ammaga, Husan dumaga, Orif oqsoqolga qo‘shilib yig‘laganman. Yana adibning «Quyosh tarozusi», «Dunyoning ishlari», «Nur borki, soya bor», «Ikki karra ikki besh», «Tushda kechgan umrlar»ini o‘qiganman.

O‘tkir Hoshimovni izlab borganman Toshkentga. Uchrashganimda sodda, samimiy va haqiqiy o‘zbek adibi meni vokzalgacha kuzatib qo‘ygandi rahmatli...

Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari bolalikdagi hamrohim, yostig‘im tagidagi kitobim.

Abdulla Qodiriy tushlarimga kiradi… Kumushni o‘ldirib qo‘yib yig‘lagan adib o‘zini otuvga olib ketishayotganida ustidagi paxtali choponini boshqa asirlarga yechib bergan...

«Siz nimaga qamaldingiz, ota?»

«Men meshga ming‘on, daryoning u tomoniga  suzg‘on. To‘ydan qaytsam, meni qamag‘on. Men dushmon ayg‘oqchisi ekonmen...»

Meshga minib, daryoning u tomoniga – singlisinikiga to‘yga borgan sodda chol Afg‘onistonga o‘tib kelganini bilmaydi.

Yonidagi hamxonasi dunyo tanigan o‘zbek romannavisi Qodiriy ekanligini ham bilmaydi...

Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar»i, «Avlodlar dovoni», Gabriel Garsia Markesning «Yolg‘izlikning 100 yili», Artur Konan Doylning «Sherlok Xolms»i, Aka-uka Grimm ertaklari, Gans Xristian Andersen ertaklari… Bular men uchun butun bir dunyo edi.

«Aya, Shukrulloning yangi kitobi chiqibdi, topolmayapman…», deyman ayamga.

«Kafansiz ko‘milganlar»ni bobom menga olib keldi. Yig‘lab o‘qidim.

Bobom aytadi: «Kamroq o‘qigin, bolam, ochki taqadigan bo‘lib qolmagin». Keyinchalik Tohir Malikning «Shaytanat» asari chiqdi, 4 tomlik. Anchagina qimmat ekan. Oldim baribir. Videofilm ham ishlandi... Lekin menga kitobi yaqinroq. Chunki filmda negadir Asadbekning o‘g‘illari haqida aytilmagan. Ularning chet ellik o‘zbek oilasi qizlariga uylanishi, Xongreyning xoinlarcha Asadbekning o‘g‘lini virus bilan zaharlashi...

Asadbek – bir tanada ikki odam...

Tohir Malik buyuk yozuvchi...

Nasrda, hikoyanavislikda Abdulla Qahhordan o‘tadigani yo‘q... Said Ahmadniyam yaxshi ko‘raman – «Ufq» romani uchun. O‘lmas Umarbekovning «Odam bo‘lish qiyin», «Fotima va Zuhra», Mirmuhsinning «Umid» romani, Nabi Jaloliddining «O‘limning rangi» Afg‘oniston xotiralari haqidagi kitoblarniyam o‘qiganman.

Muhammad Yusufni 1983 yili tasodifan poyezdda uchratganman.

Kitob menga qalam tutqazdi

1999-yil. «Valadi zino», «Er yuziga oyoq qo‘ymang», «Vaqtning davo deganlari yolg‘on ekan», «Oqibatli qo‘shnilar» nomli hikoyalarim respublika, viloyat matbuotida yoritila boshladi.

«Oh, bu ko‘ngil» nomli esse yozganimda hatto hokimiyatga chaqirishib, «oilali ayolga yarashmaydi, bu ko‘ngil kechinmalari», deyishgandi...

«Men nimadir yozsam, albatta, o‘zimni yozgan bo‘lmayman-ku, kimnidir hayotini yozsam, odamlar o‘qisa, o‘ziga yarasha xulosa chiqarib olsalar, nimasi yomon?»

«Ha, mayli, boshqacharoq yozing, juda yurakdan chiqmasin...»

Kutubxonachi, myen  va kitob

Men yana kitob magaziniga yo‘l oldim.

Tumanimizda o‘zi bitta kitob do‘koni bor edi. U yerda O‘zbekistonning menman degan taqrizchisi, jurnalisti, kitobxoni bilan bellasha oladigan, o‘zbek, fors tilidagi g‘azallarni ifodali o‘qiydigan, kirganki odamga qiziqishiga qarab to‘rtliklar, ruboiy, g‘azallar o‘qib, lol qila oladigan Akrom aka ishlar edi.

Agar boshqa oliy ma’lumotli o‘qituvchini olib kelsangiz ham, Akrom akaday mijoz bilan til topishib, kitob dunyosiga olib kirolmas, anglatolmas edi. Boshqa magazin mudirlari Akrom aka ikki yilda bir ta’tilga chiqqanida o‘rniga ishlab berisholmasdi.

Chunki kirganki odam Akrom akani so‘rardi. Akrom akaning o‘ziday zukko, kitobsevar ayoli bor edi, Munavvar opa. Akrom akaning yo‘qligida Munavvar opa ishlardi. Kitob magaziniga kirsam, sekingina yaqinlashib,  bu safar kimni o‘qiymiz, qizim, derdi.

«O‘tkir Hoshimovni o‘qiymizmi?»

«Dunyoning ishlari», «Nur borki, soya bor», «Quyosh tarozisi», «Ikki eshik orasi»–hammasini o‘qib bo‘ldim.»

«Umar zakunchining qizining ismi nima edi? Nasiba edi,» – ayyorona kulib qo‘yadi Akrom aka. – «Bu safar sizga Ne’mat Aminovning «Bir asr hikoyati yoki Temirchidan qolgan tillolar» kitobini beraman, qizim.»

Akrom aka ichkaridan kichkinagina, broshyuraga o‘xshagan kitobcha olib chiqib qo‘limga berdi.

«Voy, buni men avtobusda uyimga yetgunimcha o‘qib bo‘laman, Akrom aka, boshqa kitob ham bering.»

«Bo‘pti, Artur Konan Doylning «Sherlok Xolms»i takror nashrdan chiqdi.» «O‘qiganman-ku.»

«Takror o‘qib keling, keyin «Fotima va Zuhra»ni buyurtma qildim, kelib qoladi, o‘shani o‘qiysiz.»

«Sharq yulduzi»da bosilayapti, o‘qiganman...»

Ne’mat Aminovning asarlarini o‘qigan bo‘lsam ham hech eslolmadim o‘sha kuni. Uyga kelgach, kitobni varaqlay boshladim...

Dahshat... Nahotki, nahot shunchalar odamzod o‘z qavmini, o‘z millatini qirilib ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa? Tuhmatchining ayanchli o‘limi, o‘limi oldidagi talvasa sahnasi shunday mohirlik bilan yozilganki. Yig‘lab, ko‘zlarim qizarib ketdi...

Onam, men va kitob

Xonamga kirib  kelgan onaizorim:

«Mashhura, tur bolam, xamirim tog‘oradan chiqib chaqirayapti, tandirga olov yoqqin, yopib olaylik.»

«Aya, zo‘r kitob o‘qidim...»

«Bo‘pti, tandir boshida gapirib berasan.»

«Ho-o-o, keyin ishxonangizga olib ketib qolasiz, kimgadir berib yuborasiz, topolmay yuraman kitobimni.»

«Bo‘pti, tumanga o‘tay, Akromjon akaga tayinlab kelaman, senga kitobni o‘qib qaytarib beradigan qilib. Topgan pulingga kitob, gazeta, jurnal olasan, sen tengilar sarposini to‘ldirdi, seniki ikki shkaf kitob.»

«Aya, indamang, arzon-ku, 17 so‘mga bir dunyo kitob beradi. Pochtalon ham har kuni bizga xat bilan gazeta tashlagani keladi bechora. O‘sha pochtachiga ham yalpiz choy damlab, patiru asal bilan siylaysiz-ku, bilaman.»

«Ha, bo‘pti, orqamda turma, nonim tushib ketadi, mahmadona.»

Baribir onamning shirmoy patir yopishini tomosha qilish zavqli edi.

Keyingi o‘qigan kitobim «Tushda kechgan umrlar» asari edi. Nabi Jaloliddinning «O‘limning rangi» asari ham shu Afg‘oniston haqida edi...

Sherlok Xolms bilan birga jinoyatchilarni qidirardim, doktor Vatson o‘rnida qaysidir sinfdoshimni qo‘yib ko‘raman o‘zimcha.

Qizil bo‘yinbog‘lilar, Xolmsning topqirligi, unga necha marta suiqasd uyushtirishlari, mohirona skripkachiligiyu, ashaddiy kashandaligi, bir umr ijarada yashaganiyu, u tufayli do‘sti o‘z muhabbatini topishi. Zo‘r asar.

«Aya, Said Ahmad nimaga Tolibjonni o‘ldirib qo‘ydi? Jayrona endi baxtini topgandi axir.»

«Anavi uchiga chiqqan firibgar ekan Mirvali, Erali chavandozning jinni bo‘lib qolishiga o‘sha aybdor.»

«Erali chavandozni oti urushdan egasini izlab keladi, aya, chavandoz egnidagi choponini yechib, yirtib, otning tuyoqlarini bog‘laganida yig‘ladim,

Bodomgul kabi sodda ayollar o‘lib ketganida yig‘ladim.»

«Yozuvchini ishi yozish, bolam. Yig‘lama, kitobning maqsadi o‘sha yomon ko‘rib qolgan odamlaringning ishi xatoligini anglash, aslida shuni yetkazib berish. Demak, yaxshi kitob. Sen anavi men aytgan kitobni topdingmi? Arxitektor qiz haqidagi»

«Ha, «Odam bo‘lish qiyin»ni aytayapsiz, topdim. Akrom aka qayta buyurtma asosida oldirib berarkan. Aya, Hamroqulov domlani ajoyib kitobi chiqibdi emish. Hamroqulov domlaga Habibiy unvoni berilibdi.»

«Hamroqulov domla yaxshi tilchi, adabiyotni, nazariyani zo‘r biladi. Domlada bayon kuchli, satrlarida dard yo‘q, sen anavi o‘zimizdan chiqqan Matluba Yusupovaning hikoyalarini o‘qigin, mazmun bor, mohiyatini keng ko‘lamli desammi, oddiygina tilda dard bor, o‘ylantiradi odamni.»

«N. O‘rinboyev ham yaxshi yozadi she’rlari qo‘shiq bo‘pti, aya.»

«U odam ko‘p ichadi... Undan ko‘ra, fotoapparatini chiqillatib yuradigan To‘xtasin Qurbonov durust.»

Ayam tilga olgan To‘xtasin Qurbonov «Oltin qalam» sohibi bo‘ldi.

O‘rinboyev esa ishdan chetlatildi...

Hamroqulov domla bilan Andijonga borganimda ko‘rishaman. Onam aytganiday bilimi kuchli ustoz, asosiysi tinglashni biladi, o‘rgatadi...

Yana haftada bir chiqadigan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasini kutardim. Zo‘r narsalar yoritilar edi-da.

Hech qanday reklama, oldi-qochdi gaplar yo‘q edi u paytlar.

«Yosh kuch» muharriri Xurshid Do‘stmuhammedovdan, «Saodat» jurnali muharriri Qutlibeka Rahimboyevadan maktub olganimda qiyqirib, quvonib yurganlarim esimda. Marg‘ilon televideniyesida Sohibjon Bozorov degan jurnalist ishlardi, mening hikoyalarimni o‘qib bergandi ko‘rsatuvida. Butun hamqishloqlarimiz suyunchilagandi, ko‘rmadim, ishda edim men.

Kechagina  Shukrulloning «Kafansiz ko‘milganlar» asarini sotib oldim yana.

Tohir Malikning «Shaytanat»ini ham. Videofilmini ko‘rgim yo‘q.

Chunki kitobdan voqealar ancha o‘zgartirilgan. Hosilboyvachchaning o‘ldirilishi o‘sha eski, chordevorli ota hovlisi, videofilmida esa hashamdor boyvachchani uyida otib yuboradi...

Yig‘laysiz.

Chuvrindining, pakananing Mahmudni o‘ldirtirishi... Tohir Malik buyuk adib.

Hozir qanday kitob o‘qiyapsiz deb so‘ramoqchimisiz?

«Dunyoning ishlari»ni o‘qiyapman yana qaytadan.

Oyoqlari sovuq urib ketgan Poshsha xolaga gilam paypoq olib kelgan o‘g‘lini alqashlari, rasmga tushaylik, bolam, desa, adibning shoshgani...

O‘tkir Hoshimovni yaxshi ko‘raman. Latofat bilan bormoqchi edik, kech qoldik, adibning ayoli O‘lmasxon aya ham olamdan o‘tdi... O‘tkir Hoshimovning uy muzeyini tashkil qilish kerak.

Yana o‘sha «Ikki eshik orasi»ni o‘qiyapman.

Kimsanni, Orif oqsoqol, Husan duma, qora amma, Bashorat, pochcha, Munavvar, Muzaffar, Ra’no, Robiya, Shomurod...

Hatto