Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eskilik sarqitlari parchalanmoqda: Xorij diplomlarini nostrifikatsiya qilish yanada osonlashdi

Eskilik sarqitlari parchalanmoqda: Xorij diplomlarini nostrifikatsiya qilish yanada osonlashdi

Foto: «studyinczech.ru»

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-martdagi 261-sonli qaroriga binoan, «Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida»gi nizomga o‘zgarish kiritildi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu o‘zgarishga sharh berdi.

Unga ko‘ra, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari ro‘yxatidan ta’lim to‘g‘risidagi hujjat O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud bo‘lgan ta’lim shaklida o‘qib olingan bo‘lishi kerakligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.

Bu nima degani?

Ilgari xorijda olingan diplom, albatta, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan ta’lim shaklida bo‘lishi kerak edi. Masalan, bizda ancha yillar sirtqi va kechki ta’lim mavjud emasdi. Shu sababli xorijda sirtqi va kechki ta’limda o‘qiganlarning diplomi nostrifikatsiya qilinmas, ya’ni tan olinmasdi.

Yoki xuddi shu kabi muammo hozirgacha masofaviy (distansion) ta’limda ham bor. Ya’ni bugungi kunda O‘zbekistonda masofaviy ta’lim shakli yo‘q, shu sababli xorijiy OTMlarda masofaviy o‘qib, olingan diplomlar bizda tan olinmaydi.

Endilikda esa, xuddi shu talab bekor bo‘ldi va bemalol istalgan ta’lim shaklida olingan xorijiy diplomlar ham O‘zbekistonda tan olinishi mumkin!

Kezi kelganda aytish kerak, bu juda katta o‘zgarish. Ta’lim tizimida ayrimlarning miyasiga o‘rnashib qolgan eskilik sarqitlari parchalanayotganidan bag‘oyatda xursandmiz.

Yaxshi yangiliklar bardavom bo‘lsin, deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring