Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Majburiy mehnat taqiqlandi, endi o‘qituvchilar sifatli ishlasin!

Majburiy mehnat taqiqlandi, endi o‘qituvchilar sifatli ishlasin!

O‘zbekiston dunyoga yuz tutmoqda!

Foto: «uza.uz»

Prezidentning Sirdaryo viloyatidagi nutqi, Komil Allamjonovning bayonoti va bosh vazir raisligida o‘qituvchi va shifokorlar, talabalarni majburiy mehnatga jalb qilishga chek qo‘yishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan keyin majburiy mehnatga jalb qilish davlatga xiyonat bilan tenglashtirildi. Prezidentning ko‘ziga yomon ko‘rinishni istamagan (xalqning shuncha yillik dod-voylariga tupurib qo‘ygan hammasi) hokimlar endi o‘qituvchi-yu shifokorlarga teginmasa kerak.

Qanday yaxshi, endi o‘qituvchilar va shifokorlar ko‘cha tozalash, paxta terish, tom oqlash, daraxt ekishga chiqarilmaydi! Ular endi o‘z vazifasi – o‘qitish, davolash bilan shug‘ullanadi. Hademay ularning oyliklari oshiriladi va ularga avvalgidek achinish emas, balki havas bilan qarash boshlanadi. Ammo, lekin, biroq, bu gaplar o‘qituvchi va shifokorlarni daxlsiz, tanqid qilinmaydigan, arzanda va erkatoy odamlarga aylantirib qo‘ymaydi.

Tomoshaning kattasi endi boshlanadi, aziz ustozlar, muhtaram shifokorlar!

Sizlarga shuncha e’tibor va sharoit yaratilganidan keyin oddiy xalqdan tortib prezidentgacha, ayniqsa jurnalistlaru bugun katta kuchga aylanib borayotgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yaxshi ishlashni, natija ko‘rsatishni talab qilishni boshlaydi. Shuncha sharoit, imkoniyat yaratildi, ortiqcha ishlardan ozod qilindingiz, endi nega yaxshi ishlamayapsiz, qaysi yuz bilan pora oldingiz, qaysi vijdon bilan yaxshi dars o‘tmasdan, bolalarning haqiga xiyonat qilayapsiz yoki bemorlarni ko‘ngildagidek davolamayapsiz degan savolu ta’na-dashnomlar ostida qolib ketishingiz mumkin.

Tan olish kerak, ijtimoiy soha xodimlari orasida o‘z vazifasini vijdonan bajarmaydigan, ish joyida va ish vaqtida fisqu-fasod tarqatib, jamoadagi muhitni buzadigan, g‘iybat, adovat, ko‘rolmaslik, chaqimchilik, «yoz-yoz»ga berilgan toifalar ham bor. Ayniqsa tamagirlik, poraxo‘rlik o‘qituvchi va shifokorlar orasida ham keng tarqalgan. Xalq ta’limi tizimida o‘tkazilayotgan tanlovlardagi noxolisliklar, poraxo‘rlik natijasida qanchadan-qancha bolalarning ishtiyoqi so‘ndirilgani, hafsalasi pir bo‘lganini hali unutganimiz yo‘q.

Shu bilan birga, ma’naviyati past, johil o‘qituvchilar ham borki, ularning xatti-harakatlaridan begunoh bolalar ko‘proq aziyat chekadi. O‘quvchilarning birini boshqasidan ustun ko‘rish (ayniqsa boylarning bolalariga «paxta qo‘yish»), ulardagi tabiiy nuqsonlar ustidan kulish, yaxshi o‘qimagani uchun kamsitish, haqorat qilish, bolalar bog‘chalarida bolalarni urish va kaltaklash (shu paytgacha bir qancha videolar tarqab ketdi) kabi holatlar ta’lim mutasaddilari hali ko‘p ish qilishlari kerakligini anglatadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim hali islohotga muhtoj. O‘qituvchilarni majburiy ishlardan ozod qilish bilan sohada yig‘ilgan tizimli muammolar yo‘q bo‘lib qolmaydi. Ana shu islohotlar qatorida o‘qituvchilarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish, ta’lim muassalarida pedagogik va jamoaviy muhitni yaxshilash, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni belgilangan tartib va qoidalar bo‘yicha ado etishlarini ta’minlash shart va zarur.

Chunki bugun O‘zbekiston dunyoga yuz tutmoqda, iqtisodiy rivojlanish sari dadil qadam tashlayotgan mamlakat barcha uchun eshiklarini ochadi ...va hademay chet ellardan bilimli, malakali, tajribali mutaxassislar oqib kelishni boshlaydi. Ya’ni bugungi yosh avlodni global kadrlar bilan raqobatga kirishib, ularga o‘z ish o‘rinlarini berib qo‘ymaydigan mutaxassislar qilib tarbiyalash zamon talabi darajasiga ko‘tariladi.

Shu bois o‘qituvchilarga nisbatan ijodiy va ilmiy talabni kuchaytiraverish kerak. Bu ularni qiynash emas, balki bolalarga zamonaviy bilim va malakalarni berish uchun tinimsiz izlanishi, o‘z ustida ishlashi, yangi uslub va vositalardan foydalanishi lozimligini anglatadi. Darvoqe, yuqorida aytganim global mutaxassislar hademay ularning ham o‘rnini egallashni boshlaydi. Maktab va universitetlarda muayyan fanlar ingliz tilida berilsin degan talab yuzaga chiqsa, chet ellardan o‘qituvchi yollash holatlari kuchaysa ne ajab va bu doktorlarga ham tegishli.

Xullas, shunaqa gaplar, majburiy mehnat yo‘q bo‘ldi, endi «tirnoq ostidan kir qidiradigan bir to‘da jurnalistu blogerlardan qutulamiz» deyayotgan bo‘lsangiz, chuchvarani xom sanabsiz, ikki ko‘zimiz va ikki qulog‘imiz siz tomonda, hurmatli ta’lim mutasaddilari!

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring