Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

TATU talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

TATU talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

Bugun, 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari B.Olmatov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, soha vakillari, universitet rahbariyati hamda talabalar ishtirok etdi.

Ochiq muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 27 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabga tashrifi chog‘ida ta’kidlab o‘tgan yuqori bilimli dasturchi – mutaxassislar tayyorlash hamda joriy yilning 24 yanvaridagi Shavkat Mirziyoyevning parlamentga 2019 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda yosh AKT mutaxassislarining salohiyatini yanada oshirishdir.

Talabalar bilan suhbat davomida yoshlar mamlakatimizning ertangi kelajagi ekanligi, sohada yaratilayotgan barcha imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi, taraqqiyotga erishish uchun zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlarni egallashimiz zarur va shart ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvlar davomida Talabalar turar joylaridagi mavjud shart – sharoitlar, yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishildi.

Xususan, TTJlarda imkoniyati cheklangan talabalar uchun yaratilgan maxsus sharoitlar, oshxonalar, yuvinish xonalari, talabalarning darsdan tashqari vaqtlarida shug‘ullanishlari uchun yaratilgan o‘quv auditoriyalari ko‘zdan kechirildi.

Tadbir yakunida talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Manba: mitc.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring