Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi vaziriga bolalarni maktabga joylash bilan pul ishlash maslahati berilgan

Xalq ta’limi vaziriga bolalarni maktabga joylash bilan pul ishlash maslahati berilgan

Foto:«Xabar.uz»

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuv vaqtida Toshkent shahridagi 81 ta maktabga mikrohududdan tashqaridagi bolalarni joylash pullik qilinishiga nimalar sabab bo‘lganini aytib o‘tdi. Vazirning ta’kidlashicha, bu maktablarga bolalarni joylash korrupsiya bo‘lib ketgan. Vaziyat shunga qadar borganki, unga «bir-ikki tajribali odamlar» bolalarni maktabga joylash orqali pul ishlashni maslahat berganini ta’kidladi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda. 

— Mana shu loyihani ishlab chiqqanimizdan so‘ng menga maslahat beradiganlar paydo bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘yda odamlar hatto «ahmoq ekansan», deb ham aytdi. Maktabga joylab qo‘yish shunchalik korrupsiya bo‘lib ketgan ekan, pul ishlasalaring bo‘lmaydimi, deyishdi. O‘zlaring bolalarni joylab pulini olsalaring bo‘lardi-ku, janjal qilayotgan jurnalistlarning bolalarini ham olib kirib qo‘ysalaring, hamma rozi bo‘ladi, degan gaplarni eshitdim.

Ammo bizda harom pulga ehtiyoj yo‘q, Prezidentimiz hamma sharoitni yaratib bergan.

Toshkentdagi o‘sha 81 ta «prestijniy» maktablar umumiy hisobda shahardagi maktablarning 26 foizi holos. Mana shu 26 foiz maktabda 43 foiz o‘quvchi o‘qimoqda. Bitta sinfda 50-60 o‘quvchi bor.

Yana bir katta e’tiroz, o‘sha atrofdagi aholidan kelib tushgan. Ular o‘z hududidagi maktabga farzandini bera olmayapti. Chunki joylar to‘lib bo‘lgan. Bu qanaqa adolatsizlik?

O‘sha maktablarga qabul jarayoni juda korrupsiyalashgandi. Toshkent shahrida maktabga bolani olib kirib qo‘yish hatto 2 ming dollargacha chiqib ketgandi.

Aytaylik, menga bitta odam iltimos qiladi va bolasini maktabga joylashni aytadi. Men kimgadir o‘sha tanishimning bolasini maktabga joylash bo‘yicha topshiriq beraman. U o‘z navbatida yana bir bolani qo‘shadi. Yana boshqasi o‘zinikini ham qo‘shvorishga harakat qiladi. Oqibatda maktab direktoriga qadar bir talay o‘quvchilar Shermatovning nomidan boradi. Keyin nima bo‘ladi? O‘sha bolalarning sonini 2000 dollarga ko‘paytirib, Shermatov shuncha pul ishlabdi, deyishadimi?

Men ro‘yxatdagi maktablarni qo‘shtirnoq ichida «prestijniy» deb aytdim. Nima uchun? Chunki bu maktablarda ta’lim sifati yuqori emas, shunchaki odamlar mashinasiga yoki qo‘l telefoniga chiroyli raqam olgandek bir gap. Hashamat xolos. Yana sizga statistikani keltiraman. Atigi 9 foiz Olimpiada g‘oliblari mana shu 81 ta maktablarga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, 22 g‘olibdan 2 nafari «prestijniy» maktablarga to‘g‘ri keladi.

Shaxsan o‘zim 22-maktabda o‘qiganman. Bu maktab mana bu ro‘yxatda yo‘q. Ammo shunga qaramasdan yomon bo‘lmadik.

Ota-onalarga aytamiz, qing‘ir yo‘llarni qidirmang. Pora berib, kimgadir qo‘ng‘iroq qildirib yoki boshqa yo‘llar bilan farzandingizni maktabga joylashga harakat qilmang. Biz bu ishga direktorlarni qo‘llab quvvatlash uchun qo‘l urdik. Ularga juda ko‘p tazyiq o‘tkazilgan, —deydi xalq ta’limi vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring