Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Android hamyonbop deganlar adashadi! Narxlar iPhonedan ham qimmatlashib ketadi

Android hamyonbop deganlar adashadi! Narxlar iPhonedan ham qimmatlashib ketadi

Agar siz iPhone narxini „osmon“ deb o‘ylasangiz shoshilmang, yaqin orada premium Android smartfonlarining narxi Apple gadjetlaridan ham o‘zib ketishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qualcomm kompaniyasining navbatdagi flagman protsessori — Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro (SM8975) narxi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilib, 300–320 dollardan ham oshib ketishi kutilmoqda.

2023-yildagi Snapdragon 8 Gen 3 chiplari ishlab chiqaruvchilarga 170–200 dollarga tushgan bo‘lsa, hozirgi flagman chiplar 240–280 dollar atrofida baholanmoqda.

Ushbu qimmatlashuv ortida texnologik va iqtisodiy sabablar zanjiri yotibdi. Qualcomm va MediaTek Apple protsessorlarini har tomonlama (ayniqsa sun’iy intellekt va bir yadroli unumdorlikda) ortda qoldirish poygasida Tayvanning TSMC zavodi tomonidan taqdim etilgan eng ilg‘or 2nm N2P texnologik jarayoniga o‘tmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, TSMCning bor-yo‘g‘i bitta 2nmli kremniy plastinasi ishlab chiqaruvchilarga 30 000 dollarga tushmoqda. Bu avvalgi avlod narxidan deyarli ikki baravar ko‘p.

Faqatgina protsessor emas, smartfondagi boshqa detallar ham qimmatlashmoqda. Global sun’iy intellekt tufayli tezkor xotira (RAM) yetishmovchiligi yuzaga keldi. Yangi chiplarni qo‘llab-quvvatlovchi LPDDR6 tezkor xotirasi va UFS 5.0 ichki xotirasi narxi ham keskin yuqoriladi.

Faqatgina protsessor, LPDDR6 xotira va UFS 5.0 flesh-modulining o‘zi 600 dollardan oshiq joyni egallaydi. Bu xarajat ichiga hali ekran, kameralar, korpus va marketing xarajatlari kiritilmagan!

Bu vaziyatda Apple o‘zining strategik ustunligini yana bir bor isbotlamoqda. Supertino giganti chiplarni o‘zi loyihalashtiradi va TSMC zavodlarining dastlabki ishlab chiqarish quvvatlarini deyarli to‘liq 50 foizdan ortig‘ini oldindan sotib oladi.

Apple TSMC bilan juda katta hajmdagi shartnomalar imzolagani sababli har bir chip uchun sezilarli chegirmalarga ega. Applening bo‘lajak A20/A20 Pro chiplari 280 dollar atrofida baholanayotgan bo‘lsada, kompaniya tayyor mahsulot ekosistemasidan keladigan ulkan foyda hisobiga ushbu xarajatni oson yopadi.

Samsung, Xiaomi yoki OnePlus kompaniyalari Qualcommdan tayyor chip sotib oladi, ya’ni, Qualcomm o‘z ustiga qo‘yadigan foyda marjasini ham to‘laydi. Apple esa to‘g‘ridan-to‘g‘i zavodga buyurtma beradi.

300 dollarlik chip flagman Android qurilmalarining narx siyosatini mutlaqo o‘zgartirib yuboradi. Ishlab chiqaruvchilar oldida ikkita yo‘l bor yoki smartfon narxini oshirish, yoki boshqa funksiyalarni qurbon qilish.  

Narx bosimiga bardosh bera olmagan ko‘plab Android brendlari o‘z flagmanlarida Qualcommdan voz kechib, nisbatan arzonroq bo‘lgan MediaTek Dimensity 9600 chiplariga o‘tishni boshlashi kutilmoqda.

Yaqin vaqtgacha Android smartfonlar iPhonega nisbatan arzonroq muqobil yoki narx va sifat mutanosibligi ramzi bo‘lib kelgan edi. Biroq, Qualcommning texnologik ambitsiyalari va TSMCning qimmat narxlari bu gapi o‘tmishda qoldirayotganini ko‘rsatmoqda.

Agar siz kelajakda eng yuqori unumdorlikka ega Android flagmanini sotib olmoqchi bo‘lsangiz, hozirdan hamyoningizni iPhone Pro Maxdan ham qimmatroq narxlarga tayyorlab qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi. Android ekotizimi rasman hamma uchun hamyonbop statusidan Premium hashamat statusiga o‘tmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring