Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bilayn» fikridan qaytdi: abonent to‘lovi fevral oyidan oshirilmaydigan bo‘ldi!

«Bilayn» fikridan qaytdi: abonent to‘lovi fevral oyidan oshirilmaydigan bo‘ldi!

«Bilayn» kompaniyasi ofisi.

Foto: «Uzdaily»

Shu yilning 20-yanvarida «Bilayn» kompaniyasi 2018-yil 1-fevraldan boshlab tarif rejalarining kunlik abonent to‘lovi oshirilishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, kunlik abonent to‘loviga ega tariflarda kunlik abonent to‘lovi o‘rta hisobda 66 foizgacha: «Bravo Online», «Bravo Vodiy» va «Bravo Ooo!» — 252,6 so‘mdan 420 so‘mga, «Zo‘r-zo‘r» «Mix», «Juda oddiy!» — 210,5 so‘mdan 350 so‘mga, «Yangi O!», «Qo‘shnilar+», «Klik» —168,4 so‘mdan 280 so‘mga oshirilishi belgilangan edi.

«Xabar.uz» muxbiri narxlar siyosati borasida boshqa kompaniyalar qanday niyatda ekani bilan qiziqqandi. Unga ko‘ra, «UMS» va «UZMOBILE» mobil operatorlari abonentlar manfaatlarini o‘ylab, xizmatlar uchun narxlarni oshirmasligini bildirishdi. «UCELL» kompaniyasi esa so‘rovimizga rasman javob berilishini ma’lum qildi.

«Xabar.uz» mavzuga qaytib, «Bilayn» kompaniyasi tomonidan abonent to‘lovi oshirilishi sabablarini qidirib ko‘rgan, O‘zbekistondagi telekommunikatsiya operatorlarining o‘tgan yilgi daromadlarini o‘rgangan edi. O‘rganish natijalari «Bilayn»ning iqtisodiy holati abonent to‘lovi narxini oshirishga muhtoj emasligini ko‘rsatgandi.

Keyingi tahlilni saytimizda e’lon qilishga ulgurmasimizdan, «Bilayn» kompaniyasi 2018-yil 1-fevraldan boshlab kunlik abonent to‘lovi bo‘yicha e’lon qilingan o‘zgarishlar bekor qilinganini ma’lum qildi.

E’londa qayd etilishicha, «Bilayn» tarif rejalari o‘z holatida qoladi. Shuningdek, kompaniya yuqori sifatli xizmatlarni taqdim etishga intilishi, ammo hozir bonuslardan to‘liq foydalanish qiyin bo‘layotganini bildirgan, shu munosabat bilan, narxlar qaytadan ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Shunday qilib, O‘zbekistonning barcha hududlarida davom etadigan tarmoqni kengaytirish ishlari navbatdagi bosqichi tugagunga qadar, abonent to‘lovi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring