Orolbo‘yida tibbiyotning yangi maktabi: robot-jarrohdan xalqaro ta’limgacha
Orolbo‘yida aholi salomatligi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan bir qatorda malakali kadrlar tayyorlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etilmoqda.
Yangi akademiya hududning ekologik, demografik va tibbiy xususiyatlarini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashadi. Bu yerda tibbiyot xodimlariga xalqaro standartlar asosida bilim berish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Akademiyaning rejalashtirilgan quvvati ham salmoqli. Bu yerda yiliga 3 ming nafar shifokor, 6 ming 800 nafarga yaqin o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimining malakasini oshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududlaridan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlash ko‘zda tutilgan. Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o‘rinli mehmonxona tashkil etilgani ham ta’lim jarayonini uzluksiz yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Akademiyada ta’lim jarayoni nazariy bilim bilan cheklanmaydi. Mutaxassislarni real klinik amaliyotga tayyorlash uchun 8 ta simulyasion xona tashkil etilgan. Ularda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyasion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 100 dan ziyod tibbiy amaliyotni xalqaro standartlar asosida bajarish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati mavjud.
Bu yerdagi eng e’tiborli texnologiyalardan yana biri — «Edge Medical» jarrohlik roboti. U orqali nafaqat simulyasion mashg‘ulotlar o‘tkazish, balki real klinik sharoitda masofadan turib yuqori aniqlikda jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratiladi.
Akademiyaning vazifasi faqat tibbiyot xodimlarini o‘qitish bilan cheklanmaydi. Bu yerda ta’lim, ilmiy tadqiqot, klinik amaliyot va raqamli texnologiyalarni yagona tizimga birlashtirish maqsad qilingan.
Xususan, Orolbo‘yi ekotizimidagi o‘zgarishlarning aholi salomatligiga ta’siri, respirator va onkologik kasalliklar, xavfsiz ichimlik suvi, nutritsiologiya, reproduktiv salomatlik hamda ekologik epidemiologiya kabi hudud uchun dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan.
Akademiya xalqaro hamkorlikni ham kengaytirishni maqsad qilgan. Pittsburg va Frayburg universitetlari kabi xorijiy ta’lim va tibbiyot markazlari bilan hamkorlik qilish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro o‘quv kurslarini tashkil etish, telemeditsina va raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Muhimi, bu yondashuvda asosiy e’tibor texnologiyaning o‘ziga emas, undan samarali foydalana oladigan mutaxassisni tayyorlashga qaratilmoqda. Ya’ni shifokor murakkab klinik vaziyatga duch kelishidan avval uni xavfsiz simulyasion muhitda mashq qilishi, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirishi va keyin amaliyotga kirib borishi mumkin.
Orolbo‘yi uchun bu oddiy ta’lim muassasasining tashkil etilishidan ko‘ra kengroq ahamiyatga ega. Zero, hududda zamonaviy tibbiy xizmat sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni kuchaytirish va malakali kadrlarni tayyorlash bir-biri bilan chambarchas bog‘liq jarayon.
Tibbiyotda eng katta sarmoya faqat bino yoki zamonaviy texnologiya emas. Ularni inson hayoti va salomatligi uchun samarali qo‘llay oladigan bilimli, tajribali va malakali mutaxassisdir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter