Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda IT-texnologiyalar, biznes va tadbirkorlikka qiziquvchi qizlar tanlovi boshlandi

O‘zbekistonda IT-texnologiyalar, biznes va tadbirkorlikka qiziquvchi qizlar tanlovi boshlandi

Foto: «Inha.uz»

Xabar berganimizdek, 2018-yilning 19-yanvar kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida «Technovation Uzbekistan Launch Week 2018» keng ko‘lamli tadbir boshlandi.

Har yili «Technovation» xalqaro texnologiya tanlovi, 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun dunyoning 160 mamlakatida o‘tkazilib,  IT-texnologiyalar, biznes va tadbirkorlikka qiziquvchi qizlarni jamlaydi.

«Technovation Challenge» dasturi O‘zbekistonda ikkinchi marta o‘tkazilmoqda. Tanlov «Technovation Uzbekistan Launch Week 2018» tadbiri bilan boshlanadi.

20-21 va 27-28-yanvar kunlari kunduzgi va kechki sessiyalar shaklida bir qator seminarlar va mahorat darslari o‘tkaziladi.

20-21-yanvarda jamoalar dizayn-fikrlash, ijtimoiy tadbirkorlik, jamoani shakllantirish, marketing tadqiqotlari asoslari va boshqa foydali amaliy fanlar bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazilib, yakunda jamoalarga «uy vazifasi» beriladi.

Yaratilgan loyihalar bo‘yicha dastlabki ishlanmalar taqdimoti 27-28-yanvar kunlaridagi sessiyada o‘tkaziladi hamda jamoalar muvofiqlashtiruvchi va mentorlardan maslahatlar oladilar.

Datur doirasida jamoa mentorlari uchun «ustozlar treningi» o‘tkaziladi. Shuningdek, qizlarning ota-onalari uchun trening uyushtirilib, ular STEM-ta’limining ustunliklariga bag‘ishlanadi. Shu bilan birga INHA universiteti va TATUning  ta’lim sohasidagi imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilda «Technovation» mamlakatimizning barcha viloyatlarida tashkil etilib, hududlardagi ishtirokchilar uchun sessiyalar «onlayn» shaklida o‘tkaziladi.

«Technovation Uzbekistan Launch Week 2018» yakunlanishi bilan jamoalar loyihalarini maromiga yetkazish uchun mentorlar ishtirokida mustaqil ishlay boshlaydilar. Tadbirlarning keyingi sessiyasi 2018-yilning mart oyi oxirlariga rejalashtirilgan bo‘lib, unda loyihalarning oraliq natijalari muhokama qilinadi, jamoalar muvofiqlashtiruvchilardan maslahat oladilar, shuningdek, unda mahalliy va xorijiy spikerlarning seminarlari ham o‘rin olgan.

Yakuniy bosqich va tanlov g‘oliblarini aniqlash may oyining o‘rtalariga mo‘ljallangan, hakamlar hay’ati natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan xalqaro tanlovda ishtirok etadigan bir qator jamoalar aniqlanadi.

Tanlovga ro‘yxatdan o‘tish «Technovation Uzbekistan» saytida 10-fevral kuniga qadar davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring