O‘zbekistonlik sun’iy intellekt yetakchilari ro‘yxati tuzildi (top-30)

«Yuksalish» harakati va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) hamkorligida O‘zbekistonda sun’iy intellekt (SI) sohasining rivojlanishi va uni ilgari surishga hissa qo‘shayotgan yetakchi mutaxassislar, olimlar va faollarning ilk milliy «Sun’iy intellekt liderlari» ro‘yxati (top-30) shakllantirildi.
Sun’iy intellekt (SI) imkoniyatlari O‘zbekiston uchun raqamli taraqqiyotning yangi bosqichini ochmoqda. 2024 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi» tasdiqlandi. Ushbu hujjat mamlakatning global raqobatbardoshligini oshirish va intellektual texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirishni maqsad qilgan.
Strategiya doirasida SI asosidagi dasturiy mahsulot va raqamli xizmatlar hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish, ixtisoslashgan ilmiy laboratoriyalar va yuqori samarali server infratuzilmasini tashkil etish, «Hukumatning sun’iy intellekt tayyorgarligi» (Government AI readiness index) xalqaro reytingida jahonning ilg‘or 50 davlati qatoriga kirish, SIni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga joriy etish hamda kadrlar salohiyatini oshirish kabi asosiy yo‘nalishlar belgilangan.
O‘zbekistonda SI turli sohalarda qo‘llanilmoqda. Masalan, MyID va UzFace orqali raqamli identifikatsiya texnologiyalari amaliyotga amaliyotga joriy qilindi, soliq tizimi va davlat xizmatlarida virtual yordamchilar faoliyat yuritmoqda, Palm Pay to‘lov tizimi Toshkent metrosining 12 bekatida joriy etildi. 2024-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston «AI readiness index» xalqaro reytingida 17 pog‘onaga yuqorilab, 70-o‘rinni egalladi va mintaqaviy miqyosda Hindiston hamda Turkiyani ortda qoldirdi. Mamlakat SI sohasidagi startaplar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizimlarni joriy etib, xalqaro tashkilotlar va IT-kompaniyalar bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Reyting maqsadi O‘zbekistonda SI sohasini faol rivojlantirayotgan shaxslarni aniqlash, ularning yutuqlarini e’tirof etish va keng jamoatchilikka tanitishdan iborat. Shu orqali sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mutaxassislarni rag‘batlantirish va yosh avlodning ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish maqsad qilingan.
Reyting quyidagi vazifalarni nazarda tutadi:
- Sun’iy intellekt sohasidagi amaliy yutuq va tajribalarni namoyish etish;
- Mutaxassislar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va motivatsiya berish;
- Yoshlarni SI sohasiga qiziqtirish va jalb etish;
- O‘zbekistonning sun’iy intellekt salohiyatini xalqaro miqyosda ko‘rsatish.
Reyting ikki bosqichda shakllantirildi. Birinchi bosqichda «Yuksalish» harakati AICA bilan hamkorlikda ochiq manbalar (OAV, ilmiy nashrlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar) va Raqamli texnologiyalar vazirligining tavsiyalari asosida 50 dan ziyod nomzodlar ro‘yxatini shakllantirdi. Ikkinchi bosqichda AICAning 1380 nafar rezidenti tomonidan quyidagi 8 ta mezon bo‘yicha har bir nomzod baholandi va qisqa ro‘yxat (short-list) shakllantirildi.
- Amalga oshirilgan SI loyihalarining ta’siri
- Xalqaro hamkorliklar
- Investitsiya jalb qilish qobiliyati
- Milliy strategiyada ishtirok
- Yangi yondashuvlar taklifi
- Ilmiy-ommaviy chiqishlar
- SI sohasida ta’lim va ma’rifat
- Milliy va xalqaro e’tirof
Ro‘yxatga kiritilgan liderlardan biri Akmal Payziyev mamlakatdagi birinchi onlayn taksi (MyTaxi), oziq-ovqat yetkazib berish (Express24), HR avtomatlashtirish (Workly) hamda GPS monitoring (Maxtrack) xizmatlarini yaratgan. U hozirda Kremniy vodiysi (Silicon Valley)da faoliyat yuritmoqda.
O‘zbek tilida IT-kasblarni (dasturlash, Data Science, sun’iy intellekt) o‘rgatuvchi Mohirdev platformasi asoschisi Anvar Narzullayev SI bilan integratsiyalashgan ta’lim yechimlarini joriy etmoqda.
Ro‘yxatda SI yo‘nalishida ilmiy tadqiqot qilayotgan va sohani nazariy jihatdan o‘rganayotgan liderlar borligi alohida e’tirofga loyiq. Ular orasida sun’iy intellekt va kompyuter fanlari bo‘yicha ilmiy daraja va xalqaro tajribaga ega mutaxassis Bunyodbek Ibrohimov, SIni tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘llashga bag‘ishlangan 20 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi va loyihalar asoschisi Dilnoz Muhamediyeva kabilarni sanab o‘tish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter