Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zMobayl» GSM bozoridagi to‘rt yilligini nishonladi (foto)

«O‘zMobayl» GSM bozoridagi to‘rt yilligini nishonladi (foto)

Foto: Ibrohim Dushanov

2015-yilning 15-aprelida «O‘zMobayl» GSM standartidagi tarmog‘ini tijoriy foydalanishga topshirgan edi. Oradan to‘rt yil o‘tdi. Bugun, 18-aprel kuni Toshkentda o‘tkazgan matbuot anjumanida jurnalistlarga o‘tgan yillarda kompaniya tomonidan bajarilgan ishlar va 2019-yil rejalari haqida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda kompaniya ikki tarmoq — UZMOBILE CDMA-450 hamda UZMOBILE GSM tarmoqlarini rivojlantirishda davom etmoqda.

«O‘zbektelekom» AK tijorat direktori v.v.b. Alisher Zufarov:

«Biz O‘zbekistonda GSM standarti yuqori raqobatli bozorga oxiri bo‘lib kirdik. Bu oson kechmadi. Shu qisqa vaqt mobaynida biz nafaqat dongdor va kuchli operatorlar bilan raqobatlasha olishimizni, balki zamonaviy, yuqori tezlikka ega keng UZMOBILE GSM tarmog‘ini qurishga qodir ekanimizni isbotlay oldik. Texnik imkoniyatlarimiz bizga bugungi kunda eng innovatsion xizmatlar va yuqori sifatli arzon tariflarni taqdim etish imkonini berdi.

Hozir mobil aloqa bozorining internet yo‘nalishida aholi uchun ham, korporativ mijozlar uchun ham turli-tuman va foydali tariflarni taqdim etyapmiz. Masalan, internet-paketlar bo‘yicha tarif rejalarimiz — bugungi kunda bozorda eng yaxshisidir».

CDMA dan — Milliy aloqa operatorigacha

Jurnalistlar bilan uchrashuvda «O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filialining tarixi haqida ham so‘z bordi. Eslaydigan bo‘lsak, 2004 yildan boshlab, O‘zbekistonning yetib borish qiyin chekka hududlariga simsiz aloqani ta’minlash uchun CDMA-450 standartida tarmoq qurilgandi. Oradan o‘n yil o‘tib, 2014-yili, hukumat qaroriga muvofiq, filial O‘zbekiston Milliy aloqa operatori deb e’lon qilindi va uning oldiga bir qator davlat vazifalari qo‘yildi.

UZMOBILE CDMA tarmog‘ida 160 mingdan ortiq faol abonentlarga, UZMOBILE GSM tarmog‘ida 3 milliondan ortiq faol abonentlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya O‘zbekistonning barcha mintaqalarida tarmoqlarini kengaytirishni faol davom ettiryapti. Har hafta o‘nlab yangi baza stansiyalari ishga tushirilmoqda, internet tarmog‘i tezligini oshirish uchun modernizatsiya qilinyapti, doimiy ravishda barcha toifadagi abonentlar uchun yangi tariflar va xizmatlar joriy etilmoqda.

UZMOBILE tashqi kanalining tezligi ayni paytda — 30 Gbit/s. Bu abonentlar uchun yanada yuqori tezlikdagi va arzon mobil internet tariflari taqdim etiladi, degani.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, tariflar narxlari internet tezligi va paketlar hajmi oshishiga teskari ravishda — pasaymoqda.  masalan, paketlar hajmi 75 000 MB gacha oshirilgan holatda 1 MB narxi ikki marta pasaytirildi.

Juda faol internet foydalanuvchilari uchun avtomatik ravishda yangilab turiladigan «Internet non-stop» seriyali BARChA paketlar guruhi yangilangan, ushbu paketlardan foydalanishning ikkinchi oyidan boshlab, ularning narxi 10 foizgacha tushiriladi.

Korporativ mijozlar manfaatlari ham kompaniya e’tiboridan chetda qolmayapti. Masalan, aholi va tadbirkorlik subektlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 10-apreldan boshlab, «HUMO GSM» maxsus tarif rejasi va GSM standartidagi korporativ abonentlar uchun «SMS paketlar» yangi xizmati joriy etildi.

UZCARD va UZMOBILE M2M tarif rejalari foydalanuvchilari uchun trafik hajmi 1 apreldan 2,5 barobarga oshirildi.

«O‘zbektelekom» AKning abonentlar uchun «noyob takliflar»i ham bor: masalan, quyidagi raqamlarga imtiyozli «tarmoq ichidagi qo‘ng‘iroqlar»ni amalga oshirish mumkin: GSM standartidagi UZMOBILE tarmog‘i, CDMA-450 standartidagi UZMOBILE tarmog‘i, shuningdek, «O‘zbektelekom» AK qayd etilgan mutlaq raqamlarga.

Matbuot anjumanida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Nukus, Navoiy va Urganch shaharlaridagi xalqaro aeroportlar binolarida UZMOBILE tarmog‘i ichki va tashqi mobil aloqa qamrovi sifati yaxshilangani haqida ma’lum qildi.

2019-yil rejalari

Bu yil UZMOBILE CDMA faol abonentlari sonini 31 foizga (220 ming abonent), UZMOBILE GSM tarmog‘i faol abonentlari sonini 36 foizga (4,6 million abonent) oshirmoqchi. O‘zbekistonning barcha mintaqalarida 2G/3G va 4G texnologiyalari bo‘yicha UZMOBILE tarmog‘ini kengaytirishda davom etmoqda. 2019-yil oxirigacha aholi maskanlarini UZMOBILE tarmog‘i bilan qamrab olish o‘rtacha 87 (GSM) va  90 foizgacha (CDMA) oshiriladi.

Kompaniya rejasiga muvofiq B2B segmenti uchun kompleks yechimlar joriy etiladi: qayd etilgan mutlaq internet, telefoniya, IPTV, mobil aloqa, mijozlar hududida baza stansiyalarini o‘rnatish va boshqa 30 dan ortiq turli korporativ takliflar.

Yaratilayotgan yangi qulayliklar orasida sayyohlar uchun mo‘ljallanganlari ham bor, umuman olganda, bu turizm sohasini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Barcha aeroportlarda, temir yo‘l vokzallarida, avtovokzallarda, diqqatga sazovor hamda eng gavjum hududlarda Wi-Fi zonalari va xizmat ko‘rsatish ofislarini rivojlantirish ishlari ketmoqda.

Davlat segmentining (B2G) har bir sohasi uchun esa personal yechimlar va tariflar ishlab chiqilmoqda.

So‘nggi va muhim yangilik: 2019-yilda «O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filiali tarmog‘ida 5G texnologiyasi testdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Tadbir doirasida UZMOBILE GSM 3-millioninchi abonenti hamda kompaniyaning eng yaxshi hamkor va dilerlari taqdirlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring