Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli texnologiyalar vazirligi Huawei bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi

Raqamli texnologiyalar vazirligi Huawei bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi

Sian shahrida bo‘lib o‘tgan Xitoy-O‘zbekiston biznes forumida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Huawei kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

2023 yil 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Xitoy-O‘zbekiston biznes forumi doirasida Huawei’ning O‘zbekistondagi kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Memorandum AKT infratuzilmasini mustahkamlash va ta’lim muassasalarining raqamli transformatsiyasiga ko‘maklashishga qaratilgan. Imzolash marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Huawei’ning O‘zbekistondagi kompaniyasi bosh direktori janob Chen Szyakay ishtirok etdi.

«Huawei O‘zbekistondagi 24 yillik faoliyati davomida har doim zamonaviy texnologiyalar va yechimlarni taqdim etish uchun mahalliy ekotizim bilan yaqindan hamkorlik qilishga intildi. Ayni paytda O‘zbekiston raqamli transformatsiya sari ildam qadamlar bilan bormoqda. Ekotizim hamkorlari bilan tuzilgan har bir kelishuv intellektual va barqaror infratuzilmani rivojlantirish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi. Umid qilamizki, imzolangan memorandum doirasida biz mamlakatning barcha fuqarolari uchun foydali bo‘lgan raqamli transformatsiya jarayonini jadallashtirishda yordam bera olamiz», — dedi janob Chen Szyakay.

O‘tgan oyda vazir Sherzod Shermatov boshchiligidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT-park va mahalliy aloqa operatorlari vakillaridan iborat delegatsiya Xitoyning Shenchjen shahridagi Huawei kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida kompaniya tomonidan AKT texnologiyalari, jumladan, 5G va 5.5G texnologiyalari, sun’iy intellekt, bulutli hisoblash va energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun raqamli yechimlar sohasidagi innovatsiyalar va tendensiyalar taqdim etildi. Tashrif davomida vazir Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi prezidenti janob Yi Syan bilan ham uchrashdi va AKT sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Huawei kompaniyasi 1987 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoda axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi yechimlari va intellektual qurilmalarni yetakchi yetkazib beruvchi hisoblanadi. Huawei kompaniyasining 170 dan ortiq mamlakat va mintaqalarda 207 000 xodimlari va ofislari mavjud. Kompaniyaning O‘zbekistondagi idorasi 1999 yilda ochilgan. Ayni paytda kompaniyada 400 dan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda, shundan 70 foizi mahalliy ishchilarni tashkil etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring