Rost bilan yolg‘onning chegarasi qayerda?
Zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa, sun’iy intellekt dasturlari insoniyat hayotini aql bovar qilmas darajada o‘zgartirmoqda. Birgina SI vositasida hozirlangan fotosurat yoki videolavhalarni olaylik. Ikki tomchi suvdek o‘xshash materiallar orasidan qay biri sahih, qay biri SI «ijod» mahsuli ekanini daf’atan ajratolmaysiz. SI shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi pallada oqdan qorani, rostdan yolg‘onni ajratish juda ham qiyin, ta’bir joiz bo‘lsa, somon g‘arami orasidan ignani qidirish bilan barobar.
SI insoniyat og‘irini yengil, mushkulini oson qilgani haqrost. Ayni choqda, bu texnika mo‘’jizasi odamzodni ilgari kuzatilmagan muammolarga ham ro‘baro‘ etmoqda. Jumladan, jurnalistika sohasi yangi-yangi xatarlar bilan yuzlashmoqda.
Ostona shahrida joriy yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Raqamli muhit: sun’iy intellekt va axborot manipulyasiyasi zamonida onlayn faoliyat» mavzusidagi III mediaforumda ayni shu kabi masalalar muhokama qilindi. Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi delegatsiyasi Maqsut Narikbayev nomidagi universitet bilan hamkorlikda tashkil etgan ilmiy-amaliy anjumanda Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat yuritib kelayotgan 100 ga yaqin ekspertlar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati namoyandalari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
«Iskandarning shoxi bor»
«Nothing2Hide» (Fransiya) uyushmasi hammuassisi, raqamli xavfsizlik bo‘yicha ekspert Jan-Mark Burginon o‘z ma’ruzasida ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiya, ya’ni haqiqatdan yiroq soxta xabarlar urchib borayotganiga e’tibor qaratdi. Mutaxassisning qayd etishicha, axboriy jamiyatda muxolif fikrlarni jilovlab, bloklab bo‘lmaydi. Shu bois muxolif fikrga toqat qilmaydigan toifa o‘z hariflari, ya’ni raqiblarini dezinformatsiya vositasida obro‘sizlantirishga urinmoqda. Albatta, axborot platformalari orqali nuqul yolg‘on tarqatish ham samara bermaydi. Shu bois dezinformatsiya usulidan foydalanayotgan toifa o‘z auditoriyasiga haqqoniy axborotga berar ekan, ora-chora kishibilmas tarzda soxta ma’lumotlarni (shakar orasida zahar!) ham yoyinlaydi.
«Haqiqat kovushini kiyguncha, yolg‘on yarim dunyoni kezib chiqadi», deydilar. Darhaqiqat, dezinformatsiya nafaqat oddiy aholi, balki ommaviy axborot vositalari xodimlari ham chalg‘itmoqda.
YuNESKO buyurtmasiga asosan IPSOS xalqaro tadqiqot guruhi 2023 yilda dezinformatsiya borasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan edi. Unda 2024 yilda saylov bo‘lib o‘tadigan 16 davlatda yashovchi 8 ming respondent qatnashgan. So‘rovnoma ishtirokchilarining 85 foizi internetda dezinformatsiya avj olganidan xavotir bildirgan, 87 foizi esa dezinformatsiya allaqachon o‘z mamlakati siyosiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etgan.
Ekspert Jan-Mark Burginonning fikricha, SI dasturlaridan foydalanishda tilni tiyish, shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etmaslik ham muhimdir. Iskandarning shoxi borligi haqidagi rivoyat ko‘pchilikka tanish. Jahongir podshohning shoxi borligidan voqif bo‘lib qolgan sartarosh bu sirni quduqqa aytadi. Qarangki, nayga aylangan qamish qaltis sirni yetti iqlimga doston qiladi. SI dasturlarini ham «quduq» deb qabul qilish to‘g‘ri emas. Zero, ularga egalik qilayotgan shirkatlar foydalanuvchining mahrum ma’lumotlarini g‘arazli maqsadda istifoda etishi ehtimoli katta.
Yolg‘on axborotga qarshi kurash faktcheking, ya’ni ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish, tahqiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo bu borada ham bir yoqadan bosh chiqarish, kuchlarni birlashtirish maqsadga muvofiqdir.
«Dezinformatsiya sarhadlar osha butun dunyoga yoyildi. Binobarin, unga qarshi kurashda ham mintaqaviy tarmoqlar, hududiy tizim yaratish lozim. Aks holda, yolg‘on ma’lumotlar qarshisida mag‘lubiyatga uchrashimiz muqarrar», – deydi Jan-Mark Burginon.
Yolg‘onning umri – qisqa
Tyubingen universiteti huzuridagi Ilm-fan va gumanitar fanlarda etika xalqaro markazi (Germaniya) ilmiy xodimi Mariya Paveletsning ma’ruzasi dipfeyklarning (deepfake) siyosat va jurnalistikaga ta’siriga bag‘ishlandi.
Dipfeyk davlat arboblari, mashhur shaxslar, umuman, muayyan bir insonga oid, SI yordamida tayyorlangan soxta foto, audio va videomaterial ekani ma’lum.
Dipfeyklar zamonaviy siyosiy iqlimni o‘zgartirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp 2024 yilning avgust oyida, hali saylov kampaniyasi davom etayotgan pallada «Truth Social» platformasida soxta suratni tarqatdi. Unda amerikalik yulduz Teylor Svift va uning muxlislari saylovda go‘yo Trampni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlanadi. Tramp «Bilsa – hazil, bilmasa – chin» qabilida soxta fotosuratni tarqatgani sabab yuz minglab saylovchi aldangani aniq. Keyinroq xonanda Teylor Svift ijtimoiy tarmoq orqali fotosurat soxta ekani, u aslida saylovda demokratik partiya vakili Kamala Harrisni dastaklashini ma’lum qildi.
Dipfeyklar O‘zbekiston uchun ham yangilik emas. Yodingizda bo‘lsa, joriy yil iyun oyida tarmoqlarda Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyevaning mamlakatimiz fuqarolarini Rossiya armiyasiga yollanishga chorlovchi soxta videosi tarqaldi. Mutaxassislar bu original tasvirning sun’iy intellekt yordamida murakkab tarzda soxtalashtirilgan shakli ekanini oydinlik kiritishdi. Ammo bunga qadar jamoatchilik chandon taraddud va ishtibohlarga tushdi.
Siyosatshunos va dipfeyk bo‘yicha ekspert Mariya Pavelets soxta multimedia mahsulotlari jurnalistlarni obro‘sizlantirish maqsadida ham qo‘llanayotganini tashvishli hol deb baholadi. Bu borada hindistonlik jurnalist Rana Ayyubning kasbiy kechmishini esga olish joiz.
«The Washington Post» sharhlovchisi bo‘lgan Rana Ayyub Hindistondagi inson huquqlari muammolari, millatchilik kabi dolzarb muammolar yuzasidan jurnalist surishtiruvlari, tahliliy-tanqidiy maqolalar e’lon qilgan. Shu bois u trolling (obro‘sizlantirish) va doksing (shaxsiy ma’lumotlarning ommaga tarqatilishi) qurboni bo‘lgan. Jasur jurnalistni jazolash uchun siyosiy guruhlar Rana Ayyub aks etgan pornografik xarakterdagi soxta materiallar tarqatishgan. Tarmoqlarda jurnalistning telefon raqami va uy manzili e’lon qilingan. Oqibatda Rana Ayyubning sha’ni, qadr-qimmati poymol etilgan, hayoti xavf ostida qolgan. 2019 yilda ro‘y bergan va hozirga qadar davom etayotgan Rana Ayyub keysi dipfeyklar OAV erkinligi, jurnalistlar daxlsizligi borasida qanchalar kuchli xatar ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.
Ekspert Mariya Pavelets ushbu xatarnok tendensiya jurnalistlar orasida qo‘rquv va o‘z-o‘zini senzura qilish kuchayishiga olib kelishidan ogohlantiradi. Biroq OAV xodimlari har qanday holatda ham yolg‘on va o‘triklarni yuzaga chiqarishda sobit bo‘lmog‘i shart. Chunki yolg‘on uzoqqa ketsa ham haqiqat baribir uni quvib yetadi.
Devor emas, tegirmon qurmoq kerak
«Har nechuk muyassariyat – mahrumiyat, har nechuk mahrumiyat – muyassariyat», deydi Jaloliddin Rumiy. Shu ma’noda SI dasturlarini ham faqat salbiy rakursda tasvirlash to‘g‘ri emas. Har qancha jiddiy muammolarga doyalik qilayotgan bo‘lmasin, SI «to‘rtinchi hokimiyat» vakillariga yaqin ko‘makdosh ekani ham ayni haqiqat.
«O‘zgarishlar shamoli esganda kimdir devor ko‘tarsa, kimdir tegirmon quradi», deydi xitoyliklar. Demak, zamonaviy texnologiyalardan jamiyat ravnaqi yo‘lida oqilona foydalanish davr talabidir.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ta’kidlanganidek, dipfeyklar, SI yordamida hozirlangan soxta ma’lumotlarga qarshi samarali kurashish uchun qonunchilikni takomillashtirish, texnologik yechimlar taklif etish, mediasavodxonlik va jamiyatning huquqiy madaniyati yuksaltirish, faktcheking madaniyatini oshirish, SI bo‘yicha axloq kodeksini ishlab chiqish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash lozim.
Britaniyalik taniqli olim Richard Sasskind «Sun’iy intellekt: uni qanday tushunish lozim?» degan kitobida bunday yozadi: «SI hayotimizning barcha jabhalarida tub burilishlar yasaydi. Binobarin, uni tushuntirish va muhokama qilishda yangi atamalar, tushunchalar bilan qurollanish maqsadga muvofiqdir. Sun’iy intellektning ta’siri endi faqat inson faoliyatini avtomatlashtirish bilan cheklanmaydi, u bizning yashash va ishlash tarzimizni tubdan o‘zgartirishi hamda hozirgi jamiyatni shakllantirgan uzoq yillik institutlar va tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin. Biz hozircha olamshumul evrilishlar oqibatlarini baholashning dastlabki bosqichidamiz».
Modomiki biz SI taraqqiyotining dastlabki bosqichida ekanmiz, taraqqiyotning yanada kutilmagan «nag‘ma»lari, xatarlari va imkoniyatlariga tayyor turishimiz kerak.
Sobir Salim


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter