Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adrianapolis shahridagi arxeologik topilmalar 5500 yillik jumboqqa yechim bo‘lishi mumkin (foto)

Adrianapolis shahridagi arxeologik topilmalar 5500 yillik jumboqqa yechim bo‘lishi mumkin (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Turkiya hududidagi antik davrga oid Adrianapolis (Hadrianopolis) shahrida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar mintaqa tarixiga oid  ilmiy qarashlarga o‘zgartirib yubordi. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi uyushtirgan press-tur doirasida qadimiy shaharga safar qilgan «Xabar.uz» muxbiri hali keng jamoatchilikka oshkor etilmagan ayrim artefaktlarni suratga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Adrianapolis xarobalari Turkiya shimolidagi Karabuk viloyati hududida, Eskipazar qasabasi yaqinida topilgan. Bu yerdagi so‘nggi arxeologik qazishmalarda Ellin, Rim hamda Vizantiya davriga oid qimmatli eksponatlar topilgan.

Yaqingacha tarixchilar Adrianapolis 2100 yil oldin qurilgan deb kelgan. Arxeologik izlanishlar ko‘hna kent yoshiga yana 3500 yil qo‘shdi. Hududda bir necha yildan beri tadqiqot olib borayotgan Karabuk universiteti olimlari fikricha, antik shaharga  eneolit davrida, 5500 yilcha avval asos solingan.

Foto: «Xabar.uz»

Shaharda 50 mingga qadar aholi yashagan. Bu esa Adrianapolis o‘z davrida megapolis bo‘lganidan dalolat beradi.

Arxeologik qazishmalar payti hududdan nasroniy cherkovlari, hammomlar, mudofaa inshootlari, qal’a devori qoldiqlari, diniy inshootlar, qabrlar va boshqa ashyolar topilgan.

Ibodatxona va uylariga darj etilgan rangli suratlar – mozaikalar g‘oyat qimmatli topilma sanaladi. Masalan, «To‘rt nahr» ibodatxonasida Furot, Dajla daryolari timsollari, Nuh payg‘ambar kemasi haqidagi rivoyatni yodga soluvchi suratlar, qush va hayvonlar tasvirlarini ko‘rish mumkin. Urushu taloto‘plardan omon qolgan suratlar haligacha asliy rang va jozibasini saqlab qolgani favqulodda hayratlanarlidir. Ichimlik suv quvuri, kanalizatsiya tizimi qoldiqlari esa hudud sivilizatsiya o‘choqlaridan bo‘lgani haqidagi fikrni tasdiqlaydi.

Ilk nasroniylikning asosiy ziyoratgohlaridan sanalgan Adrianapolisda qazishma ishlari davom etmoqda.  Karabuk universiteti tadqiqotchilari fikricha, yer ostida hali ochilmagan dafinalar – yangi qatlamlar mavjud. Arxeologik izlanishlar qadimiy tamaddunga doir ko‘plab jumboqlarga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring