AQSh ma’muriyati Tehronning javob zarbasidan xavotirda
AQSh Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar (agar Vashington bunday qaror qabul qilsa) tezkor va hal qiluvchi bo‘lishini hamda uzoqqa cho‘ziladigan urushga sabab bo‘lmasligini talab qilmoqda. Bu haqda NBC News manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp ushbu talabini milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan muloqotda bildirgan. Biroq maslahatchilar prezidentga Erondagi rejim qisqa vaqt ichida qulashiga kafolat berib bo‘lmasligini aytgan. Shuningdek, AQSh ma’muriyati Tehron tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan qattiq javob choralaridan xavotir bildirgan. Bu mintaqadagi Amerika qo‘shinlari va Vashington ittifoqchilariga, jumladan, Isroilga ham ta’sir qilishi mumkin.
The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, agar AQSh Eronga zarba bersa, Tehron ham javob choralarini ko‘rishga tayyor. Shu munosabat bilan yaqinda AQSh va Buyuk Britaniya harbiylariga Qatardagi Al-Udeyd aviabazasini tark etish buyrug‘i berilgan.
NBC manbalarining ta’kidlashicha, Tramp birinchi bosqichda cheklangan harbiy operatsiyani ma’qullashi mumkin, biroq vaziyat keskinlashishi ehtimoli ham saqlanib qoladi.
Shu bilan birga, manbalar Tramp Erondagi namoyishlar kuch ishlatish yo‘li bilan bostirilsa, aralashish bo‘yicha o‘z va’dalariga amal qilishga tayyor ekanini qayd etgan. Vitse-prezident Jey Di Vens raisligidagi yig‘ilishda prezidentga qurbonlar soni bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar taqdim etilgan. Shuningdek, Pentagon yangilangan harbiy ssenariylarni taqdim qilgan. Hozircha aniq qaror qabul qilinmagan.
AQShda joylashgan Human Rights Activist News Agency (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oxiridan boshlangan namoyishlar davomida kamida 2403 kishi halok bo‘lgan, taxminan 18 ming nafar fuqaro hibsga olingan. Osloda joylashgan IHRNGO tashkiloti esa halok bo‘lganlar sonini 3,4 ming nafar deb baholamoqda. Internet aloqasining cheklanishi sababli aniq raqamlarni belgilash qiyin ekani ta’kidlanmoqda.
13 yanvar kuni Detroyt shahriga tashrifi chog‘ida Donald Tramp Eron xalqiga murojaat qilib, ularni namoyishlarni davom ettirishga chaqirgan va «yordam yo‘lda» ekanini aytgandi.
Eron hokimiyati esa keskin inflyasiya va milliy valyuta qadrining pasayishi ortidan boshlangan namoyishlar uchun AQSh va Isroilni ayblamoqda. Tehron rasmiylariga ko‘ra, AQSh harbiy aralashuvi sodir bo‘lsa, Isroil hududi, shuningdek mintaqadagi Amerika bazalari va kemalari «nishonlar»ga aylanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter