AQSh urushni yoz boshigacha yakunlashni istayapti – Zelenskiy
Ukraina prezidentining ma’lum qilishicha, AQSh ma’muriyati urushni yoz boshigacha tugatishni maqsad qilgan va shu yo‘nalishda aniq muzokaralar rejasini taklif etmoqda.
Zelenskiyning aytishicha, AQSh tomoni yangi energetik sulh (energetik ob’yektlarga zarba bermaslik) tashabbusini ilgari surgan va Ukraina bu taklifga rozilik bildirgan. Rossiya delegatsiyasi esa mazkur masala bo‘yicha javobni keyinroq berishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, AQSh ilk bor Ukraina va Rossiya muzokara guruhlarining Amerika hududida uchrashuvini taklif etgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuv taxminan bir haftadan so‘ng Mayamida bo‘lib o‘tishi mumkin. Ukraina o‘z ishtirokini allaqachon tasdiqlagan.
Avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi muzokaralar raundi «yaqin orada» o‘tkazilishini aytgan edi, ammo AQShda uchrashuv o‘tkazilishi haqida gap bo‘lmagan.
Prezident Zelenskiy muzokaralarda hal etilmay kelayotgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, eng murakkab masalalar Ukraina–AQSh–Rossiya ishtirokidagi ehtimoliy uch tomonlama liderlar uchrashuvi doirasida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Donetsk viloyati bo‘yicha Rossiya butun hududni o‘z nazoratiga berishni talab qilayotgan bir paytda, Ukraina «qaysi joyda turibmiz – o‘sha yerda qolamiz» tamoyilini o‘t ochishni to‘xtatish uchun eng adolatli va ishonchli variant, deb hisoblashini yana bir bor tasdiqladi.
«Ukraina Donbass masalasida o‘z pozitsiyasini yana bir bor bildirdi. «Qaysi joyda turibmiz — o‘sha yerda qolamz» tamoyili, bizningcha, bugungi kunda o‘t ochishni to‘xtatish uchun eng adolatli va ishonchli model», – dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, Zelenskiyning aytishicha, AQSh Donbass hududida erkin iqtisodiy zona tashkil etishni murosa varianti sifatida taklif qilmoqda, ammo bu g‘oya na Ukraina, na Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Zaporoje atom elektr stansiyasining kelajagi masalasida ham hozircha ochiq qolyapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter