AQShning Eronga hujumiga Buyuk Britaniya ham qo‘shilmasligi mumkin
Buyuk Britaniya AQShning Eronga qarshi ehtimoliy harbiy zarbasida ishtirok etishi kutilmayapti.
Manbalarga ko‘ra, Eronga birinchi zarba berish Buyuk Britaniyaning xalqaro huquq bo‘yicha talqiniga mos kelmaydi. Ammo agar Qatar yoki mintaqadagi boshqa ittifoqchi davlatlar o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lsa, Britaniya harbiy kuchlari jarayonga jalb qilinishi mumkin.
O‘tgan hafta Qatarga joylashtirilgan Qirollik harbiy-havo kuchlari (RAF)ning 12-eskadrilyasi – Qatar harbiy-havo kuchlari bilan qo‘shma bo‘linma Angliyaning Linkolnshir grafligidan Qatarga ko‘chirildi. Bu paytda AQSh Eronga qarshi ehtimoliy zarba uchun mintaqada katta harbiy kuch to‘playotgan edi.
Britaniya manbalarining aytishicha, eskadrilya Qatar tomonining iltimosi bilan joylashtirilgan bo‘lib, maqsad — mintaqadagi eng yirik AQSh aviabazasi joylashgan davlatni ehtimoliy dron va raketa hujumlaridan himoya qilish.
Shu oy boshida Eron agar Tramp mamlakatdagi noroziliklar fonida Eronni bombalagan taqdirda, mintaqada joylashgan AQSh bazalari – ularda oz sonli britan harbiylari ham bor – javob zarbalari ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Xitoyga safari chog‘ida Eron atrofidagi inqiroz kuchayib borayotgani haqida so‘ralganda, AQShning ehtimoliy harbiy harakatlari haqida taxmin yuritishdan bosh tortdi. U asosiy e’tiborni Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish masalasiga qaratdi.
«Asosiy muammo – Eron yadroviy dasturga ega bo‘lmasligini ta’minlash. Bu borada barchamiz bir fikrdamiz va ittifoqchilar bilan shu yo‘nalishda ishlayapmiz», – dedi Starmer.
2024 yil aprel va oktyabr oylarida Eron tomonidan amalga oshirilgan dron va raketa hujumlari paytida Buyuk Britaniya Isroilga o‘zini himoya qilishda yordam bergan davlatlar qatorida bo‘lgan. Aprel oyida britan qiruvchi samolyotlari bir nechta eron dronlarini urib tushirgan, oktyabrda esa RAF ishtiroki minimal bo‘lgan.
Typhoon samolyotlari asosan Qatar yoki boshqa ko‘rfaz davlatlarini dron va qanotli raketalardan himoya qilishga mo‘ljallangan. Ballistik raketalar esa juda yuqori tezlikda uchishi sababli, qiruvchi samolyotlar tomonidan urib tushirilishi mumkin emas – bu faqat AQShning Patriot yoki THAAD kabi maxsus havo mudofaa tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Qatardagi Al-Udeid aviabazasi Yaqin Sharqdagi eng yirik AQSh harbiy ob’yekti hisoblanadi. U yerda taxminan 10 ming nafar AQSh harbiylari joylashgan va baza AQSh Markaziy qo‘mondonligining shtab-kvartirasi vazifasini bajaradi. Shu oy boshida u yerda taxminan 100 nafar britan RAF xodimi bo‘lgan, ammo keskinlik avj olgan paytda ularning aksariyati evakuatsiya qilingan.
Shuningdek, AQSh harbiy-havo kuchlariga tegishli F-15 qiruvchi samolyotlari Angliyaning Suffolk grafligidagi Leykenxit bazasidan Iordaniyadagi Muwaffaq Salti aviabazasiga ko‘chirildi. Mutaxassislar fikricha, ularning asosiy vazifasi Eronga hujum qilish emas, balki ehtimoliy javob zarbalariga qarshi Iordaniya, Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlarini himoya qilishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchilari — Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Eronga zarba berilgan taqdirda Vashingtonga yordam berishdan bosh tortgani xabar qilingan edi.
Manba: theguardian.com


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter