Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Armaniston Yevroittifoqqa a’zolik uchun ariza berish jarayonini boshlaydi

Armaniston Yevroittifoqqa a’zolik uchun ariza berish jarayonini boshlaydi

Armaniston yaqin vaqtda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza berish jarayonini boshlaydi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan parlamentda hukumatning 2026–2031 yillarga mo‘ljallangan dasturini taqdim etish chog‘ida ma’lum qildi. 

Pashinyanning aytishicha, YeIga a’zolik masalasida referendum o‘tkazish muhokamalar muayyan bosqichga yetgan va integratsiya bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash imkoni paydo bo‘lgan taqdirdagina maqsadga muvofiq bo‘ladi.

«Bu savollarga javob berish uchun Armaniston, avvalo, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha rasmiy murojaat taqdim etishi kerak. Bu katta hajmdagi ishni talab qiladigan jarayon va biz yaqin vaqtda uni boshlaymiz», – dedi Pashinyan.

U bu jarayonni boshlashda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkor davlatlarning chaqiriqlari ham inobatga olinishini qayd etdi.

Armaniston parlamenti 2025-yil 26-mart kuni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan edi.

Shundan so‘ng Yerevan va Bryussel o‘rtasidagi munosabatlar yanada faollashdi. Tomonlar xavfsizlik va mudofaa, energetika, transport, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilib kelmoqda.

Biroq Armaniston hozircha YeIga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza bermagan.

YeOII davlatlari referendum o‘tkazishni taklif qilgan

29-may kuni Astanada o‘tkazilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rahbarlari qo‘shma bayonot qabul qilgan.

Unda Armaniston Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yoki YeOII tarkibida qolish masalasini umumxalq referendumi orqali hal qilishi zarurligi haqidagi pozitsiya qo‘llab-quvvatlangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Armanistonning YeI bilan integratsiyasi YeOII doirasidagi hamkorlik va mavjud imtiyozlardan voz kechishni anglatishi mumkinligini aytgan.

11-avgust kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin ham Armaniston YeIga qo‘shilish yoki YeOIIda qolish masalasi bo‘yicha qaror qabul qilishi kerakligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala dekabr oyida YeOII davlat rahbarlari uchrashuvida muhokama qilinishi mumkin.

Pashinyan esa avvalroq referendum faqat Armaniston YeIga a’zolik uchun rasmiy murojaat qilib, integratsiyaning aniq shartlari va «yo‘l xaritasi» ma’lum bo‘lganidan keyin o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring